Yumshoq kontakt linzadan foydalanganda ko‘zda nega noqulaylik seziladi?

Yumshoq kontakt linzadan foydalanganda ko‘zda nega noqulaylik seziladi?

Yumshoq kontakt linzalar — ba’zi ko‘z xastaliklarini davolashning qulay, zamonaviy va arzon usuli hisoblanadi. Ushbu mahsulotning afzalliklari bois bugun ko‘pchilik bemorlar ko‘zoynak taqishni xohlamaydi.

Biroq ushbu vosita ham kamchiliklardan xoli emas. Xususan, ayrim bemorlar undan foydalanganda turli noqulayliklarni his etadi.

Xo‘sh, buning sabablari nimada?

Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati ushbu mavzuda Respublika ko‘z kasalliklari klinik shifoxonasi bosh shifokori Otabek Ikromovga murojaat qildi.

— Avvalo, ob-havo va iqlim hamda ish sharoiti uchun noto‘g‘ri tanlangan linzalar bunga sabab bo‘lishi mumkin, — deydi shifokor. — Qolaversa, turli ko‘z kasalliklari, xususan, shox pardaning shikastlanishi, kon’yunktivit, ko‘zning jarohat olishi, yallig‘lanishi va boshqa yuqumli xastaliklar ham ba’zan bu noqulaylikni yuzaga keltiradi.

Shuningdek, ko‘zni namlovchi suyuqlikning yetarli darajada ishlab chiqarilmasligi, linzani almashtirish yoki taqish jadvaliga rioya qilmaslik, va eng asosiysi, mutaxassis tavsiyalariga quloq tutmaslik ushbu muammoga sabab bo‘ladi.

Bunday vaqtda bemorlarda ko‘pincha quyidagi holatlar kuzatiladi:

📌 ko‘z og‘rig‘i;
📌 ko‘zda begona jismni his qilish;
📌 qizarish va yiringlash;
📌 fotofobiya (yorug‘likka yuqori sezuvchanlik);
📌 ko‘zdan atipik oq shilimshiq moddaning oqishi va hokazo.

Noqulaylikning bir marta yuzaga kelishi ba’zan yumshoq kontakt linzalari bilan bog‘liq bo‘lmasligi mumkin. Chunki u ilk bor qo‘llanilganda, tana moslashish davrini boshdan kechiradi. Bu vaqtda ko‘zda biroz og‘riq paydo bo‘lishi normal holatdir.

Qolaversa, linza to‘g‘rilanayotganda ko‘zda begona jism his qilish, yosh oqishining ko‘payishi kuzatiladi.

Shuningdek, muayyan ob-havo sharoitida, masalan, kuchli shamol, sovuq havo yoki qor yog‘ayotganda, kondisioner yoki isitish tizimi ishlab turgan ofislarda ham inson linza sababli ko‘zida og‘riq sezishi mumkin. Bu esa ushbu vosita bilan bog‘liq holat emas.

Ammo, agar bir haftadan ortiq vaqt bemor bu muammolardan xalos bo‘lmasa, darhol linzani o‘rnatuvchi mutaxassisga murojaat qilishi lozim. Ehtimol, ushbu vosita noto‘g‘ri tanlangan bo‘lishi mumkin.

Mutaxassis esa uni tanlashda nafaqat ko‘zning anatomik xususiyatlari, balki bemorning ish sharoitini ham hisobga olishi zarur.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!