Qiz ko‘rsangiz, o‘kinmang!

Qiz ko‘rsangiz, o‘kinmang!

Hazrati Xadichaning (Alloh rozi bo‘lsin) ko‘zi yoridi. Fayzli oilada qiz farzand dunyoga keldi. Ona go‘dagiga cheksiz mehr va… o‘kinch bilan termuldi. U zot esa yaxshi xabarni eshitiboq Xadichaning yoniga shoshdilar. Qizaloqni sevinch bilan quchoqlariga olib, bag‘rilariga bosdilar. Ayollariga minnatdor boqib:

— Qizimning ismi Zaynab bo‘lsin! — dedilar.

“Zaynab”, ya’ni, otasining ziynati…

Bu hodisa qiz farzandlar kamsitilishiga qo‘yilgan qat’iy nuqta edi. Johiliyat davrida odamlarning malomatidan qo‘rqib, qizlarni go‘dak chog‘ida tiriklay ko‘mishdek jirkanch odat bo‘lgan. 

Islom dini bu jirkanch odatni tugatdi. Ayollarni kamsitishga, ularga buyumdek qarashga, qiz ko‘rishni ayb sanashga chek qo‘ydi: “Qaysi birlariga qiz (ko‘rgani haqida) xushxabar berilsa, g‘azabi kelib, yuzlari qorayib ketar. U (qiz)ni kamsitgan holda olib qolish yoki (tiriklay) tuproqqa qorish (to‘g‘risida o‘y surib), o‘ziga xushxabar berilgan narsaning “yomon”ligidan (oriyat qilib,) odamlardan yashirinib olur. Ogoh bo‘linglarkim, ularning bu hukmlari yaroqsizdir” ("Nahl" surasi, 58-59 oyatlar).

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) hadisi shariflarida marhamat qiladilar:

“Alloh taolodan xayrli bolalar ato etishini so‘radim, menga qiz farzandlar ehson etdi”(“Shir’atul Islom”);

“Qiz farzandlaringni xor ko‘rmanglar, men qizlarning otasiman” (“Miftohul jinon”) “Bozordan yangi meva sotib olib, uyiga keltirgan kishi sadaqa qilish savobini oladi. Olib kelingan mevani avval qizlariga bersin! Ayoli, qizlarini sevintirgan odamning savobi Alloh taolodan qo‘rqib yig‘laganning savobi kabidir. Allohdan qo‘rqib yig‘lagan kishining tanasi jahannamga haromdir” (Ibn Adiy).

Qiz farzandlarga qanday munosabatda bo‘lish kerakligini bilish uchun mazkur bashoratlar kifoya.

Afsus, ba’zida johiliyat davrini eslatuvchi sovuq gaplarni ham eshitib qolamiz. Erkaklar-ku, onalik dardini, mehrini ayollarchalik his qilishmas. Bunday gaplarni ona bo‘lish og‘irliklarini boshidan o‘tkazgan, o‘g‘ilmi-qizmi, farzand naqadar shirin, aziz bo‘lishini bilgan kayvoni xotinlardan eshitish qanday achinarli:

“O‘zi shu kelinni boshidan jinim suymagan. Agar yaxshi bo‘lsa, birinchi bolasi qiz tug‘ilarmidi?” “Falonchining kelini uchinchisini ham qiz tug‘ibdi. Hammaning ko‘nglini og‘ritaverganidan keyin, shunday bo‘ladi-da!” “Nechta qizi bor ekan? Oltita?! Shuncha qizning o‘rniga bitta o‘g‘il tug‘ib olmaydimi, yonboshida suyanchig‘i bo‘lardi…” “Kelinimga aytdim, bolam shu to‘rtta qiz bilan o‘tib ketaveradimi, dedim. Rost-da, o‘g‘il tug‘magan ayol ayolmi?!” “Odam dunyoga bir marta keladi, hamma ham orzu-havas ko‘rishni istaydi… ”

Ha, ko‘pchiligimiz puch orzu-havaslar ortidan chopib, ovoramiz. Axir shu orzu-havaslar bizni gunohlarga, xatolarga yetaklamayaptimi?

Farzand insonga ato etilgan eng ulug‘ ne’mat. Ularning birini boshqasidan ustun qo‘yish, ne’matni qadrlamaslik, shukrsizlikdir. Tirnoqqa zor o‘tganlar qancha, birgina farzand tilab yashayotganlar qancha? Bandasi uchun yaxshilik kimda yoki nimada ekanini faqat Alloh taolo biladi.

Shunday ekan, farzandlaringiz qiz bo‘lsa, aslo o‘ksinmang. Chiroyli tarbiyalab, tengiga uzatib, keyin ham yaxshilik qilishda davom etsangiz, Mehribon Alloh ularni siz bilan jahannam o‘rtasida to‘siq qiladi.

M.Mo‘minov,
Andijon viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari

Manba


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!