Saraton metastazlarida yashovchi bakteriyalarning batafsil katalogi tuzildi

Saraton metastazlarida yashovchi bakteriyalarning batafsil katalogi tuzildi

Niderlandiya saraton instituti tadqiqotchilari saraton metastazlarida yashovchi bakteriyalarning batafsil katalogini tuzib chiqdilar. Ular 4000 dan ortiq o‘smalarni tahlil qilib, ushbu bakteriyalarning turlari hamda saraton hujayralari va ularning atrof-muhit bilan qanday o‘zaro ta’sirga kirishishini aniqladilar. Misol uchun, ba’zi bakteriyalar immunoterapiyaga aks ta’sir qilishi mumkin.

🔬Ushbu tadqiqot bakteriyalarning saraton kasalligiga (yoki terapiyasiga) qanday yordam berishi yoki to‘sqinlik qilishi va bundan bemorlar uchun qanday foydali tomonlari bo‘lishi mumkinligini yaxshiroq tushunishga ko‘maklashadi.

🥗 Inson organizmida milliardlab mikroorganizmlar yashaydi: bakteriyalar, viruslar va drojalar – bizning mikrobiomimiz. Biz ularga, ular esa bizga kerak. Masalan, bakteriyalar yegan ovqatimizni hazm qilishimizda yordam beradi va patogenlarga qarshi kurashish uchun immunitetimiz bilan birga ishlaydi. Ayniqsa, ichak bakteriyalari, jumladan, saraton mavzusida keng o‘rganilgan. Masalan, ular immunoterapiya va kimyoterapiya samaradorligiga ta’sir qilishi mumkin.

🔹Ammo bu mittigina “qo‘shnilarimiz” ichaklardan tashqarida ham yashaydi. Jumladan, ular o‘smalarda ham uchraydi. Yangi usullar tufayli tadqiqotchilar bu mikroblarni yaxshiroq tushunishni boshlashdi. Ammo bakteriyalar o‘simtaga qanday kirib qolishi va ular u yerda nimalar qilishi ko‘p jihatdan noma’lum bo‘lib qolmoqda. Shu bois ularning kasallik va davolash samarasi uchun qanchalik muhimligi noaniq bo‘lgan.

“Bemorlar oxir-oqibat metastazlar tufayli olamdan o‘tishlari va ko‘plab davo choralari aynan ularga qaratilganligi sababli olimlar guruhi aynan metastazlarni diqqat bilan o‘rgandi, — deydi tadqiqotchi Tomas Battalya. — Axir, o‘smalardagi bakteriyalar haqida ma’lumotlar kam edi. Endilikda esa saraton metastazlarida mavjud bo‘ladigan bakteriyalar xaritasi tuzildi”.

📑 Tadqiqotchilar 26 turdagi saratonning 4000 dan ortiq metastazlari to‘qimalarida mavjud DNK kodini tahlil qilishdi. Bu genetik materialdan nafaqat inson hujayralari, balki qanday bakteriyalar borligini ham ko‘rish mumkin. Chunki ularda ham DNK mavjud.

📋 Olimlar bakteriyalar va terapiya samaradorligi o‘rtasidagi bog‘liqlikni ham aniqladilar. Masalan, o‘pka saratoni bilan og‘rigan va metastazlarida fuzobakteriyalar bo‘lgan bemorlarda immunoterapiya ushbu bakteriyalar bo‘lmagan kasallarga qaraganda yomonroq kechgan.

“Bizning ishimiz o‘smalarga yordam berishi mumkin bo‘lgan bakteriyalar bilan kurashishga yo‘naltirilgan davo choralarining yangi shakllarini o‘rganish imkonini beradi, — deydi tadqiqot hammuallifi Ayris Mimpen. — Bu bizga o‘smalarning murakkab muhiti qanday ishlashini tushunishga ko‘maklashadi, bu muhitda barcha turdagi hujayralar, shu jumladan bakteriyalar birga yashaydi va bir-biriga o‘zaro ta’sir qiladi”.

📌 Shuningdek, mavjud bakteriyalar qanchalik xilma-xil bo‘lsa, qo‘shni o‘simta hujayralari shunchalik faol bo‘lishi aniqlandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!