Xorazmlik erkak nega oqlandi?

Xorazmlik erkak nega oqlandi?

Jinoyat ishlari bo‘yicha Xorazm viloyat Yangiariq tuman sudining 2017 yil 6 maydagi hukmiga ko‘ra, A. O‘zbekiston Respublikasi JK 189-moddasining   1-qismi, 227-moddasining 1-qismi, 228-moddasi 2-qismining “a,b” bandlari, 228-moddasining 3-qismi bilan aybli deb topilib, JKning 59-moddasi tartibida ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Sud xukmiga ko‘ra, A. tovarlar savdosi yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini juda ko‘p miqdordagi qiymatda buzish, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning qat’iy hisobidagi hujjatlarni g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda yashirish va bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, takroan o‘zi foydalanishi maqsadida muayyan huquq beradigan yoki muayyan majburiyatdan ozod etadigan rasmiy hujjatlar tayyorlash va hujjatning qalbaki ekanligini bila turib, undan foydalanish jinoyatlarini sodir etgan.

Jumladan, A. “Asqarbek-Xusnibonu” fermer xo‘jaligi rahbari lavozimida oziq-ovqat mahsulotlari bilan chakana savdo qilish faoliyati bilan shug‘ullanib kelib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 5 avgustdagi “Pul mablag‘larini bankdan tashqari muomalasini yanada qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 280-sonli qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 13 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalarini hamda O‘zbekiston Respublikasida umumiy ovqatlanish mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 75-sonli qarorining
1-ilovasidagi “O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari”ning 189-bandi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 26 apreldagi PQ-1326-sonli qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 17 noyabrdagi “Fiskal xotiraga ega bo‘lgan nazorat kassa mashinalarini qo‘llanilishini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 305-sonli qarori hamda O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksining 72-moddasidagi “Respublika hududida naqd pulda hisob-kitob qilish bilan tovarlarni realizasiya qilish, ishlar bajarish, xizmatlar ko‘rsatish davlat reestriga kiritilgan fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalarini majburiy qo‘llagan holda amalga oishiriladi” - deb qayd qilingan talablarini qo‘pol ravishda buzib, 2012 yil 1 yanvardan 2016 yil 1 oktyabr kuniga qadar bo‘lgan davrda 1.139.200 so‘mlik go‘sht mahsulotlarini nazorat kassa mashinasi yoki unga tenglashtirilgan cheklardan foydalanmasdan naqd pulga sotib, naqd pul mablag‘ini bankdagi hisob raqamiga topshirgan bo‘lsa, 1.172.446.000 so‘mlik go‘sht mahsulotlarini nazorat kassa mashinasi yoki unga tenglashtirilgan cheklardan foydalanmasdan naqd pulga sotib va xizmat ko‘rsatib, nazorat kassa mashinasini majburiy qo‘llamasdan, savdo va xizmat ko‘rsatishdan tushgan jami 1.173.585.200 so‘m naqd pul mablag‘larini nazorat kassa mashinasiga kirim qilmasdan va bank muassasasiga topshirmasdan savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalarini juda ko‘p miqdordagi qiymatda qasddan buzgan.

Shuningdek, A. “Asqarbek-Xusnibonu” fermer xo‘jaligi rahbari lavozimida ishlab kelib, fermer xo‘jaligining qat’iy hisobidagi hujjatlari, ya’ni 2012-2015 yillardagi va 2016 yil 31 oktyabr kuniga qadar bo‘lgan go‘sht mahsulotlarini chiqim qilinishi bo‘yicha rasmiylashtirilgan umumiy yig‘ilish bayonnomalari va dalolatnomalarning aslini tergovga taqdim qilmasdan g‘arazgo‘ylik va boshqa past niyatlarda yashirgan.

Bundan tashqari, A. bir guruh shaxslar, ya’ni P., Z., R., va S. bilan oldindan til biriktirib, o‘ziga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergovda foydalanishi maqsadida muayyan huquq beradigan va muayyan majburiyatdan ozod etadigan, rasmiy hujjat hisoblangan “Asqarbek-Xusnibonu” fermer xo‘jaligining 2012-2015 yillarda va 2016 yil
31 oktyabr kuniga qadar go‘sht mahsulotlarini chiqim qilinishi bo‘yicha qalbaki umumiy yig‘ilish bayonnomalari va dalolatnomalarni takroran tayyorlab va qalbakilashtirib, ushbu hujjatning qalbaki ekanligini bila turib, taftishda aniqlangan summani kamaytirishga va tergovni chalg‘itishga urinib, foydalangan. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2014 yil
23 maydagi “Sud hukmi to‘g‘risida”gi 7-sonli Qarorining 4-bandida sudlarga berilgan raxbariy tushuntirishlarga muvofiq, ish bo‘yicha hukm ish materiallarida ma’lum bo‘lib qolgan barcha kamchiliklar to‘ldirilgandan keyingina chiqarilishi mumkinligi, ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlar sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqqilishi kerakligi, sudlanuvchini jinoyatni sodir qilganligini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan har bir dalil, JPKning 95-moddasiga muvofiq ishga aloqadorligi, maqbulligi va ishonchliligi nuqtai nazaridan baholanishi lozimligi, dalillarni baholash jinoyat ishi uchun ahamiyatli bo‘lgan mavjud holatlar haqidagi xulosalarni tasdiqlovchi, rad etuvchi yoki shubha ostiga oluvchi faktlar yoki narsalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aks ettirgan taqdirdagina ishga aloqador deb e’tirof etilishi, hukmda sudlanuvchining jinoiy harakatlarini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan dalillarga asoslanganda, sud ularning mazmunini yoritishi va tegishli baho berishi lozimligi ko‘rsatilgan.

Biroq, birinchi instansiya sudi sudlanuvchiga nisbatan ayblov hukmi chiqarishda qayd etilgan Qonun talablari va Oliy sud Plenumining rahbariy tushuntirishlariga rioya qilmagan.

Dastlabki tergov va sud muhokamasida so‘roq qilingan A. Yangiariq tumanidagi “Asqarbek-Xusnibonu” fermer xo‘jaligida 2011 yildan buyon rahbar lavozimida faoliyat yuritib kelgani, 2 nafar ishchisi borligini, o‘zi fermer xo‘jaligiga qarashli go‘sht sotish shahobchasida qoramollarni so‘yib go‘sht mahsulotlari  sotishi, Yangiariq tumanidagi “Samara universal servis” fermer xo‘jaligiga qarashli kushxonada 2012-2016 yilning 10 oyi davomida jami so‘yilgan 538 bosh qoramoldan 392 tasi fermer xo‘jaligiga tegishli ekanligi, qolgan qoramollar tanishlari, qarindoshlariga tegishli bo‘lib fuqarolarning iltimosi bo‘yicha so‘yib, xizmat ko‘rsatgani,
2012-2016 yilning 10 oyi davomida fermer xo‘jaligining faoliyati davomida jami 319.700.000 so‘m miqdorda sof foyda olib, har yil yakuni bo‘yicha davlat soliq inspeksiyasiga bergan hisobotida ko‘rsatib kelgani, fermer xo‘jaligi ta’sischisining talabiga asosan har yilda olingan daromad summasini fermer xo‘jaligida ishlab chiqilgan go‘sht mahsulotlarining ishlab chiqarish tannarxi asosida ta’sischilarning ehtiyoji uchun chiqim qilib kelgani, fermer xo‘jaligida o‘tkazilgan tekshirishda va tergov jarayonida fermer xo‘jaligining 319.700.000 so‘m naqd pullar fermer xo‘jaligining nazorat kassa mashinasidan o‘tkazilmasdan bankka topshirilmagan deb noto‘g‘ri e’tirof qilingani, bundan tashqari,
2012-2016 yilning 10 oyi davomida kushxonada so‘ygan 146 bosh qoramollarni fermer xo‘jaligining turg‘un savdo shahobchasida sotmaganligi haqida ko‘rsatuvlar bergan.

Qonunning mazmuniga ko‘ra, hujjatlarni yashirish deganda, ulardan xizmat maqsadlariga foydalanish uchun manfaatdor shaxs yoki tashkilotlarga qisman yoki umuman taqdim etmaslik tushuniladi. Buning natijasida hujjat taqdim qilinishi lozim bo‘lgan tegishli shaxslar yoki tashkilotlar shu hujjatlar bo‘yicha qarorlar qabul qila olmaydilar. Mazkur jinoyat sub’ektiv tomonidan to‘g‘ri qasd bilan sodir qilinib, aybdor g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda (o‘ch olish, hasad, shuhratparastlik, mulkiy majburiyatlarni bajarishdan bosh tortish va hokazolar) harakat qilgan bo‘lishi lozim.

Biroq, jinoyat ishi materiallarida A.ning ushbu hujjatlarni g‘arazgo‘ylik va boshqa past niyatlarda yashirganligini asoslovchi dalil mavjud emas.

Chunonchi, ish hujjatlaridan ko‘rinishicha, dastlabki tergov davrida
A.tomonidan fermer xo‘jaligining 2012-2015 yillardagi va 2016 yil
31 oktyabr kuniga qadar bo‘lgan go‘sht mahsulotlarini ta’sischilarga foyda hisobidan chiqim qilingani, go‘shtni tabiiy kamayishi hisobiga va fermer xo‘jaligi ishchi xizmatchilariga chiqim qilinganiga doir umumiy yig‘ilish bayonnomalari, dalolatnomalarning nusxalarini taqdim qilingan. Ularning asliga to‘g‘riligi fermer xo‘jaligining muhri bilan tasdiqlangan. Hujjatlarda umumiy yig‘ilish o‘tkazilgan sana hamda qatnashgan shaxslar, xarajatga chiqarilgan go‘sht mahsulotlarining miqdori va chiqim qilish sanasi haqida ma’lumotlar mavjud.

Mazkur holatda, dastlabki tergov organi A.Asqarov tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning nusxasi asosida ham “Asqarbek-Xusnibonu” fermer xo‘jaligida go‘sht mahsulotlarining chiqim qilinishiga oid faoliyati bo‘yicha xulosa qilish uchun real imkoniyatga ega bo‘lgan.

Birinchi instansiya sudi garchi A.ni hujjatlarni qalbakilashtirganlikda va undan foydalanganlikda aybli deb topgan bo‘lsada, jinoyat ishida mazkur holatni tasdiqlaydigan dalillar mavjud emas. Chunonchi, birinchi instansiya sudi o‘z hukmida tegishli hujjatlarning soxtaligi nimadan iborat bo‘lib, qanday asoslarga ko‘ra ularda haqiqiy voqelik aks ettirilmaganligini, qalbakilashtirilgan degan xulosaga kelganligini ko‘rsatmagan.

Vaholanki, ish bo‘yicha dastlabki tergov davrida guvoh tariqasida so‘roq qilingan, “Asqarbek-Xusnibonu” fermer xo‘jaligining ta’sischisi P., ishchilari Z. bilan R. 2012-2015 yillardagi va 2016 yil 31 oktyabr kuniga qadar bo‘lgan vaqt mobaynida har oyning oxirida umumiy yig‘ilishlar fermer xo‘jaligida o‘tkazilganligi, go‘sht mahsulotlarini ta’sischilarga foyda hisobidan chiqim qilingani, go‘shtni tabiiy kamayishi hisobiga va fermer xo‘jaligi ishchi xizmatchilariga chiqim qilinganiga doir umumiy yig‘ilish bayonnomalari va dalolatnomalari tuzilganligi, hujjatlarni A. kompyuterda o‘zi yozganligi, hujjatlarni imzolaganliklarini bildirib, ulardagi holatlar haqoniyligini tasdiqlab ko‘rsatuvlar berganlar. Ishda ushbu guvohlarning ko‘rsatuvlarini rad etuvchi yoki shubha ostiga oluvchi dalillar mavjud emas. Ish bo‘yicha sud-xatshunoslik ekspertizasi o‘tkazilmagan va qalbakilashtirish holati aniqlanmagan.

Ish bo‘yicha o‘tkazilgan sud-iqtisodiy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, go‘sht mahsulotlarini ta’sischilarga foyda hisobidan chiqim qilingani, go‘shtni tabiiy kamayishi hisobiga va fermer xo‘jaligi ishchi xizmatchilariga chiqim qilinganiga doir umumiy yig‘ilish bayonnomalari va dalolatnomalari rasmiy hujjat hisoblanishi ko‘rsatilgan.

Bunday vaziyatda, birinchi instansiya sudining A. go‘sht mahsulotlarini chiqim qilinishi bo‘yicha qalbaki umumiy yig‘ilish bayonnomalari va dalolatnomalari tuzganligi, hujjatlarni qalbakilashtirganligi to‘g‘risidagi xulosasi faqat taxminga asoslanib, qonunning hukm taxminlarga asoslanishi mumkin emasligi to‘g‘risidagi talablariga javob bermaydi.

O‘zbekiston Respublikasi JPKning 23-moddasiga ko‘ra, aybdorlikka oid barcha shubhalar, basharti ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi lozim.

Ish bo‘yicha guvoh tariqasida so‘roq qilingan Yangiariq tuman veterenariya bo‘limi shifokori ushbu jinoyat ishi bo‘yicha ma’lumotnoma taqdim qilgani, A.ning qoramol so‘yishga maxsus ruxsatnomasi bo‘lganligi sababli kushxonada qoramol so‘yib kelgani, A. tomonidan 2012 yil yanvar oyidan 2016 yil 1 oktyabr oyigacha jami 538 ta qoramol so‘yilganligi, ushbu qoramollar A.ning o‘ziga yoki boshqa fuqarolarga tegishli ekanligi xususida aniq fikr ayta olmasligi, shuningdek, A. tomonidan so‘yilgan ushbu qoramollarning go‘shti savdoga chiqarilgani bo‘yicha ham ma’lumotga ega emasligi, chunki bo‘lim tomonidan buning hisobi yuritilmasligi haqida ko‘rsatuvlar bergan.

Ish bo‘yicha guvoh tariqasida so‘roq qilingan, Yangiariq tuman veterinariya bo‘limi qoshidagi veterinariya sanitariya ekspertizasi laboratoriyasi mudiri qoramollar kushxonada so‘yilib, bozor hududiga sotish uchun olib kelinsagina bozordagi bo‘lim laboratoriyasidan so‘yilgan qoramol go‘shti va barcha a’zolari veterinariya sanitariya ekspertizasidan o‘tkazilishi, “Asqarbek Xusnibonu” fermer xo‘jaligiga qarashli savdo shaxobchasida sotilgan go‘sht mahsulotlari bo‘yicha VSE laboratoriya xulosalarini berib kelganligi, sotilgan go‘sht mahsulotlari bo‘yicha ma’lumotlarni VL-20-sonli jurnalga ro‘yxatga olib kelganligi to‘g‘risida ko‘rsatuvlar bergan.

Ish bo‘yicha guvoh tariqasida so‘roq qilingan Yangiariq tuman
DSI xodimi fermer xo‘jaligi tomonidan buzilgan deb topilgan savdo qoidalarining qiymati 538 ta qoramol go‘shtining miqdori, ya’ni 136.812 kg. go‘shtning bozor bahosidan hisoblangani, biroq ushbu go‘sht mahsulotining barchasi savdoga chiqarilganini aniq bilmasligi, chunki bu bo‘yicha tegishli hujjatlar yo‘qligi haqida ko‘rsatuvlar bergan.

Mazkur jinoyat epizodi bo‘yicha A. va uning advokati tomonidan 30 ga yaqin fuqarolarning tushuntirish xatlari o‘rganish uchun taqdim qilingan bo‘lib, A.ning kushxonada fuqarolarga to‘y va marakalar uchun qoramollar so‘yib berganligi, ushbu qoramollarning go‘shtlari sotuvga chiqarilmaganligi to‘g‘risidagi vajlari tekshirib ko‘rilmagan va ish holatlari aksincha bo‘lganligi tasdiqlanmagan.    

Jinoyat ishida ham A. tomonidan tegishli davrda kushxonada so‘yilgan 538 bosh qoramol go‘shtining barchasi savdoga chiqarilganligini tasdiqlovchi dalil mavjud emas. Chunonchi, real holatda qoramollar kushxonada so‘yilgan bo‘lsada, tegishli veterinariya xulosasi olinmasdan turib sotuvga chiqarilishi mumkin emas edi. Sudlov hay’ati, bunday vaziyatda, dastlabki tergov organi va birinchi instansiya sudining 538 bosh qoramol go‘shtining barchasi savdoga chiqarilganligi to‘g‘risidagi xulosasini taxminga asoslangan deb topadi va u bilan qo‘shila olmaydi.

Shu bilan birga, mazkur holat bo‘yicha Yangiariq tuman Veterinariya VSE laboratoriyasi tomonidan berilgan ma’lumotnomaga ko‘ra, “Asqarbek Xusnibonu” fermer xo‘jaligi tomonidan 2012-2015 yillar va 2016 yilning 10 oyi davomida jami 392 bosh qoramol so‘yilib, bozor hududidagi savdo shahobchasiga jami 1.771.512.000 so‘mlik 99.658 kg. go‘sht mahsuloti savdoga chiqarilganligi aniqlangan. Shundan 1.317.445 so‘mlik go‘sht maxsuloti bank hisob raqamiga kirim qilingan. Qolgan qoldiq 454.067.000 so‘mni tashkil qilgan.

Sudlov hay’ati, yuqorida qayd qilingan ma’lumotlardan kelib chiqib, A.tomonidan 2012-2015 yillar va 2016 yilning 10 oyi davomida jami
392 bosh qoramol so‘yilgan deb topgan.

O‘z navbatida, ish bo‘yicha o‘tkazilgan sud-iqtisodiy ekspertizasining 2017 yil 30 yanvardagi 12-14/17-sonli xulosasiga ko‘ra, tuzilgan umumiy yig‘ilish bayonnomalari va dalolatnomalari boshlang‘ich buxgalteriya hujjati sifatida tovar moddiy boyliklarni chiqim qilishga asos bo‘luvchi hujjat hisoblanib, mazkur hujjatlarda mahsulotning tannarxi ko‘rsatilmasdan, raqamlanmagan bo‘lsada, biroq xo‘jalik operasiyasining mazmuni, mahsulotning natura holdagi miqdori, hujjatni bajargan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjudligi sababli buxgalteriya hisobining hisob registrlarida hisobga olinib aks ettirilishi mumkinligi ko‘rsatilgan.

Ish bo‘yicha guvoh tariqasida so‘roq qilingan, ekspert o‘z xulosasini tasdiqlab, tergov organi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishga asos bo‘lgan tuman veterinariya bo‘limining qancha miqdorda mol so‘yilgani va uning kilogrammi ko‘rsatilgan ma’lumotnomasi go‘sht mahsuloti savdoga chiqarilganligini tasdiqlovchi hujjat hisoblanmasligi, ishda go‘sht mahsulotlarini savdoga chiqarilganligini tasdiqlovchi hujjatlar ya’ni hisob faktura, dalolatnoma yoki ichki xati mavjud emasligini bildirgan.

  Mazkur jinoyat epizodi bo‘yicha, A.ning 2012-2016 yilning 10 oyi davomida fermer xo‘jaligining faoliyati davomida jami 319.700.000 so‘m miqdorda sof foyda olib, har yil yakuni bo‘yicha davlat soliq inspeksiyasiga bergan hisobotida ko‘rsatib kelgani, fermer xo‘jaligi ta’sischisining talabiga asosan har yilda olingan daromad summasini fermer xo‘jaligida ishlab chiqilgan go‘sht mahsulotlarini ta’sischilarning ehtiyoji uchun chiqim qilib kelgani, fermer xo‘jaligi tomonidan sotuvga chiqarilmasdan xo‘jalik ishchilari va hasharchilariga issiq ovqat uchun, fermer xo‘jaligi ta’sischisiga chiqim qilingan va kamayishga hisoblangan go‘sht miqdorlari hisobga olinmaganligi, fermer xo‘jaligining faoliyati haqqoniy deb topilgani, hisobotlar soliq organlari tomonidan to‘g‘ri deb qabul qilinganligi, tadbirkorlik faoliyati tavakkalchilik asosida yuritilib, olingan foydasini oilasiga, yaqinlariga va o‘zi xoxlaganicha tasarruf etishga haqli ekanligi, bunday faoliyat xo‘jalik Nizomi asosida yuritilganligi haqidagi ko‘rsatuvlari rad qilinmagan, holat aksincha bo‘lganligi isbotlanmagan.

Chunonchi, A.ning yuqoridagi ko‘rsatuvlari, jinoyat ishi hujjatlarida  “Asqarbek Xusnibonu” fermer xo‘jaligining tegishli yillar davomida
300.000.000 dan ortiq sof foyda bilan chiqqanligi va xo‘jalikda o‘tkazilgan soliq tekshiruvlarining xulosalari bilan tasdiqlanadi.

Ish bo‘yicha Yangiariq tuman DSI xodimlari tomonidan 2017 yil
1 fevralda o‘tkazilgan “Asqarbek Husnibonu” fermer xo‘jaligida o‘tkazilgan rejadan tashqari soliq tekshiruvi materiallarini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan tuzilgan 9-sonli bayonnomada xo‘jalik tomonidan tekshirish o‘tkazilgan davrlarda soliq to‘lagandan keyin olgan foydasi jami
294472,4 ming so‘m bo‘lib, tekshirishga taqdim qilingan hujjatlarga asosan ta’sischi tomonidan tassaruf qilingan foyda summasi 265000,0 ming so‘mni tashkil qilib, fermer xo‘jaligi tomonidan ta’sischisiga chiqim qilingan go‘sht mahsulotlari qiymati 319690,6 ming so‘mga teng bo‘lganligi, demak fermer xo‘jaligi ta’sischisiga chiqim qilingan go‘sht mahsulotlari fermer xo‘jaligining soliqlar to‘lagandan keyin qolgan summasidan ortiqcha qismi 54690,7 (319690,6-265000,0) ming so‘m jismoniy shaxslarni moddiy naf tarzidagi daromadi sifatida e’tirof etilib, ushbu daromadlar qayta hisob-kitob qilinib, byudjetga 12578,9 ming so‘m daromad solig‘i qo‘shimcha hisoblanishi ko‘rsatilgan.

Mazkur holatda, soliq organi tomonidan “Asqarbek Husnibonu” fermer xo‘jaligining tegishli yillarda faoliyatidan sof foyda olganligi va daromad solig‘i to‘lashi lozimligi e’tirof etilgan bo‘lsada, dastlabki tergov organi va birinchi instansiya sudi tomonidan A.ning sof foydadan ta’sischilarga chiqim qilingan go‘sht mahsulotlari summasi assosiz ravishda e’tiborga olinmagan.

Xuddi shuningdek, dastlabki tergov organi va birinchi instansiya sudi tomonidan A.ning go‘sht mahsulotlarining turg‘un savdo shahobchalarida sotilishi va saqlanishi vaqtida go‘shtning tabiiy qurishi (sarf bo‘lishi) haqidagi vajlari o‘rganilmagan va to‘g‘ri baho berilmagan. Garchi, Xorazm viloyat Davlat veterinariya boshqarmasining 2016 yil 12 oktyabrdagi
166-sonli ma’lumotnomasida amaldagi veterinariya qonunchiligi va qonun osti hujjatlarida go‘sht mahsulotlarining turg‘un savdo shahobchalarida sotilishi va saqlanishi vaqtida go‘shtning tabiiy qurishi (sarf bo‘lishi) me’yorlari mavjud emasligi bildirilgan bo‘lsada, sud tomonidan prosessual qonunning aybdorlikka oid barcha shubhalar sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi lozimligi to‘g‘risidagi talablari buzilib, mazkur shubhali holat bartaraf qilinmasdan A.ni ayblash uchun asos qilib olingan.

Jinoyat ishidagi A. tomonidan taqdim qilingan “Asqarbek-Xusnibonu” fermer xo‘jaligining 2012-2015 yillarda va 2016 yil
31 oktyabr kuniga qadar go‘sht mahsulotlarini chiqim qilinishi bo‘yicha umumiy yig‘ilish bayonnomalari va go‘shtning tabiiy qurishi (sarf bo‘lishi) me’yorlari bo‘yicha dalolatnomalardan ko‘rinishicha, 2012 yilda 34.645.000 so‘mlik 2557 kg., 2013 yilda 81.274.500 so‘mlik 5717 kg., 2014 yilda 141.764.800 so‘mlik 6912,5 kg., 2015 yilda 118.577.200 so‘mlik 5740,1 kg.,
2016 yil 31 oktyabr kuniga qadar 46.191.000 so‘mlik 2144 kg.., jami bo‘lib (tabiiy qurishi bilan birga) 422.452.500 so‘mlik 23070,6 kg. go‘sht mahsulotlari chiqimga chiqarilgan.

Sudlov hay’atining ajrimi bilan, mazkur jinoyat epizodi bo‘yicha “Asqarbek-Xusnibonu” fermer xo‘jaligining go‘sht mahsulotlarini chiqim qilinishi bo‘yicha umumiy yig‘ilish bayonnomalari va go‘shtning tabiiy qurishi (sarf bo‘lishi) me’yorlari bo‘yicha dalolatnomalaridagi ma’lumotlarni asosli deb hisoblab, 422.452.500 so‘mlik go‘sht mahsulotlari summasini Yangiariq tuman Veterinariya VSE laboratoriyasi tomonidan berilgan ma’lumotnoma bo‘yicha qoldiq bo‘lib qolgan 454.067.000 so‘mlik go‘sht mahsulotlari summasidan chegirib hisoblab, qolgan summa juda ko‘p miqdorni bermaganligi, A.ning harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi
JK 189-moddasining 1-qismi, 227-moddasining 1-qismi, 228-moddasi
2-qismining “a,b” bandlari, 228-moddasining 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlar tarkibi bo‘lmaganligi sababli, unga oid jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi JPK 83-moddasining 2-bandiga asosan tugatilib, aybsiz deb topilib, oqlandi.                                

ASH-№3-03/335-18-sonli ajrimi

Jinoyat ishlari bo‘yicha
Buxoro viloyat sudi sudyasi
S.Nayimov


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!