Sho‘rchining «Yakkabog‘» mahallasi aholisi bir oydan beri chiroqsiz yashamoqda

Sho‘rchining «Yakkabog‘» mahallasi aholisi bir oydan beri chiroqsiz yashamoqda

Sho‘rchi tumanidagi «Yakkabog‘» mahallasi aholisi bir oydan beri chiroqsiz yashamoqda. XX asrning 50–60 yillarida o‘rnatilgan podstansiyadan 150 dan ortiq xonadon, ishlab chiqarish korxonalari, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasi, do‘konlar foydalanib kelardi, deya xabar beradi Turon24.

Gaz quyish shoxobchasi hududida o‘rnatilgan 2204-raqamli podstansiya kuchli kuchlanish natijasida yonib ketgan. «Yong‘in shoxobchaga o‘tib ketib, portlash yuzaga kelmasligi uchun jonimizni xatarga qo‘yib olovni o‘chirganmiz», — deydi mahallada yashovchilardan biri.

Mahalla raisi Olim Boyto‘rayevning aytishicha, aholi nomidan podstansiyani ta’mirlash yoki o‘rniga boshqasini o‘rnatib berishlarini so‘rab bir necha bor viloyat elektr tarmoqlari korxonasiga hamda «O‘zbekenergo» AJ rahbariyatiga murojaat qilgan. Lekin ushbu idoralarning hech biri muammoni hal qilib bermagan.

Surxondaryoda so‘nggi kunlarda elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar yuzaga kelmoqda. Nafaqat chekka qishloqlarda, balki shahar va tuman markazlarida ham chiroqning tez-tez o‘chib qolishi kuzatilayapti.

Termiz tumani Salovot mahallasida yashovchi Usmon Normatovning aytishicha, mahallada har kuni kechki oltidan sakkizga qadar chiroq bo‘ladi. Kokildorota mahallasida istiqomat qiluvchi Ma’mur To‘xtasinov esa elektr energiyasining quvvati juda pastligidan kechki paytlarda ikki qadam naridagi kishini ham tanib bo‘lmasligini, televizor, muzlatkich yoki kondisoner umuman ishlamasligini aytadi.

Mahalla fuqarolari mas’ul idoralarga bir necha bor murojaat qilgan. Hatto bir guruh odamlar tuman mutasaddilari bilan uchrashgan. Ammo muammo muammoligicha qolavergan.

Turon24 ning tuman elektr tarmoqlari bo‘limi boshlig‘i Erkin Tursoatov bilan bog‘lanishlari ham samarasiz kechdi. Bosh muhandis Nurmahmat Ro‘ziqulov esa buni «odamlarning sabrsiz bo‘lib borayotgani» bilan izohladi. «Bir necha yildan beri qishki mavsumda shu ahvol, vaziyat 2019 yilga borib yaxshilanishi kutilmoqda, odamlar shungacha sabr qilishmayapti», — dedi bosh muhandis.

«Surxondaryoda hech bir joyda chiroq o‘chmaydi. Sho‘rchidagi holatga esa endigina to‘rt kun bo‘ldi, ikki kunda hal bo‘ladi», — dedi viloyat elektr tarmoqlari korxonasining texnik masalalar va ekspluatasiya bo‘yicha direktori Abror Aliyev yuzaga kelgan vaziyatga izoh berib. U Turon24 muxbirining boshqa savollariga javob berishdan qochib, «hammasini bundan olasiz» deya muxbirning qo‘liga qisqacha ma’lumotnomani tutqazgan. Ma’lumotnomada qayd etilishicha, "Surxondaryo hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ joriy yilning 9 oyi davomida 25 mlrd so‘mlik ish bajargan…

Manba: daryo.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!