Toshkentda “Made in Pakistan” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi

Toshkentda “Made in Pakistan” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi

Poytaxtimizda “Made in Pakistan” sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi ochildi. Tadbir ochilishi marosimida hukumat a’zolari, Pokistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmad Faruk, vazirlik, idoralar, ikki davlat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.

So‘zga chiqqanlar mazkur yirik ko‘rgazma tovar ayirboshlash ko‘lamini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Strategik hamkorlar hisoblangan ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro savdo qiymatini 1 milliard dollarga yetkazish maqsadida qabul qilingan qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish doirasida tashkil etilgan stendlarda Pokistonning 90 ga yaqin yetakchi ishlab chiqaruvchisi, eksportchilarining to‘qimachilik, farmasevtika, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, kosmetika, elektrotexnika mahsulotlari, motosikl, skuterlar, IT va logistika xizmati namoyish etildi.

Ta’kidlash joiz, so‘nggi besh yilda tovar ayirboshlash 3 barobar o‘sib, 2023 yil 387 million dollarga ko‘tarildi. Tranzit va imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimlar 17 turdagi xaridorgir mollarni imtiyozli asosda yetkazib berish imkonini bermoqda. E’tiborlisi, bu ro‘yxat tobora kengaymoqda.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, O‘zbekistonda Pokiston kapitali ishtirokidagi korxonalar soni uch barobar ko‘payib, 125 taga yetdi.

Mamlakatimizda ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitning amaliy jihati haqida ma’lumot berildi, hamkorlarga farmasevtika, mashinasozlik, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, kimyo va neft-gaz sanoati sohalarida yangi loyihalar amalga oshirish taklif etildi.

O‘z navbatida, Pokiston tomonidan so‘zga chiqqanlar respublikamizda yaratilgan ishbilarmonlik muhitini yuqori baholab, o‘z ishbilarmon doira vakillarini o‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan faol hamkorlik qilishga chaqirdilar.

Dasturga muvofiq uyushtirilgan B2B va G2B muzokaralari aloqalarni mustahkamlash, hamkorlik salohiyatini muhokama qilish, yangi loyihalar ishlab chiqish imkonini berdi.

Anjuman doirasida delegasiyalar rahbarlari o‘rtasida tor doirada muzokara ham o‘tkazilib, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sheriklikni yanada rivojlantirishga doir aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!