Xaker selfidan barmoq izini o‘g‘irlay oladimi?

Xaker selfidan barmoq izini o‘g‘irlay oladimi?

IT ekspertlari fikricha, firibgarlar tasvirdan barmoq izining yuqori sifatli nusxasini olish uchun foydalanishi mumkin.

Xorijlik mutaxassislar selfi usulda rasmga tushayotganlarga V – tinchlik belgisini iloji boricha ishlatmaslikni maslahat bermoqda. Zero, firibgarlar suratdagi barmoqdan nusxa iz olishlari mumkin ekan.

Tinchlikni ifodalash uchun keng qo‘llanadigan mazkur belgi ko‘pincha suratga tushayotganda ishlatiladi. Ko‘pchilik ma’nosini tushunmasdan shu holatda rasmga tushadi.

Buyuk Britaniya sobiq Bosh vaziri Uinston Cherchill Ikkinchi jahon urushida g‘alabani anglatish maqsadida “V” belgisidan foydalangani bilan mashhur.

IT ekspertlari fikricha, firibgarlar tasvirdan barmoq izining yuqori sifatli nusxasini olish uchun foydalanishi mumkin. Shu tariqa ular pul yoki shaxsiy ma’lumotni o‘g‘irlash uchun telefon va akkauntni buzib kirishadi.

Ushbu da’vo qanchalik asosli?

Sirtdan qaraganda texnik jihatdan mumkindek tuyulgan ayni harakatni amalga oshirish imkoni juda kam.

Sautgempton universiteti raqamli sud-tibbiy ekspertiza professori Sara Morris fikricha, xaker nazariy jihatdan onlayn joylashtirilgan selfidan barmoq izi nusxasini olishi mumkin, faqat o‘ta tiniq kadrdan.

– Gap rakursni to‘g‘ri yoritish, kamerani qulay yo‘naltirish, piksel soni, barmoqning to‘g‘ri burchagi va kameraga yaqinligida, – deydi u “The Cube” nashriga bergan intervyusida. – Aksar telefonlar kamerasida zarur piksel soniga erishish juda qiyin.

Lozanna universiteti raqamli sud-tibbiyot fanlari va tergov dosenti Frank Braytinger ham xuddi shunday xulosaga keldi.

– Sifatli suratdan nozik ma’lumot olish mumkin, ammo bu axborotni qayta ishlatish qiyin masala, – deydi u.

Braytinger ta’kidlashicha, ko‘plab ijtimoiy media platformalari orqali internetga kirish payti foto va video sifati pasayadi. Aynan shu holat ma’lumot o‘g‘irlanishi oldini olishda yordam beradigan qo‘shimcha qalqon vazifasini bajaradi.

Ehtimoliy xakerning uskunasi va texnologiyasi qay darajada kuchliligi muhim emas. Agar manba ma’lumoti yetarli bo‘lmasa, algoritm barmoq izi aniq nusxasini tiklash uchun kerakli axborotni to‘play olmaydi. Hatto, firibgar uchun sharoit mukammal bo‘lgan vaziyatda ham foto suratdan biometrik ma’lumot olishga qodir “super kuch”ga ega bo‘lish dargumon.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!