Samarqandda Sharja amirligining arxeologik ko‘rgazmasi ochilmoqda

Samarqandda Sharja amirligining arxeologik ko‘rgazmasi ochilmoqda

Qo‘hna shahar – Samarqanddagi “Silk Road” sayyohlik markazida 2024 yil 18 apreldan 22 mayga qadar Sharja arxeologiya boshqarmasining amirlikdan olingan arxeologik kashfiyotlarn namoyishiga bag‘ishlangan ko‘rgazmasi tashkil qilinadi.

121 noyob arxeologik asar o‘rin olgan mazkur ko‘rgazma Sharjadagi tarixiy davrlar, jumladan, bronza va temir asri, mamlakatdagi islom davrigacha bo‘lgan hayotni to‘liq ifodalashi bilan qiziq va ahamiyatli, deyish mumkin.

Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilgan nufuzli ko‘rgazma orqali arxeologik tadqiqotlar sohasida hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish va madaniy meros sohasida qo‘shma-ilmiy tadqiqotlar olib borish maqsad qilingan, – deydi Sharja Arxeologiya boshqarmasi bosh direktori Eyza Yusuf. – Loyiha Birlashgan Arab Amirliklarining boy madaniy, tarixiy va arxeologik jihatlarini namoyish etib, tashrif buyuruvchilarga Sharja amirligining madaniy merosi, xilma-xilligi va tarixi bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.

Amirlikda turizmni rivojlantirish va mintaqa sivilizasiyasini tanitishda ko‘rgazmalar muhim ahamiyatga ega. Shu bois boshqarma rahbari anjuman Ipak yo‘lidagi madaniy va ilmiy ahamiyatga molik shahar Samarqandda o‘tkazilayotgani bejiz emas, degan fikrni olg‘a surmoqda.

– Ushbu ko‘hna zamin jahon ilm-fan ravnaqi davrida markaz hisoblangan, shuningdek, tarixda Sharqni G‘arb bilan bog‘lashdagi muhim roli bizni ruxlantiradi, – deydi E.Yusuf.

Qayd etish kerak, taqdim etilajak artefaktlar orasida Ipak yo‘li bo‘ylab savdoda foydalangan tangalar to‘plami, jumladan,Kushon tangalari, Abbosiy dirhamlari va bitta so‘g‘d mis tangasi hamda Mleyxada topilgan kulolchilik kolleksiyalari ham bor.

Sharja arxeologiya boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, yuqori darajadagi xalqaro ko‘rgazmalar qatori ushbu taqdimot ham ilgari Yaponiya, Ispaniya va Belgiyada yuqori darajada tashkil etilgan. Bundan tashqari, ma’muriyat 14 ta arxeologik asar namoyish qilingan Pekin Milliy muzeyidagi ishtirokini alohida e’tirof etmoqda.

2020 yil Lissabondagi Milliy arxeologiya muzeyida “Sharja arxeologiyasi” ko‘rgazmasi ochilgan va Portugaliya muzeyshunoslik assosiasiyasi tomonidan e’tirofga sazovor bo‘ldi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!