Namangan tibbiyoti yutuqlari: 3 yoshli bola yurak tug‘ma nuqsonidan xalos bo‘ldi

Namangan tibbiyoti yutuqlari: 3 yoshli bola yurak tug‘ma nuqsonidan xalos bo‘ldi
Mamlakatimizda, xususan Namangan viloyatida bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va ko‘lamini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, yurak tug‘ma nuqsoni bilan dunyoga kelgan farzandlarni sog‘lomlashtirish borasida dadil amaliy qadamlar qo‘yilmoqda.
 
Qayd etish darkor, shu yilning o‘tgan davrida Yangiqo‘rg‘on, Mingbuloq, Chust kabi tumanlardagi tibbiyot birlashmalarida viloyat kardiologiya markazi shifokorlari bilan hamkorlikda qator kardojarrohlik amaliyotlari o‘tkazilgan edi. Endi bu izchil faoliyat viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida ham yo‘lga qo‘yildi.
 
Konstitusiya kuni arafasida “Irvadon” bolalar shifoxonasi nomi bilan xalqimiz orasida keng ommalashgan mazkur tibbiyot markazida amalga oshirilgan ilk kardiojarrohlik amaliyoti tufayli chustlik 3 yoshli Abrorjon Umarovni bezovta qilayotgan og‘ir dardga nuqta qo‘yildi. U yurak tug‘ma nuqsonining qorinchalararo to‘sig‘i, ya’ni aorta osti joylashuvi – yuqori o‘pka gipertenziyasidan azob chekayotgan edi.
Viloyat kardiologiya markazidan borgan tibbiyot fanlari doktori A. Hikmatov va N. Xudoyberdiyevlar bolalar tibbiyot markazi kardiojarrohi F. Muqimov hamda amaliyot hamshirasi N. Ahmedovalarning sa’y-harakatlari natijasida yurak hastaligining o‘pka gipertenziyasi bilan kechadigan turlarida o‘pka arteriyasida rivojlanuvchi ortga qaytmas o‘zgarishlar bo‘lishini oldini olish maqsadida ushbu jarayon muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Quvonarlisi shundaki, ayni paytda bemor o‘zini yaxshi his etmoqda. Markazning malakali shifokorlari uning sog‘ayishi uchun astoydil harakat qilishmoqda.

- Shifo maskanimizda kelajagimiz vorislari – bolalar salomatligini muhofaza etish uchun imkoniyatlar kengaytirilmoqda, - deydi Namangan viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazidmarkaz bosh shifokori Abdumalik Rahmonov. - Shu yilning o‘zida kardiojarrohlik, neonatal xirurgiya va o‘smir qizlarni sog‘lomlashtirish bo‘limlari ochildi. Ular tajribali va yuqori malakali tibbiyot xodimlari bilan mustahkamlandi. Qisqa vaqt ichida o‘nlab murakkab jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli o‘tkazilib, yosh bemorlarimiz salomatligi tiklandi.

Manba: namnews.uz

Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!