O‘zbekiston elchisi Buyuk Britaniya Parlamenti Lordlar palatasi a’zosi bilan savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi

O‘zbekiston elchisi Buyuk Britaniya Parlamenti Lordlar palatasi a’zosi bilan savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi

O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Buyuk Britaniya Parlamenti Lordlar palatasi a’zosi, "Francis Maude Associates" (FMA) kompaniyasining asoschisi va hamraisi lord Frensis Moud bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Suhbat davomida O‘zbekiston va Britaniya o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalarni, savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Lord Frensis Moud O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, shu jumladan, mamlakat iqtisodiyotini liberallashtirish va xorijiy investorlar uchun qulay sharoitlar yaratish yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yuqori baholadi.

Uning ta’kidiga ko‘ra, "FMA" kompaniyasi O‘zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari hamkorlik qilish va mamlakatning investisiyaviy jozibadorligini oshirishga hissa qo‘shishdan manfaatdor.

Uchrashuv yakunida o‘zaro hamkorlik uchun amaliy qadamlarni qo‘yish maqsadida "FMA" kompaniyasi delegasiyasining O‘zbekistonga amaliy safarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

"FMA" 2016 yilda Buyuk Britaniyada tashkil etilgan. Kompaniyaning asosiy faoliyati rivojlanayotgan mamlakatlarga milliy iqtisodiyotini liberallashtirish, soliq tizimini takomillashtirish va davlat sektorini isloh qilishda ko‘maklashishga yo‘naltirilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!