Yangi qurilayotgan uylar uchun aholidan pul olib, o‘zlashtirib yuborgan shaxslar qidiruvga berildi

Yangi qurilayotgan uylar uchun aholidan pul olib, o‘zlashtirib yuborgan shaxslar qidiruvga berildi

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga fuqarolar ariza bilan murojaat qilib, yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylardagi xonadonlar uchun to‘lovni amalga oshirgani, biroq, quruvchi tomonidan shu kunga qadar xonadonlar topshirilmagani sababli ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

O‘tkazilgan tekshiruv jarayonida aniqlanishicha, 1977 yilda tug‘ilgan Sharipov Obid Aripovich “Max-house-group” mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil qilib, o‘zining sheriklari 1982 yilda tug‘ilgan Osimov Axtam Ahmadovich va 1989 yilda tug‘ilgan Samandarov Azizbek Alijonovich bilan birga bir necha nafar fuqaroga nisbatan firibgarlik holatini sodir etgan.

Jumladan, O.Sharipov mas’uliyati cheklangan jamiyat nomidan Uchtepa va Chilonzor tumanlarida qurilayotgan ko‘p qavatli uylardagi xonadonlar sotilishini ma’lum qilib, e’lon bergan. Bunga qiziqqan fuqarolar jamiyat vakillari bilan uchrashib, ularga xonadonlar uchun to‘lovlarni amalga oshirgan.

Vaholanki, o‘zlarini “tadbirkor quruvchilar” qilib ko‘rsatgan jamiyat vakillarining mazkur ko‘p qavatli uylarga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan.

Ular qurilish uchun hech bir mutasaddi tashkilotlardan ruxsat olmasdan va uy qurishga kerakli biron-bir hujjatlarga ega bo‘lmasdan, kadastr hujjatlari yo‘q bo‘lgan xonadonlarni sotishni bildirib, aldov yo‘li bilan fuqarolarning juda ko‘p miqdordagi pullarini olishga erishgan. Eng yomoni, ular aldov yo‘li bilan olgan pullarini shaxsiy ehtiyojlari yo‘lida o‘zlashtirib yuborgan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi ("Firibgarlik") bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov jarayonida A.Sharipovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Gumonlanuvchilar A.Samandarov va A.Osimovlar tergovdan qochib yashiringani sababli, ular qidiruvga berilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi aholiga murojaat qilib, ushbu shaxslardan jabr ko‘rganlar bo‘lsa, qidiruvdagi shaxslarning qayerda ekanligi haqida ma’lumot bo‘lsa, boshqarmaning 71-206-42-28, 71-206-49-46 yoki 102 raqamlariga murojaat qilishni so‘radi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!