Tanzila Norboyeva: "Hali ham OAV va xalqdan yashirinib, qochib yurgan amaldorlar bor"

Tanzila Norboyeva: "Hali ham OAV va xalqdan yashirinib, qochib yurgan amaldorlar bor"

YouTube’dagi Alter Ego dasturi muallifi Kirill Altman O‘zbekiston Senati raisi Tanzila Norboyevadan intervyu oldi (u avvalroq Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov, Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonovdan ham intervyu olgandi).

Kirill Altmanning: «Amaldorlarimiz o‘zlarining ommaviy shaxs ekanliklarini anglab, OAV va blogerlar keyinchalik tinmay muhokama qiladigan bema’ni gaplarni aytishdan tiyilishlariga qancha vaqt kerak?», degan savoliga Senat raisi quyidagicha javob berdi:

Bu, ehtimol, tajriba bilan kelar. Juda qisqa vaqt — uch yil ichida OAV uchun ham, amaldorlar uchun ham, xalq uchun ham keskin ochiqlik yuz berdi. Xalq erkin muloqotni, o‘z muammolarini ochiq aytish erkinligini sog‘ingan. Amaldorlar esa bunday muloqotga o‘rganmagan. Shunday ekan, uch yil ichida sohada ko‘p narsalarga erishdik, deb o‘ylayman. Ammo muammolar hali ko‘p.

Albatta, siz tilga olgan holatlar bilan har kuni to‘qnash kelish mumkin. Mansabdorlarning o‘rganishiga vaqt kerak, deb hisoblayman. Mansabdorlarning yangi avlodi bunga tayyor holda keladi. Ular bugun ham matbuot, xalq bilan juda faol muloqotga kirishishga intilmoqda. Biz buni har kuni televideniye, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rib boryapmiz. Hali ham qochib, yashirinib yurgan mansabdorlar yo‘q emas, albatta, ammo bu vaqtinchalik holat.

Tanzila Norboyeva, O‘zbekiston Senati raisi

Uning qo‘shimcha qilishicha, hammasi «me’yoriy darajada izga tushib ketishi uchun» 3—5 yildan kam bo‘lmagan vaqt talab etilishi mumkin.

So‘nggi vaqtlarda turli darajadagi amaldorlar tomonidan bildirilgan bahsli fikrlar jamoatchilik o‘rtasida faol muhokamalarga sabab bo‘ldi. Xususan, Fermerlar kengashi (va ayni vaqtda O‘zLiDeP) raisi Aktam Hayitovning «Ko‘p go‘sht yeyapmiz», Xalq demokratik partiyasi yetakchisi Ulug‘bek Inoyatovning «Besh kishidan iborat oila 2,5 million so‘mga bir oy yashay oladi», energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayevning «Uyida elektri bor odam, qurol ko‘tarib urushga chiqmaydi» kabi fikrlari shular jumlasidan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!