Bundesverda 300 ta jangovar tank qoldi

Bundesverda 300 ta jangovar tank qoldi

Germaniya qurolli kuchlari bosh inspektori Karsten Broyer Tagesspiegel nashriga bergan intervyusida Rossiya yiliga 1500 tagacha tank ishlab chiqarib, harbiy qudratini oshirish bo‘yicha Yevropaning bir qator yirik NATO davlatlaridan sezilarli darajada o‘zib ketganini ma’lum qildi. Uning ogohlantirishicha, bu sur’atda «besh-sakkiz» yil ichida prezident Vladimir Putin Shimoliy Atlantika alyansi bilan urush boshlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

"Rossiya armiyasi har yili 1000-1500 tank bilan to‘ldiriladi. NATOning Yevropadagi eng yirik besh a’zosining ko‘rsatkichlari bu raqamning atigi yarmiga ega. Bundesverda 300 ga yaqin jangovar tanklar mavjud. Agar biz bu potensialga Putinning nutqlaridagi albatta o‘qilishi kerak bo‘lgan niyatlarini qo‘shsak, ehtiyot bo‘lishimiz kerak”, — dedi Broyer.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu ma’lumotlarga, shuningdek, ittifoqchilarning razvedka xizmatlari va qurolli kuchlaridan kelayotgan ma’lumotlarga asoslanib, Rossiya armiyasi G‘arbga hujum qilishga hozirlik ko‘rmoqda hamda 2029 yilga borib buni amalga oshirish uchun barcha materiallar, qurollar va kadr resurslariga ega bo‘ladi, degan xulosaga kelish mumkin.

Broyer ta’kidlaganidek, bu Germaniya bunday ssenariyga tayyor bo‘lishi kerakligini anglatadi. Uning tan olishicha, Ukrainaga ko‘rsatilayotgan yordam Bundesverning qurol-yarog‘ zaxirasiga ta’sir qilgan va hozircha faqat harbiylarning shaxsiy jihozlari masalasi hal qilingan. “Askarlar hozir inqirozni boshdan kechirayotganimizni bilishadi, chunki biz avval buyurtma qilingan uskunani ishlab chiqarishimiz kerak. Yangi tanklar hali parad maydonchasida, yangi samolyotlar esa angarda yo‘q”, dedi general.

Broyerning ta’kidlashicha, vaziyat kelgusi yilda o‘zgara boshlaydi hamda 2026 va 2027 yillarda qo‘shinlarga yangi qurol tizimlari kelishining "sezilarli o‘sishini" kutish mumkin. Shu bilan birga, u nemis armiyasining to‘liq jangovar tayyorgarligiga erishish qanchaga tushishi haqidagi savolga javob berishga qiynaldi, ammo hal qiluvchi omil mudofaa byudjetining doimiy va barqaror o‘sishi ekanligini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yilda 53 milliard yevrogachani tashkil etgan xarajatlarning 1,25 milliard yevroga oshishi Bundesver kelgusi yilda to‘lovni amalga oshirib, 2029 yilda olishi mumkin bo‘lgan zarur texnikalarni sotib olish uchun yetmaydi. Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius ham mudofaa xarajatlarini 6 milliard yevroga oshirish lozimligini ta’kidladi.

Broyerning ta’kidlashicha, u ham, vazir ham harbiylarga operasion xarajatlarni tejab bo‘lmasligini aniq aytishgan. “Tiyib turuvchi funksiyalarni bajarish uchun yuqori darajadagi jangovar tayyorgarlik zarur. Bunga faqat shaxsiy tarkibni o‘qitish va amaliyotdan o‘tkazish, shuningdek, zarur qurollardan foydalanishga tayyor bo‘lish orqali erishish mumkin. Boshqa tomondan, agar yangi xaridlar kechiktirilsa, biz yana imkoniyatlar bo‘shliqlarini yaratamiz. Har ikkalasidan ham qochishimiz kerak”, - deya xulosa qildi general.

Bundesverni modernizasiya qilish uchun 100 milliard yevrolik maxsus jamg‘arma 2028 yilda tugashi kerak. U Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan so‘ng qisman Germaniya NATOning yalpi ichki mahsulotning 2 foizi miqdoridagi mudofaa xarajatlariga erishishi uchun yaratilgan edi.

Reuters agentligining Germaniya Moliya vazirligidagi manbalariga ko‘ra, 2026-2027 yillarda bu sohani moliyalashtirishdagi bo‘shliq 13 milliard yevroni tashkil etadi, 2028 yilda esa NATOning maxsus fondsiz etaloniga erishish uchun 28 milliard yevro kerak bo‘ladi. 39 milliard yevrolik muntazam byudjet kamomadi ortidan Germaniya kansleri Olaf Shols 2028 yildan boshlab g‘aznadan mudofaa uchun 80 milliard yevro ajratilishini ta’kidladi.

G‘arb harbiy rahbarlari va siyosatchilari Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi katta urushga aylanib ketishi mumkinligini bir necha bor ta’kidlagan. 17 iyul kuni bu mavzuni Polsha prezidenti Anjey Duda ko‘tardi. Uning fikricha, agar Ukraina mag‘lub bo‘lishiga yo‘l qo‘yilsa, Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi ehtimoliy urush "juda yaqin bo‘ladi".

"Agar rus imperializmi daf qilinmasa va Putinning shafqatsiz tig‘i so‘nmasa, bu ochko‘z yirtqich hayvon tobora ko‘proq hujum qiladi", deb ta’kidladi Duda. Polsha va NATOga qancha vaqt bor, degan savolga prezident bu yerda kunlarni sanash emas, harakat qilish kerak, deb javob berdi.

Putin Rossiyani G‘arb bilan urushga tayyorlayotganini bir necha bor inkor etib, NATOga qarshi kurashda “hech qanday sabab ham, manfaatdor ham” yo‘qligini ta’kidladi.

Avvalroq Britaniya Qurolli Kuchlari qo‘mondoni general Roland Uoker kelgusi uch yil ichida urushga tayyorgarlik ko‘rish, 2027 yilgacha britan armiyasining jangovar qobiliyatini ikki barobarga oshirish zarurligini ta’kidlagani haqida xabar bergan edik. Uning fikricha, Rossiya, Eron va Xitoy Britaniyaga xavf tug‘dirishi mumkin. “Urush muqarrar emas, ammo mojaroga tayyorgarlik ko‘rish va uning oldini olish uchun vaqt yetarli”, dedi qo‘mondon.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!