Navoiyda gulxan atrofidagi “o‘yin”ga chek qo‘yildi
XALQIMIZDA “Isinmadim olovingga, ko‘r bo‘ldim tutuningga”, degan naql bor. Bugun gaz idoralaridan norozi bo‘lib yurgan ko‘plab fuqarolarimiz shu naqlni tez-tez yodga olayapti. Konimex tumani, “Yangig‘azg‘on” ovul fuqarolar yig‘inida yashovchi Turekabul Jo‘rayev va yana 43 nafar fuqaro Konimex tuman adliya bo‘limiga ariza bilan murojaat qilib, 2016 yil sentyabr oyida “Yangig‘azg‘on” ovul fuqarolar yig‘ini aholisiga Konimex gaz ta’minoti uchastkasi tomonidan tabiiy gaz yetkazib berish to‘xtatilganligini ma’lum qilgan. Ular o‘sha davrda tabiiy gaz uchun oldindan amalga oshirilgan to‘lov pullari bugungi kunga qadar gaz yetkazib berish idorasi tomonidan qaytarilmasdan kelinayotganidan norozi bo‘lib, o‘z pullarini undirib berishni so‘rashgan.
Mazkur holat atroflicha o‘rganilganda, “O‘ztransgaz” AJ Navoiy viloyati bo‘yicha gaz ta’minoti hududiy filialidan 19,1 million so‘m ortiqcha ushlab qolingan pul mablag‘lari to‘g‘risida ma’lumotnoma olindi. Ushlab qolingan pul mablag‘larini to‘lab berish yuzasidan “O‘ztransgaz” AJ Navoiy viloyati bo‘yicha gaz ta’minoti hududiy filialiga taqdimnoma kiritildi. Ammo gaz idorasidagilar o‘tda yonmas, suvda cho‘kmas, “olovda toblanganlar”dan chiqdi. Ular taqdimnomaga parvo ham qilishmadi.
Ortiqcha ushlab qolingan pul mablag‘lari to‘lab berilmagach, Konimex tuman adliya bo‘limi tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlararo sudiga 43 nafar fuqaroning manfaatlarini ko‘zlab da’vo arizalari kiritildi va adliya bo‘limining da’vosi to‘liq qanoatlantirib berildi. Bugungi kunda ushbu pul mablag‘lari to‘liq undirilishi ta’minlandi, gulxan atrofidagi bu “o‘yin”ga chek qo‘yildi.
Bundan tashqari, “Yangig‘azg‘on” ovul fuqarolar yig‘inida yashovchi qolgan fuqarolar ham xuddi shu masalada adliya bo‘limiga murojaat qilishga majbur bo‘ldi. Ya’ni, Janture Sabirov va boshqa 35 nafar fuqaroning Konimex tuman adliya bo‘limiga yozma va og‘zaki murojaatida 2016 yil sentyabr oyida “Yangig‘azg‘on” ovul fuqarolar yig‘ini aholisiga Konimex gaz ta’minoti uchastkasi tomonidan tabiiy gaz yetkazib berish to‘xtatilganligi ma’lum qilinib, o‘sha davrda tabiiy gaz uchun oldindan amalga oshirilgan to‘lov pullarini bugungi kunga qadar gaz yetkazib berish idorasi tomonidan qaytarilmasdan kelinayotganidan norozi bo‘lib, undirib berishda yordam so‘ralgan.
Tuman adliya bo‘limi tomonidan 2019 yil 18 mayda “O‘ztransgaz” AJ Navoiy viloyati bo‘yicha gaz ta’minoti hududiy filialiga tabiiy gaz uchun to‘lab berilgan ortiqcha to‘lovlarni qaytarish yuzasidan kiritilgan taqdimnomaga asosan, 35 nafar fuqaroga jami 10,7 million so‘mlik pul mablag‘lari undirib berildi.
Elbek FAYZULLAYEV, Konimex tuman adliya bo‘limi boshlig‘i