“Rasprodaja” xaridor uchun tuzoqmi?

“Rasprodaja” xaridor uchun tuzoqmi?

Nega buncha qimmat kiyim-kechak sotib olasiz? degan savolga Badavlat emasmanki, arzon narsa olsam , deb javob bergan kishini ham, bu gapning mag‘zini ham yaxshi bilasiz. Xalqimizda, arzonning oshi (sho‘rvasi) tatimas , degan naql bor. Biroq biz baribir arzon mahsulot ilinjida Otchopar u Bekbaraka , O‘rikzor u Do‘stlik qilib aylanaveramiz. Talabimiz o‘sha-o‘sha, ya’ni arzon va sifatli bo‘lsin! Bozor kezsangiz tujjor yigitchalarning rasprodaja , degan qichqirig‘idan qulog‘ingiz qomatga keladi. Xuddi molini tekin tarqatayotgandek, kekirdagini cho‘zib iddao qilayotgan bu sotuvchilarning yoniga borsangiz eski hammom, eski tos o‘zingiz bilgan o‘sha narx. Aslida bizga rasprodaja sining keragi ham yo‘q. Baribir savdolashamiz. Savdolashib olingan molning barakasi bo‘ladi, degan hikmatga amal qilamiz.

Skidka , Chegirma , Sale , Rasprodaja , Diskont singari tushunchalarning paydo bo‘lganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Zamonaviy bozor bilan birga shakllanayotgan ushbu tushunchalar qanchalar haqqoniy? Chegirma asosida sotilayotgan mohsulotning sifati qay darajada? Sifati ko‘ngildagidek bo‘lsa, chegirma narxlari adolatli belgilanganmi?
Ma’lumot o‘rnida, Rasprodaja sotib tugatish tovar-mahsulotning iste’molga yaroqlilik muddati tugab borayotganida yoki do‘kondagi barcha mahsulotlarni sotib bitirish zarurati tug‘ilganida, ularni tan narxi qiymatida sotish hisoblanadi. Chegirmalar, bozorchilar ta’biri bilan aytganda, rasprodaja rutbasi bilan sotiladigan mahsulotlar ko‘pchilikni ohanrabodek o‘ziga jalb qiladi. Bir kun tuz totgan joyga qirq kun salom qabilida ish ko‘radigan xalqimiz chegirma va rasprodaja lar xaridorning tilini qisiq qilish usuli ekaniga e’tibor ham qaratib o‘tirmaydi. Negaki, mijoz o‘ziga ma’qul bo‘lgan molni cho‘ntagi ko‘targan narxda xarid qilgan do‘koniga ixlosi oshib, tez-tez o‘sha do‘konga kirishga odatlanadi. Bir necha marta rasprodaja bilan xaridor og‘zini moylagan do‘kondor uchun bu ayni muddao. Yotib qolgunicha, otib qol ishni ma’qul ko‘radigan do‘kon egalari esa oziq-ovqat mahsulotlarining iste’molga yaroqlilik muddati tugashiga bir bahya qolganida chegirma asosida tez muddatda sotib yuborishga oshiqadi. Xo‘sh, bu siylov dan xaridorlar qay darajada mamnun?

Aziza Safarova, uy bekasi: Kiyim-kechak, poyabzal do‘konlarida asosan mavsumiy mollar chegirma bilan sotiladi. Biroq ko‘p hollarda Falon foizli chegirma yoki Rasprodaja degan ro‘kach bilan mollar avval ko‘rsatilgan narxida sotilayotganiga ham guvoh bo‘lganman. Chegirma paytida kerak-nokerak mahsulotlarni yoppasiga sotib olishni oqlamayman.

Munis Rasulova, o‘qituvchi: Mavsumiy kiyimlarni chegirma payti sotib olish har doim ham foydali xarid hisoblanmaydi. Bu yil yozda urf bo‘lgan kiyim-kechak keyingi yozgacha urfdan chiqadi. Urfga qarab kiyinmagan holatda ham javonda keraksiz kiyimni to‘plashdan nima naf? Mablag‘ni maqsadli sarf qiladigan odam hech qachon chegirma bilan sotilayotgan mavsumi o‘tgan mahsulotlarga uchmaydi.

Dilbar Rajabova, talaba: Aksariyat do‘konlar xaridorlarga chegirma kartochkalari taklif qiladi. Bu bilan xaridor o‘sha do‘konning doimiy mijoziga aylanadi. Xaridorning mobil telefoniga yangi mollar, aksiya va chegirmalardan xabardor qiladigan SMS xabarlar yo‘llanadi. Do‘kondan qilgan har bir xarid mijozga chegirma imkoniyatini oshiradi. Menda ham bir do‘konning chegirma kartochkasi bor. Biroq xaridim paytida sotuvchi tomonidan o‘tkazilgan summa miqdori kartochkamga tushgan-tushmaganini bilishim qiyin. Balki do‘konlar shu holat bilan bog‘liq muammolarni ham o‘rgansalar, foydadan xoli bo‘lmasdi. Kartochka bilan bog‘liq yana bir holat chegirma yoki arzon sotuv bilan bog‘liq boshqa aksiyalarda chegirma kartochkasidagi summa inobatga olinmasligi kishini taajjubga soladi. Demak, chegirma kartochkalari xaridor foydasi uchun emas, degan fikrga boradi kishi.

Ma’lumot o‘rnida: Sotuvchi tovar nomi, shtrix kodi (mavjud bo‘lganda), undan samarali va xavfsiz foydalanish qoidalari va shartlari, kafolat muddati, xizmat qilish yoki yaroqlilik muddati, shuningdek ko‘rsatilgan muddatlar tamom bo‘lganidan keyin xaridor amalga oshirishi kerak bo‘lgan zarur xatti-harakatlar, agar tovarlar ko‘rsatilgan muddatlar tamom bo‘lganidan keyin xaridorning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulki uchun xavf tug‘dirsa yoki foydalanish uchun yaroqsiz bo‘lib qolsa yoki shunga o‘xshash xavf kelib chiqishi mumkin bo‘lgan oqibatlar, tovar narxi va uni sotib olish shartlari to‘g‘risida xaridorga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tovarlar haqida ma’lumotlar berishi shart.

Chegirma asosida sotib olingan mahsulotdan iste’molchi zarar ko‘rsa

O‘zbekiston Respublikasi Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida gi qonunning 8-moddasiga asosan, tadbirkorlik faoliyati sub’ektlari o‘z tovarlarini (ishlarini, xizmatlarini) mustaqil ravishda belgilanadigan narxlar va tariflar bo‘yicha yoki shartnoma asosida realizasiya qilishga (qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno) haqlidirlar, deydi Davlat raqobat qo‘mitasi Reklama faoliyati nazorati va iste’molchilar huquqini himoya qilish boshqarmasi bosh mutaxassisi Farrux Madaminov. O‘zbekiston Respublikasi Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida gi qonunining 6-moddasiga asosan, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) iste’molchiga o‘zi realizasiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shart. Narxnoma bilan qo‘yilgan tovarlar hamda tovar (ish, xizmat)lar haqida mijozlar e’tiboriga havola etiladigan ma’lumot tegishli shartnomani tuzish uchun taklif deb hisoblanadi. Yuqoridagilarga asosan, sotuvchi (tadbirkor) va iste’molchi qonun hujjatlari talablarida belgilangan tartibda ish yuritsa, o‘z majburiyatlarini bajarsa va huquqlaridan to‘liq foydalansa savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida iste’molchilar huquqlari buzilmaydi.

Agar noto‘g‘ri reklama, tovarlarni chegirma asosida sotish to‘g‘risidagi e’lon oqibatida sotib olingan tovar (ish, xizmat) tufayli iste’molchiga yetkazilgan zarar ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) tomonidan to‘liq hajmda qoplanmagan taqdirda, xaridni tasdiqlovchi kassa yoki terminal cheki bilan noto‘g‘ri reklama yoki tovarlarni chegirma asosida sotish to‘g‘risidagi e’lon aks ettirilgan fotolavhani ilova qilgan holda Davlat raqobat qo‘mitasi yoki uning hududiy organlariga yozma yoxud elektron ravishda murojaat qilishlari mumkin.

Marketolog Shuhrat Mahmudov fikrlariga ko‘ra, yurtimizdagi do‘kon va bozorlarda, xizmat ko‘rsatish va servis shaxobchalarida yilning ma’lum oylarida foydali xaridlarni amalga oshirish imkoni mavjud ekan. Ya’ni, yanvar-fevral oylarida sayyohlik chiptalarini arzon narxda xarid qilish mumkin. Turar joy va ko‘chmas mulk bilan bog‘liq savdo-sotiq va ijaraga olish ishlarini may-avgust oylarida amalga oshirgan ma’qul. Shuningdek, yoz oylarida sport zallari, fitnes klublarida ham narxlar pasayishi kuzatiladi. O‘quv qurollari, o‘quvchi-talabalar uchun zarur mollar noyabr- dekabr va may-iyun oylarida arzon narxlarda sotiladi. Pardoz mahsulotlari, taqinchoqlar va boshqa zebu ziynat aksessuarlarini esa yil davomida urfdagi holati bo‘yicha belgilangan qiymatda sotib olish mumkin. Albatta, meva-sabzavot va poliz mahsulotlari jannatmonand diyorimizda bahor oylarining oxiridan boshlab, kuzning so‘nggi kunlarigacha xaridorni qoniqtiradigan narxlarda sotiladi. Mini va mikro to‘lqinli pechlar, gaz plitalari yoz oylarida biroz arzonlashsa, kondinsioner va sovutgichlar noyabrdan aprel oyigacha qisman arzonlashadi.

Shuningdek, kiyim-kechak va oziq-ovqat mahsulotlari do‘konlarida bayramlar munosabati bilan turli aksiya va chegirmalar tashkil qilinadi.

Pulni qanday topgan inson uni qanday sarflashni ham yaxshi biladi. Tejamkorlik bilan Arzonning sho‘rvasi ga uchishni ajrata olgan xaridor hech qachon foydasiz xarid qilmaydi va yolg‘on chegirmalarga aldanmaydi.

Umida ADIZOVA tayyorladi

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!