Marhumlarga tiriklarning sadaqasidan naf yetadimi?

A A A
Marhumlarga tiriklarning sadaqasidan naf yetadimi?

Imom Abu Ja’far Tahoviy aytadi: "Tiriklarning duo va sadaqalarida vafot qilganlarga manfaat bordir". 

Tiriklar vafot etganlarga sadaqalar va duo ila manfaat berishlari mumkindir. Rasululloh sollallohu alayhi va olihi vasallam bizlarni vafot etganlar haqqiga duo qilishga buyurmadilarmi?! 

Agar duo manfaatli bo‘lmasa, unda nima uchun buyurgan edilar?! 

Shuningdek, vafot etganlar haqiga sadaqalar qilishga amr etilgan hadislar vorid bo‘lgan. Bu esa  vafot etganlarga tiriklar sadaqalari va duolaridan manfaat yetmaydi, deguvchi mo‘’tazilalarga va ularning duoda manfaat borligini inkor etuvchi ba’zilariga raddiyadir. 

Alloh taolo marhamat etadi:

«Ulardan keyin kelganlar: «Ey Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, qalbimizda iymon keltirganlarga nafrat solmagin, ey Robbimiz, albatta, sen shafqatli va mehribonsan», derlar». (Hashr, 10).

Agar duo va istig‘forda vafot etganlarga foyda va naf bo‘lmasa, unda o‘tgan birodarlari haqqiga duo qiluvchilar  Alloh taoloning nazdida maqtovga ne sababli sazavor bo‘lishgan ekan?!

Shuningdek, mayyitga o‘qiluvchi janoza namozi aslida vafot etganlar haqiga qilinadigan duodir. Agar ushbu duo vafot etganga manfaatli bo‘lmasa, unda  bu namoz vojibligidan ne hikmat bor?  (janoza mayyit haqqiga xayr duodan iborat).

Darhaqiqat, Nabiy sollallohu alayhi va olihi vasallamdan o‘tganlar haqiga sadaqa qilish joizligiga dalolat qiluvchi hadislar vorid bo‘lgan.

Imom Molik rahimahulloh "Muvatto" asarida Sa’id ibn Amr bobosidan qilgan rivoyatini keltirgan.

Sa’d  ibn Uboda  Rasululloh sollallohu alayhi va olihi vasallam bilan birga g‘azotlardan biriga chiqdi. Onasi  vafotini eshitgach, Rasululloh sollallohu alayhi va olihi vasallamdan "Onam nomidan sadaqa qilsam bo‘ladimi?" deb so‘radi.

U zot alayhissalom: "Ha", dedilar.

Sa’d:  "Falon, falon narsalar onam nomidan sadaqa", dedi.

Ushbu hadisni imom Bayhaqiy  "Sunan"ida  rivoyat qilgan.

Imom Bayhaqiy aytadi:  Bu hadisni imom Buxoriy  "Sahih"ida Muhammad ibn Abdurahimdan rivoyat qilgan.

Ibn Abdulbar "Istizkor"da bunday deydi: Ummu Sa’d ibn Uboda qissasi haqidagi  hadislar mutavotir, musnad va mursaldir. "Tamhid"da ularni ko‘pini keltirdik.  Ulamolarning barchasi tiriklarning o‘liklar haqiga qilgan sadaqalari joiz va mustahabligiga ittifoq qilishgan. Ushbu hadis va u kabi boshqa hadislar ulamolar nazdida qabul va amal qilish uchun yetarlidir.

Shayx Sa’id Fuda hafizahullohning "Sharhul-kabir alaa aqidatut-Tahoviyya" kitobidan.

Sunnatulloh ABDULBOSIT


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!