Firibgarlarga aldanmang yoxud haj safari to‘g‘risida muhim eslatma berildi

Firibgarlarga aldanmang yoxud haj safari to‘g‘risida muhim eslatma berildi

Ayni kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda «Falon firma bilan haj qiling!», «Haj safari uchun sanoqli joy qoldi!», «Haj uchun yarim narxni to‘lang!» kabi jimjimador sarlavha ostidagi reklamalar ko‘paymoqda.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Axborot xizmatining ma’lum qilishicha, ayrimlar umra vizasi, turistik (ziyorat) viza, biznes viza bilan haj qilishni va’da qilmoqda, buning mutlaqo imkoni yo‘q!

Ta’kidlanishicha, Saudiya Arabistonida Haj amallarini bajarish uchun «Haj-2024» vizasi bo‘lishi shart.

Saudiya Arabistoni Podshohligi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq chet el fuqarolari uchun haj ibodatini ado etishning asosiy sharti haj vizasiga ega bo‘lish hisoblanadi. Qolgan barcha turdagi vizalar (umra, turizm, biznes, ziyorat va b.lar) bilan haj tadbirini amalga oshirish Saudiya qonunchiligiga ko‘ra qat’iyan taqiqlangan va tegishli tartibda jazolanadi.

Unutmang! O‘zbekiston uchun ajratilgan haj kvotasi faqatgina Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tashkil etiladigan Haj safariga otlangan ziyoratchilarga ajratilgan, shunday ekan, ayrimlarning O‘zbekiston orqali Haj safariga jo‘natamiz, degan aldovlariga uchmang! Ular fuqarolarimizni boshqa davlatlar orqali noqonuniy tarzda olib ketishga urinishmoqda. Bu esa, qonuniy asosga ega bo‘lmagan va haj tashkil etishga vakolati yo‘q kimsalarning urinishidir. Kezi kelganda aytib o‘tish kerak-ki, bu kabi xatti-harakatlar Saudiya Arabistoni Podshohligi va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida qat’iy chora ko‘rilishiga sabab bo‘ladi.

Avval xabar berganimizdek, muborak safarlarga noqonuniy yo‘llar bilan borishga intilish 6 oy qamoq jazosi, Saudiya Arabistonidan deport qilish va Saudiya Arabistoniga har qanday viza bilan 10 yil muddatga kirishni taqiqlash hamda 100.000 saudiya riyoli (26.000 AQSh dollari) miqdorida jarima solishga olib keladi.

Ma’lumot uchun, birgina 2022-2023 yillardagi Haj masumida O‘zbekiston fuqarolari turistik, biznes va boshqa vizalar orqali Saudiya Arabistoniga tashrif buyurib, Haj amallari bajariladigan hududlarga kira olmaganlar. Haj mavsumi arafasida ziyorat viza (turistik) olgan holda Birlashgan Arab Amirliklari, Iordaniya va boshqa davlatlar orqali kelgan minglab fuqarolarimiz esa Saudiya Arabistoni hududiga kiritilmagan. Ular Podshohlik haj qonunchiligini buzganlik uchun Saudiya Arabistonidan 10 yil muddatga deportasiya qilingan. Xususan, 2023 yilda butun dunyodan 150 mingdan ortiq shaxslar ushlanib jarimaga tortilgan va deportasiya qilingan.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, yurtimizda «Haj» tadbiri Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyundagi 364-sonli «Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida amalga oshiriladi. Mazkur hujjatga asosan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun «Haj» tadbiri O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshiriladi. «Haj» faoliyati bilan boshqa tashkilotlarning, xususan, sayyohlik tashkilotlari va boshqalarning shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmaydi va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanadi.

Aziz yurtdoshlar, ogoh bo‘ling, firibgarlarga aldanmang!


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!