Mutaxassis: "Shunday ota-onalar borki, o‘zlari rus tilida mutlaqo so‘zlasha olmaydi, lekin farzandini rus sinfiga qo‘yadi..."

Mutaxassis: "Shunday ota-onalar borki, o‘zlari rus tilida mutlaqo so‘zlasha olmaydi, lekin farzandini rus sinfiga qo‘yadi..."

Koronavirus bilan bog‘liq vaziyatda xalqimiz sinovli kunlarni boshdan o‘tkazmoqda. Yashash tarzimiz qisman o‘zgargan, tartib-qoidalar yangilanmoqda. Shunday kunlarda aholida ko‘plab savollar tug‘ilishi tabiiy. Ulardan biri maktablarning 1-sinfiga qabul masalasi. Bu jarayon pandemiya sharoitida qanday amalga oshiriladi?

Bunga oydinlik kiritish maqsadida O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Maktablar boshqarmasi bosh mutaxassisi Akmal Hamidovga bir-necha savollar bilan murojaat qildi.

– 2020/2011 o‘quv yilida 650 ming 116 o‘g‘il-qizni 1-sinfga qabul qilish rejalashtirilgan, – dedi A.Hamidov. – Bolalarni maktabga qabul qilishning birinchi sharti karantin qoidalariga rioya etishdir. Pandemiya sharoitini inobatga olgan holda o‘quvchilarning hujjatlari 6-31 iyul kunlari biriktirilgan mikrohudud doirasida, maktablarning imkoniyatidan kelib chiqib esa, ya’ni bo‘sh o‘quvchi o‘rinlari qolgan taqdirda 1-25 avgust kunlari mikrohududdan tashqarida qabul qilinadi.

Shuningdek, ilk bor Toshkent shahrida sinov-tajriba asosida onlayn navbatga qo‘yish (qabul.maktab.uz) tizimini ishga tushirdik. Tajriba muvaffaqiyatli amalga oshsa, keyingi yildan respublikamizning boshqa hududlarida ham joriy etiladi.

Yana bir muhim jihatga e’tibor qaratishni istardik, ya’ni ota-onalar farzandini, birinchi navbatda, yashash manziliga yaqin mikrohududdagi maktabga hamda bola so‘zlasha oladigan tildagi ta’lim yo‘nalishiga berishni tavsiya etardik. Shunday ota-onalar borki, o‘zlari rus tilida mutlaqo so‘zlasha olmaydi, lekin farzandini rus sinfiga qo‘yadi. Bu bolaning fanlarni o‘zlashtirishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Pandemiya sharoitida televideniye orqali onlayn uzatilgan rus tilidagi darslar ham shuni ko‘rsatdiki, ota-ona farzandi bilan mustaqil shug‘ullanish imkoniyati yo‘q. Sababi o‘zi bu tilni tushunmaydi. Bola esa o‘zi bilmagan tilda bir qancha fanlarni o‘zlashtirishi kerak. O‘z-o‘zidan bu bolada ta’lim sifati pasayib ketishiga olib keldi.

Bundan tashqari 6 yoshli farzandini maktabga berayotgan ota-onalarga bolaning maktabga tayyorgarlik darajasiga yaxshilab e’tibor berishini hamda imkon qadar farzandini yana bir yil bolalik muhitida qoldirishni tavsiya qilamiz.

– Birinchi sinfga qabul uchun to‘lov bormi?

– Fuqarolardan bizga bu kabi bo‘yicha ko‘plab murojaatlar kelib tushyapti. Ta’kidlash kerakki, davlat maktablarining birinchi sinfiga qabul qilishda hech qanday to‘lovlar mavjud emas. Mamlakatimizda umumiy o‘rta ta’lim olish bepul.

– Viloyatdan kelgan ota-onalar farzandini maktabga berishi uchun propiska talab qilinadimi?

– Bu toifadagi ota-onalar farzandini 1-sinfga o‘qishga berishda vaqtincha turgan joy bo‘yicha ro‘yxatga olinganlik varaqasini yoki ijarada turayotgan bo‘lsa ijara shartnomasini taqdim etishi mumkin.

Umuman olganda, hududlardan kelib poytaxtda yashayotgan ota-onalardan qat’iy tartibda doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yish (avvalgi doimiy propiska) talab etilmaydi.

– Birinchi sinfga qabul jarayonida qanday hujjatlar talab qilinadi?

– Buning uchun avvalo ota yoki ona maktab direktori nomiga farzandini 1-sinfga qabul qilishini so‘rab ariza yozadi. Ota-onaning pasporti (doimiy propiskasi yoki turgan joyi bo‘yicha vaqtincha hisobga olingani haqidagi qayd yozuvi ko‘rsatilgan holda), bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi nusxalari, sog‘lig‘i to‘g‘risida tibbiy ma’lumotnoma, 3,5x 4,5 o‘lchamdagi 4 dona rangli fotosi kerak bo‘ladi.

– Odatda 1-sinf o‘quvchilari o‘quv yili boshlanmasidan oldinroq maktabga jalb qilinib, ularga ko‘nikma darslari tashkil qilinardi. Bu yil bu tartib qanday?

– Amaliyotda maktabga chiqishdan avval ota-onalarning xohishlariga ko‘ra maktabga tayyorlov mashg‘ulotlari o‘tkazilgan, hozirda yurtimizda karantin cheklovlari amalda bo‘lgani va maktablarda o‘quv jarayonlari to‘liq to‘xtatilganligi bois, buning imkoni yo‘q. Lekin o‘quv yili boshlanganda boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari va psixologlar tomonidan bolalarning maktabga moslashuv jarayonlarini tezlashtirish uchun amaliy yordam ko‘rsatiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!