Korrupsiyani to‘xtatish uchun bizga nima to‘sqinlik qiladi?

Korrupsiyani to‘xtatish uchun bizga nima to‘sqinlik qiladi?

Ingliz yozuvchisi Jonatan Cviftning «Gulliverning sayohatlari» asarida bir epizod bor. Asar qahramoni Gulliver Liliputiyaga safari chog‘ida o‘sha mamalakatda qonunlar ishlashi borasida to‘xtalar ekan, jamiyatda o‘rnatilgan tartib-qoidalarga yetti yil davomida amal qilganini isbotlagan insonlarga ma’lum imtiyozlar, davlat mablag‘lari hisobidan pul mukofoti, shuningdek, qonunlar noziri degan unvon berilishi haqida yozadi. Gulliver liliputlarga o‘zining mamlakati bo‘lgan Yevropada fuqarolar tomonidan qonunlar faqat jazo olish xavfi tufayligina bajarilishini, unga qat’iy rioya qilganlik uchun hech qanday mukofot berilmasligini aytanida liliputlar buni davlatni boshqarishdagi eng katta nuqson, deb atagan. «Shuning uchun ham bu yerdagi sud muassasalarida adolatli sudni olti ko‘zli ayol sifatida tasvirlashadi: ayolning ikki ko‘zi oldida, ikki ko‘zi orqasida va ikki chekkasida bittadan. Uning o‘ng qo‘lida oltin to‘la og‘zi ochiq qop, chap qo‘lida esa qinli qilich — bu jazolashdan ko‘ra mukofotlash maqbulroq, degan ma’noni bildiradi», deb yozadi Gullliver.

Garchi bu asar fantasik voqealardan iborat bo‘lsa-da, yozuvchi shu orqali o‘z zamonasida hukm surgan barcha adolatsizlik, tengsizlik va nomutanosibliklarni ro‘y-rost ochib beradi. O‘ylab qaralsa, Jonatan Sviftning bir necha asr avvalgi fikrlari, bugungi zamonamiz uchun ham mos keladi. Rostdan ham, qonun yo‘lidagi haqqoniy insonlarni mukofotlash kerakdir, ehtimol.

Hali u, hali bu yerda korrupsiya bilan bog‘liq xabarlar — biror mansabdor shaxsning pora bilan qo‘lga tushayotgani, kimningdir o‘z manfaati yo‘lida amaldorga pul taklif qilib javobgarlikka tortilayotgani kabi holatlar kunda-kunora qo‘ziqorindek ko‘paysa, ko‘paymoqdaki sira kamaygani yo‘q. Demak, jazoga tortaverish bilan korrupsiyaga butkul barham berib bo‘lmaydi. «Moddiy manfaatsiz, tanish-bilishsiz ish bitmaydi» qablidagi tushuncha hali eskirgani yo‘q. Negaki, hamon u yer, bu yerda «oldi-berdilar» orqali ish bityapti. Aholi murojaatlarini o‘rganish, ijtimoiy tarmoqlarni kuzatish jarayonida shu ayon bo‘ldiki, aksariyat murojaatlar aynan shu illat ortidan jabr ko‘rganlar, sarson bo‘lganlar va hokazolarni tashkil qilyapti. Buni korrupsiyaga qarshi kurashishning mutlaqo yangi usullarini izlab topish va uni favqulodda bajarish uchun muhim signal, deb qabul qilish kerak.

Xabaringiz bor, joriy yilning 9 iyul sanasida Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining 2019 yilning o‘tgan davri mobaynida qilingan ishlar hisoboti va istiqboldagi rejalari to‘g‘risida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Ushbu qo‘mitaning «korrupsiyaga qarshi kurashish» deb qayta nomlangani aksar jurnalistlar qatori menda ham katta qiziqish uyg‘otgan edi. Qo‘mitaning imkoniyati cheklangan fuqarolar, ayniqsa, farzandini voyaga yetkazayotgan yolg‘iz ayollar manfaatlarini himoya qilishi, ularning murojaatlari joyida hal bo‘lishida amaliy yordam ko‘rsatishi, albatta, tahsinga loyiq. Biroq anjumanda korrupsiyaga qarshi kurashish masalasida umumiy xulosadan chetga chiqilmadi. Vaholanki, korrupsiya bilan bog‘liq eng so‘nggi tahlillari, xalqaro ekpertlar xulosalari, uni kamaytirish va oldini olishdagi o‘zining real taklif va tavsiyalari bilan aynan shu qo‘mita tashabbus ko‘rsatishi kerak emasmidi?

Germaniyaning Berlin shahrida dunyo davlatlari orasida korrupsiya bilan bog‘liq holatlarni o‘rganadigan alohida tashkilot bor. Bu «Transparency International» — Xalqaro shaffoflik tashkiloti 2015 yilda 167 mamlakat o‘rtasida korrupsiyaning qay darajada ekani bo‘yicha indeks natijalarini e’lon qilganida O‘zbekiston oxirgi o‘ntalikdan joy egallab, 153-o‘rinni band etgan edi. 2018 yil esa 5 pog‘ona pastlab, 180 davlat ichida 158-o‘ringa loyiq topilgan. Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘ylab taqqoslaganda Turkmanistondan 3, Afg‘onistondan 14 pog‘ona yuqorida, Qozog‘istondan 34, Qirg‘izistondan 26, Tojikistondan esa 6 pog‘ona pastda joylashganini ko‘rish mumkin.

To‘g‘ri, korrupsiya bugun yoki kecha paydo bo‘lib qolgan emas, xuddi shunday, uni bugun yoki ertaga tugatib bo‘lmaydi. Mushukning tekinga oftobga chiqmasligi, quruq qoshiq og‘iz yirtishi, pul bo‘lsa, changalda ham sho‘rva pishishi, yegan og‘iz uyalishi, yuzta siz-u bizdan, bitta «jiz-biz» yaxshiligi haqidagi ibora va maqollar poraxo‘rlik ancha-muncha yashab qo‘yganidan aks-sado beradi. Biroq bir hikmat borki, ogohlikka chaqiradi: «Pora kanda bo‘lmasa, parokanda bo‘lasan».

Tasavvuf adabiyotining mashhur namoyandasi Hoja Ahmad Yassaviyning quyidagi misralari insonni taqdir har ko‘yga solmasin, u hamisha halollik va to‘g‘rilikni kasb etishga undaydi, aks holda, jazosi og‘ir bo‘lishini bashorat qiladi:

Dunyo uchun g‘am yema, Haqdin o‘zgani dema,

Kishi molini yema, sirot uzra tutaro...

Qarang, gravitasion harakatga o‘xshash korrupsiya makonidan butkul chiqib ketib bo‘lmaydimi? Shu xususda ko‘pni ko‘rgan ota-onam, tadbirkor akam, shifokor, farmasevt, o‘qituvchi opalarim va turli sohadagi qavm-qarindoshlardan so‘rab ko‘rdim. Ular orasidan faqat onam: «Birovning haqi, halol va harom, rizqning yolg‘iz Allohdan berilishi, uvolu savobga ko‘z yumib qo‘ygan odamlar ham bor-da», deb javob qaytardi. Qolganlar esa savolga jo‘yali fikr bildirmadi hisob. Birgina shular timsolida ko‘rdimki, minglab va hatto, millionlab insonlar poraxo‘rlik butkul barham topishiga uncha-da ishonmaydi. Ammo har muammoga yechim bor. Bu yechimni topgan davlatlar, xalqlar ham yo‘q emas. Masalan, korrupsiyadan holi bo‘lgan kuchli uchlik — Daniya, Yangi Zelandiya, Finlandiya singari mamlakatlar bosib o‘tgan og‘ir yo‘ldan o‘tishga nima bizga to‘sqinlik qiladi?

Chirmovuqday chirmashib olgan bu illatni tomiri bilan sug‘urib tashlash fursati keldi. Yo‘qsa, bu illat bizdan farzandlarga, ulardan nevaralarga «meros» qolib, takror-takror ro‘y berib, suyak surib boraveradi.

Manba: human.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!