Buyuk Britaniyadagi kutubxonadan Navoiyning to‘rtta qo‘lyozmasi topildi

Buyuk Britaniyadagi kutubxonadan Navoiyning to‘rtta qo‘lyozmasi topildi

Toshkentda bo‘ladigan «O‘zbekistonning madaniy merosi jahon to‘plamlarida» loyihasining 2018 yil yakunlari va 2019 yil uchun «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqishga bag‘ishlangan xalqaro multimedia forumida 300 dan ortiq olimlar, mutaxassislar, ekspertlar ishtirok etishi kutilmoqda. Bu haqda «Muslim.uz» xabar berdi.

O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi tashabbusi bilan bir qator hamkor tashkilotlar ko‘magida tashkil etilayotgan ushbu tadbirda xorijiy mamlakatlarning kutubxonalari, muzeylari, ilmiy muassasalari, shaxsiy kolleksiyalaridan topilgan yangi osori atiqalar haqida batafsil ma’lumot beriladi.

Shunday nodir topilmalardan biri mutafakkir Mir Alisher Navoiyning Buyuk Britaniyadan topilgan, uning tiriklik paytida ko‘chirilgan noyob qo‘lyozmasidir.

O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi boshqaruvi raisi, «O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida» loyihasi rahbari Firdavs Abduxoliqov bu haqda shunday dedi:

Mazkur qo‘lyozmalar ‘Xamsa’ beshligi tarkibiga kirgan, alohida muqovalangan dostonlar bo‘lib, XV asr oxiri XVI asr boshlaridan Hirotda, temuriy shahzoda, Husayn Boyqaroning katta o‘g‘li Badiuzzamon Mirzo topshirig‘iga ko‘ra, Alisher Navoiyga tuhfa qilish uchun ko‘chirilgan. Bu qo‘lyozmalar Buyuk Britaniyaning Oksford shahridagi Bodlean kutubxonasida saqlanmoqda. Biz bu yerda faqat to‘rtta dostonni topa oldik. Demak, ulardan yana biri qayerdadir bo‘lishi kerak. Kitoblar juda chiroyli bezatilgan, alohida did va mahorat bilan ko‘chirilgan. Qo‘lyozmalar Navoiy asarlarining asosiy kotibi Sulton Ali Mashhadiy tomonidan ko‘chirilgan, miniatyuralarni Kamoliddin Behzod ishlagan bo‘lishi haqiqatga yaqin. Hali bu asarlar tegishli mutaxassislar tomonidan jiddiy o‘rganilishi, tadqiq etilishi lozim. Chunki biz bu topilmalar haqida taniqli navoiyshunos olimlarimizga aytganimizda, ular hayratda qolishdi. Buni qarangki, shu paytgacha bu qo‘lyozmalar adabiyotshunoslar uchun sir bo‘lib kelgan. Biz kelgusida, albatta, buyuk bobolarimizga tegishli bu javohirlarning asliyatdan qolishmaydigan faksimile nusxalarini tayyorlab, tuhfa etamiz. Forumning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, unda ishtirokchilar xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan «Katta Langar Qur’oni», «Devoni Husayniy», «Me’rojnoma», «Zafarnoma», «Temur tuzuklari», «Ravzat us-safo» kitoblari bilan tanishishga muvaffaq bo‘ladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!