«Inson qiyofasidagi bo‘rilar…» Sirdaryoda bo‘g‘izlangan qo‘ylar ijtimoiy tarmoqda qanday aks-sado berdi?

«Inson qiyofasidagi bo‘rilar…» Sirdaryoda bo‘g‘izlangan qo‘ylar ijtimoiy tarmoqda qanday aks-sado berdi?

Kun.uz saytida e’lon qilingan «Sirdaryoda chorvador fermerning yaylovdagi bo‘g‘oz qo‘ylari yoppasiga so‘yib tashlandi» maqolasi «Feysbuk» ijtimoiy tarmog‘ida qizg‘in munozarani keltirib chiqarmoqda.

Voqea bo‘yicha fikr bildirayotganlar Sirdaryo viloyatidagi mas’ul rahbarlar hamda ichki ishlar organi xodimlarini O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasida belgilab qo‘yilgan huquqlarni oyoqosti qilishda, birovning mulkiga bepisandlikda, hattoki jinoyatda ham ham ayblashgan.

Sharhlarda Respublika nazorat qiluvchi organlaridan ushbu holat befarq qolib ketmasligi, mulki talon-toroj qilingan fermerning ko‘rgan zararlari to‘liq qoplanib, aybdorlar jazoga tortilishi lozimligi ta’kidlangan.

Chunonchi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev shunday yozadi:

«Bunaqa farosatsizlikni yana qancha ko‘ramiz ekan, a? Umrida biror marta qo‘liga jilla qursa Konstitusiyani olmagan bunaqa zo‘rovonlar bu tizimga qanday kelib qoladi, hayronsan! Xalq bergan pogon bilan kekkayish va odamlarni behurmat qilishni bas qilishmas ekan, bundaylarga bizning ham hurmatimiz va ishonchimiz bo‘lmaydi hech qachon».

Mahmud Yo‘ldoshev: Bularning ustidan jinoiy ish ochilishi kerak.

Dilshod Zokirov: Ahmoq, yo‘q ahmoq emas ular, ular NKVD va SSSR sarqitlari. Bir taksichi ham aytuvdi, paxtaga tushmagan, tut tagida bog‘log‘liq turgan 5ta qoramolni milisiya dalaga op kirib so‘yib ketipti. Shuyam ishmi?! Xalqni rozi qilishyaptimi yo aksi?..

Rustam Tog‘ayev: Bo‘g‘oz qo‘ylarni so‘yib, ko‘p gunoh orttirishibdi-da, afsus…

Feruza Ikromxonova: Tavba! Xudodan qo‘rqmaydimi?! Noinsoflar! Bo‘g‘oz qo‘ylarning uvoli tutsin, ilohim. Bular inson qiyofasidagi bo‘rilar…

Shohida Dehqonova: «Birniki mingga, mingniki tumanga», degan maqol bor. Afsus, ko‘pchilikning rizqini qiyishibdi. Aybdorlar qonun oldida javob berishi kerak. Bechora fermerga yetkazishgan zarar ulardan undirilishi kerak!

Inatillo Qurbonov: Dahshat!!! Boz ustiga, bu jonivorlar amaldagi veterinariya-sanitariya qoidalariga asosan so‘yishdan oldin va so‘yilgandan keyingi veterinariya-sanitariya ko‘rigidan o‘tkazilmasdan, barcha sharoitlari mavjud kushxona (so‘yish korxonasida) da emas antisanitariya holatida dalada so‘yib yuborilgan. Hukuk-tartibot va davlat veterinariya organlari qayerga qarashmoqda? Axir juda ko‘p o‘ta xavfli yuqumli hamda surunkali kasalliklar hayvonlardan odamlarga yuqishi mumkin-ku? Izohga so‘z ojiz…

Jamshid Murodov: Bu kimningdir uy hayvoni emas, bu chorvachilik fermasining mulki va bu narsa usha fermerni o‘sha hudud IIB xodimlariga qo‘y bermaganining oqibati. Bu ketishda xalq va kuch tizimlari orasida katta jarlik hosil bo‘ladi.

Otabek Xushboqov: Salla desa kallani qo‘shib olib keladigan bo‘lib borayapti oxirgi paytlarda! Bu nimadan darak? Topshiriqlarni to‘liq anglab yetmaslikdan, deb o‘ylayman! Gap boshlanishi bilan «xo‘p bo‘ladi, bajaramiz», degan joylarda uchrab turadi bunaqa holat!

Xolmurod Soriyev: Cho‘pon bitta qo‘yni ikkita qilish uchun 365 kun, ya’ni bir yil kechayu-kunduz ishlaydi! Bundan xabari bormi bu noinsof hokimu-melisa boshlig‘ining! Yana bo‘g‘oz qo‘yni so‘yish gunoh sanaladi xalqimizda. Ming semiz bo‘lsayam, garchi yem-xashagiga xarajat qilib qo‘ygan bo‘lsayam, cho‘ponlar agar qo‘y bo‘g‘oz bo‘lib qolsa, hech qachon so‘yishmaydi, ey xudo bexabarlar? Qo‘yda nima ayb?! Aybi bo‘lsa cho‘ponni sudga berib, o‘ziga jarima sol, noinsof! Uvoli tutadi, kim qilgan bo‘lsayam, badali og‘ir bo‘ladi ular uchun buning!

Yilning qurg‘oqchilik bo‘lgani, dasht hududlarda o‘t-o‘lan bo‘lmaganligi sababli Samarqand, Qashqadaryo, Navoiy viloyatlarining chorvachilikka ixtisoslashgan MCHJ, fermer xo‘jaliklari, aholi chorva mollari juda katta talofat ko‘rdi bu yil. Bunday qurg‘oqchilik yaqin 100 yillar bo‘lmagan ekan, Shuning uchun ular bu yerlarga kelishga majbur bo‘lishdi, hech kim ko‘rmagan qancha qiyinchiliklar, azoblar bilan yurishibdi. Bu holat esa o‘lganning ustiga tepgan bo‘libdi. Axir xalqimizda «Elga bersin, el qatori men ham bersin», «Elda bo‘lsa, etagidan tegadi», degan iboralar bor. Agar shu fermerlarda bo‘lsa, elga nafi tegadiku, axir?! Masalaning bu tomonini shu ishni qilgan rahbarlar o‘ylab ko‘rishganmikan?

Dilshodjon Bo‘rev: Javobgarlikka tortilmasligini bilib, shu ishga qo‘l urishgan. Namoyishkorona! O‘zlari sud, o‘zlari ijro etuvchi organ...


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!