Qo‘shimcha kontrakt to‘lab o‘qishga kirgan talabalar yotoqxona bilan ta’minlanadimi?

Qo‘shimcha kontrakt to‘lab o‘qishga kirgan talabalar yotoqxona bilan ta’minlanadimi?

Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun test sinovlarida yetarli ball to‘play olmagan, ammo oshirilgan kontrakt pulini to‘lash hisobiga oliygohga kirmoqchi bo‘lgan abituriyentlardan shu kunlarda arizalar qabul qilinib, shunga asosan, to‘lov amalga oshirilmoqda. Ammo ular o‘qishni hamma qatori sentyabrdan emas, biroz kechroq boshlaydi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: bunday talabalarni tegishli oliygoh turarjoy bilan ta’minlaydimi? Ayniqsa, poytaxtga o‘qishga kelgach, barcha yotoqxonalar band bo‘lib qolib, ular ko‘chada qolib ketmaydimi? Bu savollarga “Oila davrasida” nashri Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligidan javob olgan.

— Talabalar turarjoyi, birinchi navbatda, o‘sha joyga haqiqatdan ham muhtoj talabaga beriladi, — deydi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining boshqarma boshlig‘i Otabek Bozorov. — Bu tegishli institutda tuziladigan ishchi guruh tomonidan amalga oshiriladi. Ishchi guruh talabaning oilaviy sharoitini obdan o‘rganib chiqadi. Buning uchun talaba istiqomat qiladigan mahalladan, ota-onasining ish joyidan tegishli ma’lumotlarni ham oladi. Shunga ko‘ra, talabalar turarjoyi, eng avvalo, birinchi kursga qabul qilinayotgan talabaga beriladi.

O‘z navbatida, oshirilgan kontrakt pulini to‘lab, yangi qabul qilinadigan talabaga esa mavjud turarjoyning xonalari sonidan kelib chiqqan holda zaxira ajratiladi. Ushbu zaxira o‘rni poytaxt sharoitiga moslashishga ulgurgan ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi kurs talabalari hisobidan shakllantiriladi. Ya’ni, agar yangi qabul qilinadigan talaba turarjoyga ehtiyoj sezsa, katta kurs talabalari o‘rtasida tushuntirish olib borilib, ularga joy berish vaqtinchalik to‘xtatiladi. Qolaversa, yuqori kurs talabalari o‘zlari mustaqil ravishda ijara xonadonga chiqib ketishi ham mumkin. Bordiyu, yangi talabaga oliygohdagi turarjoy zarur bo‘lmasa, qolganlar ham bemalol turarjoyga ega bo‘lishi mumkin.

Talaba o‘qishga kirish uchun katta miqdordagi pulni to‘lagan ekan, unga har bir oliy ta’lim muassasasi sharoit yaratib berishi shart. Shuning uchun buni to‘g‘ri qabul qilish kerak. Ammo bu boshqalar joysiz qolib ketadi, degani emas. Faqat ozgina sabr qilish kerak.

Manba: uz24.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!