OPIC O‘zbekistonga qaytdi

OPIC O‘zbekistonga qaytdi

Amerikaning xususiy xorijiy investisiyalar korporasiyasi (OPIC) O‘zbekistondagi faoliyatini qaytadan boshladi, deb xabar berdi O‘zbekiston Senati matbuot-xizmati.

"17 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyevning Xususiy xorijiy investisiyalar korporasiyasi (OPIC) vise-prezidenti D. Boxigien boshchiligidagi delegasiya bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi", - deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, mehmonlarga O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar, jumladan qulay investisiya muhitini yaratishga, xorijiy investisiyalarni jalb qilishning qonunchilik bazasini mustahkamlash va rivojlantirishga doir ishlar, O‘zbekiston hududida investisiya faoliyatini amalga oshirayotgan xorijiy investorlar huquqlari va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha davlat kafolatlari va choralarining qonunchilik asoslari to‘g‘risida batafsil axborot berildi.

O‘z navbatida, mehmonlar O‘zbekistonda o‘z faoliyatini qayta boshlagan Xususiy xorijiy investisiyalar korporasiyasining, AQSh Hukumati huzuridagi agentlikning maqsadi O‘zbekiston bozoriga mablag‘lar kiritishda amerikalik tadbirkorlarga kreditlar va kafolatlar berish orqali ko‘maklashishdan iborat ekanligini ta’kidlab o‘tdilar.

Shuningdek, Korporasiya xususiy va boshqariladigan investisiya jamg‘armalarini tashkil etishni ham qo‘llab-quvvatlaydi. Kapital bilan qo‘llab-quvvatlashdan tashqari, OPIC rivojlanayotgan mamlakatlarga boshqaruv ko‘nikmalari va moliyaviy ekspertizadan foydalanishda ham yordam ko‘rsatadi.

Suhbat chog‘ida Korporasiya vakillari O‘zbekistonda birinchi navbatda siyosiy va iqtisodiy vaziyatning barqarorligi hamda investorlarning xavfsizligi mustahkam ta’minlanayotganligi tufayli O‘zbekiston bozoriga kapital kiritish istiqbolli ekanligini ta’kidladilar.

Bugungi kunda Korporasiya aktivlari 20 mlrd. AQSh dollarini tashkil etadi. OPIC jahonning 160 ta rivojlanayotgan mamlakatida faoliyat olib boradi va axborot texnologiyalari, sog‘liqni saqlash, ta’lim, infratuzilma, telekommunikasiyalar, moliyaviy xizmatlar, uy-joy bozori va qishloq xo‘jaligi kabi turli sohalarda biznesni moliyalashtirishda ko‘mak beradi.

Shuningdek OPIC kichik biznesdan tortib to tashqi bozorda ipoteka kreditini berishgacha kreditlashning har xil turlariga subsidiyalar ajratish uchun xorijiy mamlakatlarning moliyaviy muassasalari bilan ham hamkorlik qiladi.

Manba: sof. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!