Toshkentda «PISA 2025 tajriba-sinov jarayonlarini tashkil etish» mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi

Toshkentda «PISA 2025 tajriba-sinov jarayonlarini tashkil etish» mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 28 fevraldagi PF-27-son Farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining 2024 yil 16 apreldagi 30/1-410-son topshirig‘iga muvofiq, «O‘quvchilar savodxonligini baholash bo‘yicha xalqaro PISA 2025 tadqiqot dasturi»da O‘zbekistonning ishtirokini ta’minlash vazifasi belgilangan va bunda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti asosiy mas’ul ijrochi sifatida kiritilgan.
Shunga muvofiq, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti tomonidan Ta’limni rivojlantirish Respublika ilmiy metodik markazi hamda Jahon banki hamkorligida PISA 2025 tadqiqotini xalqaro talablar doirasida tashkil etish maqsadida «PISA 2025 tajriba-sinov jarayonlarini tashkil etish» mavzusida seminar-trening o‘tkazilmoqda.
Seminar treningda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti, Jahon banki, Ta’limni rivojlantirish Respublika ilmiy metodik markazi, Avstraliya ta’lim tadqiqotlari kengashi (ACER) hamda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) rahbarlari va mas’ullari spikerlik qildilar.
PISA 2025 tajriba-sinov jarayonlarini tashkil etishga tayyorgarlik ko‘rishga qaratilgan seminarda hududiy maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari va pedagogika markazlaridan mas’ul etib belgilangan mutaxassisilar intirok etmoqda.
Mazkur treningni o‘tkazishdan asosiy maqsad, PISA 2025 tajriba-sinovi jarayonlarini xalqaro talablarga muvofiq tashkil etishda mas’ul xodimlarni tayyorlash, ya’ni, test administratori, maktab koordinatori hamda AKT mutaxassislari sifatida belgilangan mas’ul mutaxassislar uchun ularning asosiy vazifalari bo‘yicha ma’lumotlar berish, tadqiqot materiallari bilan ishlash, test va so‘rovnomani o‘tkazishga mo‘ljallangan platformani ishga tushirish bo‘yicha nazariy va amaliy mashg‘ulotlar olib borishdir. PISA 2025 tajriba-sinov jarayonlarini o‘tkazishda Respublikaning 83 ta umumta’lim maktablaridan 4648 nafar 15 yoshli o‘quvchilar tanlab olingan.
Seminar treningni Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Sardor Rajabov kirish sozi bilan ochib berib, PISA 2025 xalqaro tadqiqotida O‘zbekiston ishtirokining ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi.
Shundan so‘ng dastur ketma ketligida mavzu doirasida taqdimotlar, ma’ruzalar olib borildi. A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti rektori A.Ismailov «PISA 2025 o‘ziga xos xususiyatlari va tajriba sinov jarayonlarini tashkil etish» mavzusida taqdimot qildi.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) departament direktori o‘rinbosari, PISA loyihasi rahbari Tue Hallgreen onlayn ishtirok etib, «PISA xalqaro tadqiqotining ta’lim tizimini takomillashtirishdagi ahamiyati» mavzusida chiqish qildi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mas’ul mutaxassisi Abduqodir Karimberdiyev «PISA 2022 tadqiqoti natijalari tahlil va ta’lim sifatini yaxshilash bo‘yicha takliflar» mavzusidagi taqdimoti bilan ma’ruza qildi.
Shunigdek, Ta’limni rivojlantirish Respublika ilmiy metodik markazi bosh mutaxassisi Avazjon Shakirov «Raqamli dunyoda o‘rganish ko‘nikmasini baholash» mavzusidagi taqdimotli bilan ishtirokchilarga ma’lumot berdi.
«PISA 2025 tajriba-sinov jarayonlarini tashkil etish» mavzusidagi seminar-trening sho‘balarda davom etdi.
Unda tadqiqotda foydalaniladigan barcha materiallar bilan tanishtirish, sinovdan bir kun oldin bajariladigan vazifalar hamda maktab koordinatori bilan hamkorlik masalalari shuningdek, sinov reja jadvali, maktablarga yetib borish, maktablar bilan aloqalar o‘rnatish borasida ma’lumotlar berildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!