To‘rtko‘lda elektr o‘chganida, bemorlarga sun’iy nafas berish uchun yaqinlari ko‘maklashishga majbur bo‘lmoqda

To‘rtko‘lda elektr o‘chganida, bemorlarga sun’iy nafas berish uchun yaqinlari ko‘maklashishga majbur bo‘lmoqda

Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanidagi shifoxonada elektr ta’minotidagi uzilishlar sabab, sun’iy nafas olish qurilmasi ishlamay qolmoqda. Sun’iy nafas olish qurilmasiga ulangan bemorlarga qarindoshlari qurilmani qo‘li bilan siqib, kislorod berishga majbur bo‘lmoqda. Bu haqda tuman tibbiyot birlashmasi markaziy shifoxonasi jonlantirish bo‘limi bosh vrachi Erkaboy Jumaboyev ma’lum qildi, deb yozadi turon 24.

Elektr har kuni 3-4 martalab o‘chadi. Kechqurun soat 23:00 larda chiroq o‘chdi va ertalab 7:00 da yondi. Elektr uzilganda sun’iy nafas olish qurilmasi ishlamay qoladi. Faqat bemorning qon bosimini va yurak urish pulsini ko‘rsatuvchi uskunalar ishlab turadi. Sun’iy nafas olish qurilmasiga ulangan bemorlarga hamshiralarimiz qo‘l yordamida bosim bilan kislorod berishadi. Bu jarayon tungi navbatchilikda juda qiyin kechadi. Chunki kasal ko‘p, navbatchilikka qolgan hamshiraning qo‘li 5-6 soat davomida tolib ketadi. Shu sababli bemorlarning yaqinlari yordam beradi. Shifoxonamizda dvijok bor, lekin uning quvvati faqat jarrohlik xonasiga yetadi. Aslida elektr uzilish oldidan tuman elektr ta’minoti bo‘limi shifoxonamizga ogohlantirish berishi kerak. Ammo ogohlantirishlarsiz uzib qo‘ygan vaqtlari ham bo‘ldi. Bu kabi holatda jarrohlik xonasida noqulay vaziyat vujudga keladi , deydi bosh vrach Erkaboy Jumaboyev.

Otam 14 kun davomida komada bo‘ldi. Sun’iy nafas olish qurilmasiga ulangan edi. Elektr uzilgan paytlar uskuna ishlamay qolar ekan. Biz o‘zimiz qo‘limiz bilan apparatni ishlatib, kislorod yuborib turdik. Bu shifoxonada sharoit juda og‘ir. Buning ustiga, shifokorlari ham o‘ta mas’uliyatsiz , dedi Rashid Niyozimbetov.

To‘rtko‘l tumani elektr ta’minoti boshqarmasi tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, iste’molchilar uchta toifaga bo‘linadi. Shifoxonalar birinchi toifaga kiradi. Ya’ni, ularning markaziy poststansiyamizdan tortilgan o‘z elektr tarmoqlari bo‘lishi kerak. Bu tarmoq ishdan chiqqan holatda, qo‘shimcha rezerv tarmoqdan foydalanishi mumkin. Qo‘shimcha tarmoq ham uzilgan taqdirda mustaqil iste’moli bo‘lishi shart. Ya’ni, dvijok va shunga o‘xshagan qo‘shimcha qurilmalari bo‘lish kerak. Tumanimizdagi markaziy shifoxonaning elektr tarmog‘i yo‘q. Shu sababli birinchi toifada emas, uchinchi toifadagi iste’molchilar tarkibida. Shifoxona Yangi yo‘l havo tarmog‘ida ikki mingga yaqin uchinchi toifadagi iste’molchilar bilan elektr tokidan foydalanmoqda. Yuqori elektr quvvatidan foydalanmaydigan xizmat ko‘rsatish markazlari va hududiy aholi uchinchi toifadagi iste’molchilarimiz hisoblanadi. Qish kunlari bu liniyada turli favqulodda vaziyatlar kuzatilib turadi. Noyabr oyida yong‘ingarchilik va turli ta’mirlash ishlari sabab uzilishlar ko‘p bo‘ldi. Agar shifoxona o‘z liniyasiga ega bo‘lsa, bu kabi muammolar vujudga kelmaydi , deydi To‘rtko‘l tumani elektr ta’minoti boshqarmasi boshlig‘i Faxriddin Olloniyazov.

Tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Po‘lat Xudoybergenov elektr generator bilan ta’minlash uchun tuman hokimligiga yozma murojaat qilinganini aytdi. Agar generator berilmasa, og‘ir vaziyatlar bo‘lishi mumkin.

To‘rtko‘l tumani hokimi o‘rinbosari Xayrulla Matnazarov shifoxonadagi elektr uzilishlardan xabari borligini, yaqinda shifoxona uchun alohida generator olinishini ma’lum qildi. Lekin aynan qachon olinishini aytmadi.

To‘rtko‘l tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli To‘rtko‘l shahri markaziy shifoxonasi 410 o‘ringa mo‘ljallangan. Jonlantirish bo‘limi esa 6 o‘rindan iborat, unda o‘rtacha 8-10 bemor davolanadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!