Shavkat Mirziyoyev 136 mahkumni afv etdi

Shavkat Mirziyoyev 136 mahkumni afv etdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 dekabr kuni ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

O‘zbekiston Konstitusiyasi qabul qilinganining 26 yilligi munosabati bilan qabul qilingan farmon va Konstitusiyaning 93-moddasi 23-bandiga muvofiq, 136 nafar fuqaro afv etildi.

Ularning 30 nafari jazoni o‘tashdan to‘liq, 26 nafari — muddatidan oldin shartli ravishda jazoni o‘tashdan ozod qilindi. 42 nafar shaxsga nisbatan tayinlangan jazo chorasi yengillashtirildi, 38 kishining jazo muddati qisqartiriladi.

Afv qilinganlar orasida 6 nafar 60 yoshdan oshganlar, 2 nafar chet el fuqarosi, 3 ayol va 61 nafar taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etgan shaxslar mavjud.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda ilk bor afv etish institutidan foydalandi. 2017 yilda u 2700 kishini, joriy yil Ramazon hayiti va Mustaqillik kuni arafasida esa u mos ravishda 226 va 261 kishini afv etdi. Endilikda ular soni 3323 nafarga yetdi.

Prezident juma kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Konstitusiyasi kuniga bag‘ishlangan tadbirda jazoni ijro etish joylaridan jazoni o‘tayotgan shaxslar huquqlarini qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidlab o‘tdi. Jumladan, Shavkat Mirziyoyevning fikricha, mahkum shaxslarning kelgusida ijtimoiy hayotga moslashuvi uchun ko‘mak berish maqsadida jazoni ijro etish muassasalarida masofadan turib ta’lim olish tizimini joriy etish lozim.

«Bu ham katta muammo. U ham odam, u ham konstitusion huquqlarga ega. Keling, amaliyot to‘g‘ri joriy etilgan xorij mamlakatlari tajribalarini o‘rganaylik va uni o‘zimizda ham joriy etishga urinib ko‘raylik», — dedi davlat rahbari.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!