Namanganda "qalovini topib, qorni yondirgan" qarindoshning qilmishi fosh bo‘ldi

Namanganda "qalovini topib, qorni yondirgan" qarindoshning qilmishi fosh bo‘ldi

Xalqimizda «Qalovini topsang, qor ham yonadi» degan bir ko‘hna maqol bor. Albatta, bu maqol yo‘qni bor qilib ko‘rsatadigan, o‘z manfaati yo‘lida kutilmagan «uddaburonlik»ka «qodir» bo‘lgan  odamlar haqida aytilgan.

Ammo jamiyatimizda birovning ishonchini suiiste’mol qilib, yaxshilikka yomonlik bilan javob berayotgan, insofni unutib «qorni yondirayotganlar» ham uchrab turishi juda achinarli. Norin tuman ma’muriy sudining ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilgan bir ma’muriy ishda ham aynan yaxshilikka qaytarilgan yomonlik muhokamaga mavzu bo‘ldi.

Bu o‘rinda Ismoil Shodiyevning (ism-shariflar o‘zgartirilgan) manfaatdor Norin tuman hokimligiga nisbatan Norin tuman hokimining 2018 yil 12 yanvardagi qarorining fuqaro O. Po‘latova nomiga mulk huquqini belgilash to‘g‘risidagi qismini haqiqiy emas, deb topish haqidagi shikoyat arizasi bo‘yicha yuritilgan ish haqida so‘z bormoqda.

I. Shodiyevning sudga shikoyatidan ma’lum bo‘lishicha, turmush o‘rtog‘ining amakisi — tumandagi «Boyovul» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Alimardon Soliyev farzandi bo‘lmagani uchun turmush o‘rtog‘i vafotidan so‘ng yolg‘izlanib qoladi va «uyimning chirog‘ini sizlar yoqib turinglar, uy solinglar» deb hovli-joyini I. Shodiyevga bermoqchi bo‘ladi.

Ammo o‘sha paytlarda, ya’ni 1988 yil A. Soliyev puldan qiynalganligi sababli hovli-joyni Qurbon Do‘stmatovga 3 000 so‘mga sotib yuboradi.

Bundan xabar topgan I. Shodiyev zudlik bilan Q. Do‘stmatovga 3 000 so‘mni berib, hovli-joyni qaytarib oladi.

Ammo hovli-joyni notarial idora orqali rasmiylashtirish jarayonida amakisi A. Soliyev vafot etadi. So‘ngra I. Shodiyev ushbu hovli-joydagi 2 xonali eski, xarob imoratlarni buzib, o‘rniga avval 2 xonali, keyinchalik 4 xonali uy quradi.

Ayni shu kezlarda I. Shodiyevning qaynsinglisi Oydin Po‘latova turmushidan ajrashib, otasining uyida yashab yurgandi. 2009 yilda, turmush o‘rtog‘ining taklifiga ko‘ra, u o‘zi qurgan uyni qaynsinglisiga vaqtinchalik foydalanib turishi uchun beradi. Ya’ni odamgarchilik qiladi.

Keyinchalik uy-joy o‘zlariga kerak bo‘lgani uchun I. Shodiyev qaynsinglisi O. Po‘latovadan uyni bo‘shatishni so‘raydi. O. Po‘latova esa, ushbu hovli-joyni allaqachon o‘zining nomiga o‘tkazib olganini aytadi. Buni eshitib, I. Shodiyev taajjubdan yoqa ushlab qoladi.

Shundan so‘ng I. Shodiyev advokatning aloqa xati orqali Norin tuman hokimining 2018 yil 12 yanvardagi qaroriga binoan O. Po‘latova nomiga mulk huquqi belgilanganini biladi.

Shu bois, u o‘zi qurgan uyga nisbatan qanday qilib boshqa kishining nomiga mulk huquqi berilgan, degan savolga javob topish maqsadida, tuman hokimligidagi mavjud hujjatlarni o‘rganadi.

O‘rganish jarayonida uy-joylar kim tomonidan qurilgani to‘g‘risidagi mahalla fuqarolar yig‘ini bergan ma’lumotnoma hamda guvohlarning tushuntirishlari noto‘g‘ri ekanini aniqlaydi. Ushbu nizoli hovli-joyda hozirda O. Po‘latova yashayotgan bo‘lsa-da, hovlidagi uy-joylarni u qurmaganligi, Norin tuman hokimligining o‘rganish komissiyasi tomonidan O. Po‘latovaga haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan hujjatlar asosida, holatni to‘liq o‘rganmay turib, ushbu qaror chiqarilganligi ma’lum bo‘ladi.

Fuqarolik qonunchiligida mulk huquqi muddatsiz deb ko‘rsatilgan. Mazkur qaror esa, I. Shodiyevning mulkka bo‘lgan huquqiga zid bo‘lib, oqibatda uning qonun bilan qo‘riqlanadigan huquqlari buzilgan edi.

Shu sababli I. Shodiyev «Boyovul» mahallasida joylashgan ushbu mulkka nisbatan Norin tuman hokimining 2018 yil 12 yanvardagi 112-sonli qarorining O. Po‘latova nomiga mulk huquqini belgilash to‘g‘risidagi qismini haqiqiy emas, deb topish haqida suddan hal qiluv qarori chiqarishni so‘radi.

Ajabo… Birovning butun boshli hovli-joyini osongina o‘z nomiga o‘tkazib olish, tuman hokimligi komissiyasini chalg‘itish, aldash, eng achinarlisi, boshpanasiz yurgan og‘ir damlarda vaqtincha yashab turishga joy berib, yaxshilik qil¬gan qarindoshiga nisbatan nomardlik qilish — bularning bari hech bir aqlga sig‘maydi.

Tuman hokimligi komissiyasi a’zolari nega masalani bir yoqlama o‘rganishdi ekan? Mahalla vakillari qayoqqa qaragandilar?

Bu kabi savollarning barchasiga sudda oydinlik kiritildi.

Garchi O. Po‘latova sud majlisida I. Shodiyev haqi¬qatan ham, opasining turmush o‘r¬tog‘i, ya’ni pochchasi bo‘lishini, mazkur nizoli hovlida 2009 yildan buyon yashab kelishi, qurilishda o‘zi ham ishtirok etganini bayon qilgan bo‘lsa-da, aslida, bu yerdagi barcha qurilishlar I. Sho¬diyev tomonidan amalga oshirilganligi guvohlar, qo‘ni-qo‘shnilar va imoratlar qurilishida ishlagan ustalarning ko‘rsatmalari asosida to‘liq isbotlandi.

Hatto I. Shodiyevning turmush o‘rtog‘i orqali singlisiga kommunal to‘lovlarni to‘¬lash uchun berilgan pullarni O. Po‘latova olib, to‘lovlarni imi-jimida o‘zining nomidan amalga oshirgani ham ayon bo‘ldi.

Yana bir muammo — I. Shodiyev mazkur uy-joy o‘ziga tegishliligini tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish uchun mahalla fuqarolar yig‘iniga bir necha marta murojaat qilgan. Mahalla mutasaddilari esa, u doimiy ro‘yxatdan o‘tmasa, hujjatlarga muhr bosib bermasligini aytgan.

Oqibatda u hovli-joy hujjatlarini o‘z vaqtida rasmiylashtira olmagan.

O. Po‘latovaga esa, hujjatlar bir zumda rasmiylashtirib berilgan. Bu g‘alati holatlar kishini o‘ylantirmay qo‘y¬maydi.

Sudda ishtirok etgan tuman hokimligi vakili esa, yalpi xatlov o‘tkazilganda tegishli komissiya tomonidan hech qanday nizoli holat aniqlanmaganligi sababli O. Po‘latovaga mulk huquqini e’tirof etish to‘g‘risida qaror chiqarilganini bayon qildi.

Ish yuzasidan Norin tuman «Ermulkkadastr» davlat korxonasi vakili K. Ismatov esa, 2016-2017 yillarda tumanda yalpi xatlov o‘tkazilgani, «Boyovul» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi O. Po‘latovaning yashash xonadoni o‘rganilganda, u ushbu uy-joy o‘ziga meros bo‘lib qolganini aytgani, mahalla fuqarolar yig‘inidan ham nizoli holat mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumotnoma olingani, shunga asosan, tuman hokimining qa¬rori chiqarilib, kadastr yig‘ma jildi tayyorlanganini bildirdi.

Sud taraflar va guvohlarning ko‘rsatmalarini tinglab, hujjatlarni atroflicha muhokama qilib, yuqoridagi manzilda joylashgan bi¬no-inshootlar kim tomonidan qurilganligi to‘liq o‘rganilmasdan arizachining huquq va manfaatlari buzilgan hamda tuman hokimining qarori noqonuniy qabul qilingan, degan xulosaga keldi.

Sud Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 154-159-moddalarini qo‘llab, fuqaro I. Shodiyevning shikoyat arizasini qanoatlantirdi. Norin tuman hokimi qarorining O. Po‘latova nomiga mulk huquqini belgilash to‘g‘risidagi qismini ha¬qiqiy emas, deb topdi.

Shuningdek, O. Po‘latova tomonidan keltirilgan apellyasiya shikoyati asosida ushbu nizoli masalani Namangan viloyat ma’muriy sudi apellyasiya instansiyasida ham ko‘rib chiqildi.

Apellyasiya sudi majlisida so‘ralgan javobgar — tuman hokimligi ishonchli vakili O. Sulaymonov o‘z ko‘rsatmasida quyidagilarni:

mazkur ish birinchi bos¬qich sudi tomonidan to‘liq o‘rganib chiqilgani;

«Boyovul» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yalpi xatlov o‘tkazilgan vaqtda O. Po‘latova uy-joylar o‘ziga tegishliligini aytganligi sababli unga ishonib, qaror qabul qilinib, kadastr hujjati rasmiylashtirilgani;

nizoli uy-joy aslida I. Shodiyev tomonidan qurilganligi sudda ham tasdiqlangani;

O. Po‘latovaning uy qurishga imkoniyati yo‘qligi guvohlar tomonidan sudda bildirilgani;

mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan berilgan dalolatnomaga ishonib, tuman ho¬kimining qarori qabul qi¬linganini bayon qilib, ishni qonuniy hal etishni so‘radi.

Bunday hollarda sudlov hay’ati keltirilgan apellyasiya shikoyatini qanoatlantirishga asoslar mavjud emas, deb hisobladi.

Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 219-moddasi 1-bandiga ko‘ra, apellyasiya instansiya¬si sudi shikoyatni ko‘rish natijalari bo‘yicha sudning hal qiluv qarorini o‘zgarishsiz qoldirishga haqli.

Sudlov hay’ati qonun talabidan kelib chiqib, birinchi bosqich sudining hal qiluv qa¬rorini o‘zgarishsiz, keltirilgan apellyasiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topdi.

Shu tariqa «qalovini topib, qorni yondirgan» oqibatsiz qa¬rindoshning yolg‘ondan iborat pinhona kirdikorliklari fosh bo‘ldi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!