Yangi tahrirdagi Konstitusiya: ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari joriy etildi

Yangi tahrirdagi Konstitusiya: ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari joriy etildi

Bugun yurtimiz demokratik tamoyillar, inson huquq va erkinliklari borasida umume’tirof etilgan prinsip va normalarga asoslangan, bosh maqsadi xalq uchun erkin, obod hamda farovon hayot yaratib berishdan iborat bo‘lgan davlatga aylandi. Inson qadri ulug‘lanadigan demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyatini qurish maqsadida keng qamrovli yangilanishlar va islohotlar amalga oshirildi, bu borada boy tajriba to‘plandi.

O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘yib, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan adolatli va xalqparvar davlat barpo etish yo‘lida dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan vazifalarni to‘laqonli amalga oshirish maqsadida ko‘lamiga monand va munosib bo‘lgan yangi mustahkam konstitusiyaviy makonni shakllantirdi.

Yurtimizda 2023 yil 30 aprel kuni o‘tkazilgan referendumda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi ishtirok etgan fuqarolarning 90,21 foizi tomonidan yoqlab ovoz berish orqali qabul qilinganligi unda xalqimizning Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha orzu-umidlari va intilishlari o‘z aksini topganligidan dalolatdir. Referendum ko‘p millatli buyuk xalqimizning birdamligi va hamjihatligi, suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat qurishga qat’iy qaror qilganligining ishonchli ifodasi bo‘ldi.

Darhaqiqat, yangi tahrirdagi Konstitusiya bevosita xalq tomonidan qabul qilindi va tariximizda to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga kiritilgan birinchi hujjat bo‘ldi. Bosh qomusimizda ijtimoiy davlat prinsiplariga oid normalarning mustahkamlanishi, xususan, sifatli ta’lim va tibbiy xizmat ko‘rsatish, ijtimoiy ehtiyojmand qatlamni qo‘llab-quvvatlash, munosib mehnat sharoiti va adolatli ish haqi tizimini yaratish, ishsizlikdan himoyalanish, uy-joyga ega bo‘lishga qaratilgan qoidalar bilan yanada takomillashtirildi.

Shu bilan birga, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish davlatning konstitusiyaviy majburiyati sifatida belgilanishi, erkin bozor mexanizmlarini joriy qilish, sog‘lom raqobat va xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq yangi qoidalar ham Asosiy qonunimizda aniq belgilab qo‘yildi.

Yangi tahrirdagi Konstitusiyada barchaning – bir tomondan davlat va uning organlari tizimi, ikkinchi tomondan inson, fuqaro va jamiyatning huquq va majburiyatlari aniq va lo‘nda qilib, hamma uchun tushunarli tarzda bayon etilganligi O‘zbekistonning yanada barqaror bo‘lishiga va har qanday tahdidlarga qarshi ishonchli qalqon bo‘la olish qobiliyatini mustahkamlashga asos bo‘lganligi ham bugungi kun haqiqatidir.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar insonning sha’ni, qadr-qimmati, huquq va erkinliklari bundan buyon barcha sohalarda ustuvor ahamiyat kasb etishini qat’iy qoidaga aylantirish, bir so‘z bilan aytganda, “Inson qadri uchun” g‘oyasini hamda bugungi islohotlarning bosh tamoyili bo‘lgan “Inson – jamiyat – davlat” degan yondashuv yangi tahrirdagi Konstitusiyaning asl mazmun-mohiyati bo‘ldi.

Shuningdek, yangi tahrirdagi Konstitusiyada davlat qurilishining yangi strategik maqsadi – ijtimoiy davlat qurish ekanligi belgilab berildi, ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari joriy etildi, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitusiyaviy asoslar mustahkamlandi.

Hokimiyatlar bo‘linishi prinsipi hamda o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati tizimining zamonaviy konsepsiyasini hisobga olgan holda, Oliy Majlis, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati o‘rtasida vakolatlar qayta taqsimlandi. Joylarda hokimlar va xalq deputatlari Kengashlari vakolatlari taqsimlanishiga asoslangan davlat hokimiyatini tashkil etishning yangi modelining huquqiy asoslari yaratildi.

Davlat tomonidan jamiyatimizning barcha a’zolari xotin-qizlar, yoshlar, bolalar huquqlari himoyalanishi va ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtiroki rag‘batlantirilishi kafolatlab qo‘yildi. Jumladan, bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, bolaning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘liq rivojlanishi uchun munosib shart-sharoitlarni yaratish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi.

Bu kabi misollarni ko‘p keltirishimiz mumkin. Binobarin, amaldagi normativ hujjatlarni yangi tahrirdagi Konstitusiya normalariga moslashtirish jarayoni uzluksiz davom etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga kiritilgan yangi, zamonaviy va juda muhim normalarning hayotga qat’iy hamda izchil tatbiq etilishi, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas. Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini ta’minlashni nazarda tutamiz”.

Bugun Konstitusiyamizning yangi normalarida asosiy e’tibor inson, jamiyat va davlatning barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilganini ishonch bilan ta’kidlash mumkin. Ahamiyatlisi, Yangi O‘zbekistoning ushbu sohalardagi xalqaro majburiyatlarga qat’iy sodiqligini namoyon etganligi xalqaro tashkilotlar vakillari va ekspertlar tomonidan xolis va to‘g‘ri baholandi.

Bu esa, o‘z navbatida, “Inson sha’ni va qadr-qimmati uchun” tamoyili asosida xalq farovonligini yanada yuksaltirish, inson, fuqarolik jamiyati va davlatni jadal rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!