To‘ydan oldin tomosha ko‘rsatmang…

To‘ydan oldin tomosha ko‘rsatmang…

Ma’lumki, fhdyo bo‘limlari xodimlari tug‘ilish, nikoh kabi hayotning eng aziz va qutlug‘ kunlariga guvoh bo‘lishi bilan birga o‘lim holatini qayd etish, nikohni bekor qilish kabi qayg‘uli va tashvishli holatlarga ham guvoh bo‘lishini yaxshi bilamiz. Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limlarida qayd etilayotgan har bir holat ortida inson, uning taqdiri bor. Nikohni qayd etish yoki farzand dunyoga kelganda unga tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani olish quvonchli va baxtiyor lahzalardir. Ammo yaqin kishisini yo‘qotish, ayniqsa begunoh bolalarni tirik turib ota yoki ona mehridan judo bo‘lishga mahkum qiladigan nikohdan ajralish qog‘ozining og‘ir yuki har qanday kishi qalbini iztirobga solishi aniq.

To‘g‘ri, ajralish so‘nggi bekat emas… Afsuski, buni juda ko‘plab oilani muqaddas emas, o‘yinchoq, deb o‘ylayotgan yoshlar tushunishi qiyin bo‘layapti. Navoiy shahar FHDYo bo‘limida 2018 yilning 1-choragida 65 ta nikoh bekor qilingan. Bu ko‘rsatkichni o‘tgan 2017 yilning davri bilan solishtiradigan bo‘lsak, 80 ta nikoh bekor qilingan bo‘lib, ajrim 15 taga kamaygan. Shundan o‘tgan yili FHDYo orqali 12 ta, joriy yilda 6 ta nikohni bekor qilish holati qayd etilgan. yildan-yilga ajrimni kamaytirish choralari ko‘rilmoqda. Ota-bobolarimiz “Qushning ham uyasi buzilmasin!”, deb bekorga ta’kidlamagan. Sudlar orqali bekor qilingan nikohlar ortida qancha-qancha voyaga yetmagan o‘g‘il-qiz­larning taqdiri, mehrga zor o‘ksik ko‘ngillar borligini tasavvur qilish qiyin emas.

Buning sababini ayrim yoshlar hayotning od­diy sinovlaridan o‘tolmasligi va yon-atrofdagilarning, ayniqsa, mahallaning e’tiborsizligida ko‘rish mumkin. Chunki FHDYo bo‘limiga ariza bilan muro­ja­at­ qilayotgan shaxslarning nikohlarini bekor qilishdan avval ularni yarashtirish choralari ko‘rilishi uchun mahalla qoshida tashkil etilgan yarashtiruv komissiyalariga yo‘naltirilish mexanizmi yaratilgan.

Afsuski, ushbu komissiyalarning faoliyatini talab darajasida deb bo‘lmaydi. Aksariyat mahallalarda o‘tgan yili yarashtiruv komissiyalari nomiga ishlaganligi oqibatida shahrimizdagi “Bahor” mahalla fuqarolar yig‘iniga yo‘naltirilgan fuqarolar er-xotin E. hamda G.larni yarashtirish o‘rniga yarashtiruv komissiyasi nomidan mahalla raisi, posboni va maslahatchisi shunchaki dalolatnoma tuzishib, unda fuqaroning nikohini bekor qilishga to‘sqinlik qiluvchi hech qanaqa sabab yo‘qligi bayon qilingan.

Yoki “Istiqlol” mahalla fuqarolar yig‘ini yarashtiruv komissiyasi mas’ullarining ishga sovuqqonligi tufayli M.Qodirov va O.Pardayevalarning oilaviy muammolari ushbu mahalla raisi tomonidan komissiya ishtirokisiz bir yoqlama o‘rganilib, ma’lumot berilgan xolos.

Eng achinarlisi, nikohlari qonuniy qayd etilib, hali to‘yi bo‘lib ulgurmagan fuqarolarning nikohlari bekor qilinayotganligi holati hisoblanib, bunday nikoh bekor qilishlar 2017 yilning o‘zida 7 tani tashkil etdi. Bu hali boshlanmagan nikohning tugatilishi hisoblanib, o‘zbek mentalitetiga xos bo‘lmagan holatdir. Bunday ajrimlarning sabablari o‘rganilganda, kelin-kuyov bo‘lmishlarning hali oila, deb atalmish muqaddas go‘shaga nisbatan munosabatlari jiddiy emasligi, chiroyli kiyimlar kiyish uchun turmushga chiqayotgan qizlarning erkaliklari, quda-andalarning bema’ni tortishuvlari sabab bo‘lmoqda. Masalan, 22 sentyabrda to‘y kuni belgilanib, 21 avgustda nikohlari qayd etilgan A. va B. ismli shaxslarning nikohlari to‘ygacha bekor bo‘lishiga kuyov bo‘lmishning onalari kelin tomonning kuyovga qilgan sarpolari turkiya mahsulotlari emasligi uchun to‘yni bekor qilganliklari molparastlik va oilaga nisbatan hurmatsizlikni ko‘rsatib turibdi. Xuddi shunday holat shahardagi “Vatan” mahallasining o‘zida 3 tani tashkil etganligi bu masalaga mahalla institutining jiddiy e’tiborini qaratishni taqozo etmoqda.

Dilobar PARDAYEVA,

Navoiy shahar FHDYo bo‘limi mudirasi

Manba: asr.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!