Rishtonlik ayol 1336 varaqlik dastxatlar arxivini yaratdi

Rishtonlik ayol 1336 varaqlik dastxatlar arxivini yaratdi

Kimdir bedana boqishga, kimdir kitob o‘qishga va yana kimdir futbol tomosha qilishga oshufta.

Farg‘ona viloyatining Rishton tumani markazida istiqomat qiluvchi Mavludaxon Jo‘rayeva taniqli shaxslardan dastxat olishga qiziqadi. Shu kunga qadar u 22 daftarning jami 1336 varag‘ini mamlakatimizning eng yorqin yulduzlari, san’at arboblari, aktyorlar, qo‘yinki, barcha sohalardagi taniqli shaxslarning tilaklari va dastxatlari bilan to‘ldirgan. Ayni kunlarda u 23-daftarning 30-varag‘iga “etib keldi”.

Qayerda san’atkorlar ishtirokida konsert yoki uchrashuvlar uyushtirilishining xabarini olsa kifoya. Barcha yumushlarini bir chetga surib ana shu “qaynoq nuqta”da ishtirok etadi. Eng qiziqarlisi ming tadbir bilan undan dastxat olishning uddasidan chiqadi. Mahallada Mavludaxon Jo‘rayevani tanish, notanishlar hammasi dastxatchi opa, deb atashadi.

- 1980 yillarning oxiri edi. “Nurli-nurli” qo‘shig‘i bilan mamlakatimizda mashhur bo‘lib ketgan qo‘qonlik marhum san’atkor Siddiq Mo‘minov tumanimizda konsert berdi. To‘s to‘polonda bir ilojini qilib u bilan ko‘rishishga muyassar bo‘ldim. Gap orasida o‘zbekona lutf bilan uyga o‘ting osh damlab beraman, dedim. Bir mahal kechga yaqin san’atkor ukamiz kutilmaganda ostona hatlab kirib kelsa bo‘ladimi. Osh damlashga ham, kutib olishga ham tayyor emasdim. U paytlarda sharoitlarimiz ham unchalik emas edi. Amallab tushonkadan osh damlab berdim. Tasavvur qilyapsizmi?! Ketar chog‘ida menga bildirmay minnatdorchilik sifatida yangi daftarga mo‘lroq pul va o‘z dastxati bilan tilak yozib ketibdi. Hammasi mana shu kundan boshlandi. Mana 30 yildan buyon shu mening sevimli mashg‘ulotimga aylangan.

Mavludaxon opa dastxat yig‘ish bilan birga, xonadonida minga yaqin dastxat tushirilgan kalendarlar, 500 ga yaqin konsert biletlari, san’atkorlar bilan tushgan fotosuratlar kolleksiyasini ham to‘playdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!