Kartoshka urug‘i qay tartibda nazoratdan o‘tkaziladi?

Kartoshka urug‘i qay tartibda nazoratdan o‘tkaziladi?

Kartoshka turli maqsadlarda foydalaniladigan ekin turi bo‘lib, dunyo dehqonchiligida asosiy qishloq xo‘jaligi mahsuloti sanaladi. U kraxmal, uglevod, oqsil va S vitamini bilan boshqa oziq-ovqatlardan ajralib turadi.

Respublikada joriy yil ertangi ekinlar va g‘alladan bo‘shagan jami 47 ming 223 gektar maydonlarda kartoshka ekish rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu maydonlar uchun 132 ming 281 tonna urug‘lik kartoshka talab etiladi.

Bugungi kunda importyor korxonalar tomonidan xorijiy mamlakatlardan jami 678 tonna yuqori avlodli urug‘lik kartoshka hamda 2024 yil hosili uchun urug‘lik maqsadlarida ekilib, jamg‘arilgan 6 ming 224 tonna mahalliy urug‘liklardan muvofiqlik sertifikati olish uchun “O‘zagroinspeksiya” qoshidagi Markazga onlayn arizalar kelib tushgan va tegishli tartibda urug‘liklardan namunalar olinib, laboratoriya tahlillari o‘tkazilishi ta’minlangan.

Laboratoriya tahlillariga ko‘ra, 6 ming 473 tonnasiga yaroqliligi bo‘yicha muvofiqlik sertifikati berilgan bo‘lsa, 429 tonnasi ekish uchun yaroqsiz ekani aniqlanib, “O‘zagroinspeksiya” qoshidagi Markaz tomonidan tegishli tartibda bayonnomalar rasmiylashtirilib, tadbirkorlik sub’ektiga yetkazilgan.

“O‘zagroinspeksiya”ning hududiy boshqarmalari va tuman bo‘limlari tomonidan mavsum davomida kartoshka ekiladigan xo‘jalik sub’ektlarining maydonlarida sifati sertifikatlangan urug‘lik kartoshkalarning ekilishi, urug‘liklarga o‘z muddatida kechiktirmasdan muvofiqlik sertifikati berilishi va fermer, klaster va boshqa korxonalarga yetkazib berilishi nazorat qilib boriladi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, tuproq-iqlim sharoitlarini inobatga olgan holda O‘zbekistonning 40 ta kartoshka yetishtirishga ixtisoslashtirilgan tumanida 71 ming gektar maydonda kartoshka yetishtiriladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!