Projektorlar kechikayotgani sabab "Dinamo" — "Navbahor" o‘yini qoldirildi

Projektorlar kechikayotgani sabab "Dinamo" — "Navbahor" o‘yini qoldirildi

Samarqanddagi Dinamo stadioni joriy yilning 22-iyun sanasida test tariqasida Superliganing 12-tur uchrashuvini qabul qilgandi. O‘yinga qadar bo‘lgan kelishuv davomida stadion 25-iyulga qadar to‘liq tayyor bo‘lishi yuzasidan kafolat berilgandi.

Ligaga ma’lum bo‘lishicha, stadion projektorlarning kerakli qismlari hozirga qadar O‘zbekistonga kirib kelmagan. Bu esa stadion 3-avgust sanasiga qadar Superliga uchrashuvini qabul qilish uchun tayyor bo‘lmasligini bildiradi. Mazkur ish bilan shug‘ullanayotgan kompaniya 10-avgustgacha barcha masalani hal qilishga va’da bermoqda.

Qayd etish kerak, Samarqand viloyati hokimligi stadion bilan bog‘liq qolgan barcha talabni bajardi. Qo‘shimchasiga, shaharning o‘zida Superliga talabiga javob beruvchi yana bitta stadion tayyorlash ishlari boshlangan. Shuni hisobga olgan holda Dinamo klubining Superliga 14-turidan o‘rin olgan Navbahor’ga qarshi o‘yini qoldiriladi. Ya’ni, keyinroq Liga bellashuvni Samarqandning o‘zida tashkil etish chorasini ko‘radi va aniq sanani e’lon qiladi.

Mazkur stadiondagi keyingi bellashuv 6-avgust kuni O‘zbekiston kubogi doirasida Surxon va Xorazm o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Kubokda turli musobaqalar vakillari ishtirok etadi va tabiiyki, projektorlar bilan bog‘liq talab O‘zbekiston kubogida bir muncha yumshoqroq. Dinamo stadionining ayni vaqtdagi yoritgichlari kubok uchrashuvini o‘tkazish imkoniyatini beradi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!