Mast holda davlat ijrochilariga qarshilik ko‘rsatgan fuqaro 3,1 oyga qamaldi

Mast holda davlat ijrochilariga qarshilik ko‘rsatgan fuqaro 3,1 oyga qamaldi

Qarzdorning sudda aytgan jahlini bosa olmaslik va qilmishidan pushaymonlik, kechirim so‘rash uni na qamalishdan, na qarzdorlikdan ozod qilmadi.

Majburiy ijro byurosi davlat ijrochilari sud va boshqa organ qarorlarini ijro etish orqali fuqarolar yoki jamiyat manfaatini himoya qiladi. Ana shu jarayonda ayrim fuqarolar o‘z majburiyatini bajarish o‘rniga, davlat xizmatchilariga ko‘l ko‘tarish orqali masalani o‘z foydasiga hal qilish mumkin, deb o‘ylaydi. Aslida unday emas, davlat xizmatchisining qonuniy harakatiga to‘sqinlik qilish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Joriy yilning 30 yanvar kuni Majburiy ijro byurosi Kasbi tuman bo‘limi xodimlari J.Mamatqulov, I.Jovliyev va F.Yo‘ldashevlar tomonidan ijro hujjatiga asosan fuqaro D.Polvonovning 41 mln. 660 ming soliq, davlat boji va ma’muriy jarimalarini undirish yuzasidan ijro harakatlari olib borilgan.

Ijro harakatlari davomida fuqaroga qarzdorlikni to‘lashi lozimligi, aks holda, qarzdorlik evaziga mulki xatlanishi tushuntirilganda, D.Polvonov spirtli ichimlik ichgan holatda, ijro harakatlariga to‘sqinlik qilib, ularga faol qarshilik ko‘rsatib, qo‘pol so‘zlar bilan haqorat qilib, xonadonida bo‘lgan xo‘jalik pichog‘ini olib chiqib, ularni o‘ldirish bilan tahdid qilib, davlat ijrochilariga yengil tan jarohati yetkazgan.

Shuningdek, xodimlar uni tinchlantirmoqchi bo‘lganda, davlat ijrochisiga tegishli «Matiz» rusumli avtotransport vositasini dastlab pichoq bilan, pichoq singach, temir bolta bilan barcha oynalarini sindirib, kuzov detal qismlarini urib, jiddiy shikast yetkazib, xizmat vazifalarini bajarishdan voz kechishga majbur qilgan.

Muqaddam Jinoyat kodeksining 109-moddasi (Qasddan badanga yengil shikast yetkazish) 2-qismi bilan ayblangan D.Polvonov bu safar ushbu kodeksning 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 2-qismi bilan aybdor deb topildi, unga 3 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Davlat ijrochilari qishning izg‘irin sovug‘ida o‘z xizmat vazifasini bajarish uchun uyma-uy yurgan bir paytda, qarzdoring oxirini o‘ylamay qilgan bu xatosi bugun uni oilasidan uzoqda bo‘lishiga, yaqinlarining yaxshi va og‘ir kunlarida yonida bo‘lolmasligiga sabab bo‘lmoqda. Va shuni aytish kerakki, qarzdor sudda aytgan jahlini bosa olmaslik va qilmishidan pushaymonlik, kechirim so‘rash uni na qamalishdan, na qarzdorlikdan ozod qilmaydi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!