Hozirgi olimipiya terma jamoamiz oltin avlodmi?

Hozirgi olimipiya terma jamoamiz oltin avlodmi?

Xayrulla aka o‘z telegram kanalida Temur Kapadzega oltin avlod to‘g‘ri kelib qolgani yoki teskarisi bo‘lgani haqida yozganini o‘qib, o‘ylab qoldim - avvalgi tarkiblar qanday bo‘lgan edi?

Menga ayniqsa, 2007 yilda Abramov bilan yo‘llanmani boy bergan jamoa juda kuchli ko‘rindi: Odil Ahmedov bor edi, Aziz Haydarov, boshqa Aziz, Ibragimov ham umidli legioner, adashmasam, Anzur ham, Vitaliy Denisov allaqachon yulduz, ko‘pi terma jamoadayam o‘rnini topib ulgurgan.

Ha, hozirgilardayam milliy jamoa a’zolari bor, shunda o‘ylab qoldim, balkim o‘sha tarkibdagi futbolchilarning ko‘pi keyinchalik uzoq vaqt yaxshi futbol o‘ynab, yetakchi futbolchilarga aylangani uchun hozirdan qaraganda, zo‘r ko‘rinayotdir?

Bu xuddi mashhur «Milan» tarkibi va u bilan bog‘liq o‘zim to‘qigan paradoksga o‘xshaydi. Internetda asr boshidagi «Milan» tarkibi birgalikda qaysidir o‘yin oldidan tushgan rasm aylanib yuradi. Dahshatli darajada yulduzli tarkib, qanday qilib ular har doim, hammani yutib tashlamagan, deb hayron qolasiz.

Ammo aslida, bilasizmi, u tarkib biz o‘ylagan kabi kuchli emas. Masalan, Pirlo, ha, katta futbolchi, lekin o‘sha rasm olingan paytda yosh, umidli bir yigit edi, Kaka, «Oltin to‘p» sohibi, ammo bu ish hali sodir bo‘lishiga ancha bor. Maldini balkim tarixdagi eng zo‘r himoyachi, shu bilan birga shu paytda yoshi o‘tgan, eng zo‘r davrida bo‘lmagan. Hokazo. Biz shunchaki, o‘sha futbolchilarning butun faoliyati o‘lchovi bilan rasmga qaraymiz - haqiqatda buyuk futbolchilar. Agar vaqt degan to‘rtinchi o‘lchamni chetga olib qo‘ysak.

Nima demoqchiman?

Albatta, bugungi natijaning o‘zi katta qahramonlik. Yigitlar eshikni buzishdi, endi xuddi yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi chempionatlar kabi, olimpiada uchun saralash musobaqalarda ham oyoqlarimiz qaltiramaydi. Xudo xohlasa, olimpiadada qatnashish odatiy yumushimizga aylanadi.

Ikkinchidan, yozda katta jamoalarga qarshi katta maydonlarda to‘p surgan yoshlarimiz o‘z tajribasi bilan mundial saralash bahslarida ham jonimizga oro kirishadi. Dunyo miqyosidagi musobaqalar qanchalik xalq uchun, muhit e’tibori bilan ham, naqadar katta voqea ekanini tushunishib, u yerlarga yana qaytish uchun bor imkoniyatini ishga solishadi.

Va uchinchidan. Eng muhimi. Bu yigitlar futbolda shunday faoliyatga ega bo‘lsinlarki, ularning har birida klub miqyosidagi va milliy jamoa bilan g‘alabalari shu qadar ko‘p va salmoqli bo‘lsinki, qachondir, kun kelib, yana turli davrlardagi olimpiya jamoalarimiz haqida munozara boshlanganda, 2024 yilga qarab turib, rostanam Kapadzeda dahshatli darajada yulduzli tarkib bo‘lgan ekan-da, bu futbolchilar bilan olimpiadaga chiqmaslikning o‘zi ilojsiz-ku, deb yuboraylik...


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!