O‘zbekistonda kambag‘allik chegarasi belgilandi

O‘zbekistonda kambag‘allik chegarasi belgilandi

O‘zbekistonda kishi boshiga minimal iste’mol xarajatlar bir oyda 498 ming so‘mni tashkil etishi hisob-kitob qilindi. Mazkur ko‘rsatkichdan mamlakatda kambag‘allik chegarasini belgilashda foydalaniladi.

Davlat statistika qo‘mitasining xabar berishicha, minimal iste’mol xarajatlari qiymati 2021 yilda respublikaning barcha hududlarida 10,6 ming uy xo‘jaliklari o‘rtasida o‘tkazilgan kuzatuv natijalari asosida hisoblangan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 27 avgustdagi «Minimal iste’mol xarajatlari qiymatini hisoblash tartibini amaliyotga joriy etish to‘g‘risida»gi 544 son qaroriga asosan 2021 yilda respublikaning barcha hududlarida 10,6 ming uy xo‘jaliklari o‘rtasida o‘tkazilgan kuzatuv natijalari asosida minimal iste’mol xarajatlari qiymati hisoblangan.

Bunda xalqaro uslubiyotdan kelib chiqib, minimal iste’mol xarajatlarni hisoblashda so‘rovnomada ishtirok etgan uy xo‘jaliklari xarajatlari miqdori bo‘yicha o‘nta guruhga ajratilib, ushbu oilalar orasidan eng kam xarajat (daromad)ga ega bo‘lgan 30 foiz uy xo‘jaliklari ajratib olindi.

So‘rovnoma asosida mazkur uy xo‘jaliklarida jon boshiga kunlik iste’mol qilinadigan oziq-ovqat (2200 kilokaloriya) va zarur bo‘lgan nooziq-ovqat tovarlar hamda xizmatlar uchun minimal iste’mol xarajatlar bir oyda kishi boshiga 498 ming so‘mni tashkil etishi hisob-kitob qilingan.

Ma’lumki, 2020 yilda 5,4 ming uy xo‘jaligi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma yakuni bo‘yicha dastlabki hisoblangan minimal iste’mol xarajatlari 2021 yil narxlarida 440 ming so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning may oyida e’lon qilingan.

Jahon tajribasida minimal iste’mol xarajatlari ko‘rsatkichidan kambag‘allik chegarasi sifatida foydalanish keng tarqalgan bo‘lib, mazkur ko‘rsatkichdan:

  • davlatning moddiy va boshqa ijtimoiy ko‘maklariga muhtoj aholining maqsadli (target) guruhini aniqlash;
  • mamlakat kambag‘allik chegarasini belgilashda foydalanish va bunda target guruhdagi aholining real iste’mol xususiyatlari va talablarini inobatga olish;
  • kambag‘allikka qarshi kurashish strategiyasi va dasturlarida belgilangan vazifa va chora-tadbirlarning natijadorligi hamda manzilliligini oshirish, shuningdek, ularning doimiy monitoringini yuritish;
  • pensiyalar va nafaqalarning eng kam miqdorini belgilash, shuningdek, kambag‘al oilalarga beriladigan boshqa turdagi moddiy ko‘maklarni ko‘rsatishda mezon sifatida foydalaniladi.

Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!