Toshkent ko‘chalarining birida erkak jasadi topildi

Toshkent ko‘chalarining birida erkak jasadi topildi

Toshkent shahrida ko‘chalarning birida erkak jasadi topildi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 1 iyul kuni soat 06:03 larda Toshkent shahar IIBB 102 maxsus raqami orqali tushgan xabarga ko‘ra, Bektemir tumani, “Bektemir” mahallasi, Oltintopgan ko‘chasi, 4-uy qarshisida gazon ustida noma’lum erkak kishining jasadi qonga belangan holda yotgan.

Mazkur holatga aniqlik kiritish maqsadida voqea sodir bo‘lgan joyga tergov-tezkor guruhi va tuman rahbarlari yetib borgan. Olib borilgan surishtiruv ishlari davomida jasad Samarqand shahrida doimiy ro‘yxatda turuvchi, 1984 yilda tug‘ilgan fuqaroga tegishli ekani aniqlangan.

Dastlabki xulosaga ko‘ra, murdaning ikkala qo‘lining bilak qismlarida, bo‘yin qismida hamda chap oyog‘i son qismida kesilgan jarohatlari aniqlanib, ushbu tan-jarohatlarni o‘ziga o‘zi yetkazgan bo‘lishi mumkinligi ehtimoldan xoli emasligi to‘g‘risida ko‘rsatib o‘tilgan. Voqea joyida olib borilgan surishtiruv ishlari davomida jasad yotgan joydan 1 dona lezviya qon dog‘lari bilan topilib, rasmiylashtirib olingan.

Hozirgi vaqtda mazkur holat bo‘yicha voqea sodir etilgan joyi va atrofidagi videokuzatuv moslamalari o‘rganib chiqildi. Oq rangli Nexia haydovchisi (kirakash), 2001 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, vaqtincha Bektemir tumanida yashovchi fuqaro bilan olib borilgan suhbat davomida, haqiqatan ham, marhum spirtli ichimlik iste’mol qilgani hamda o‘z joniga qasd qilmoqchi ekanini aytgani, so‘ng o‘ziga o‘zi lezviyada tan jarohati yetkazgani, avtomashina qon bo‘lgani sababli tushirib yuborganini ma’lum qildi.

Marhum to‘g‘risida uning yaqin aloqalari, yashash manzili va faoliyat turini aniqlash maqsadida tezkor surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!