Farg‘onada firibgar ayol 25 000 dollarni "uxlatdi"

Farg‘onada firibgar ayol 25 000 dollarni "uxlatdi"

Biznesda tomonlarning bir-biriga ishonchi muhim o‘rin tutadi. Agar tadbirkorlardan biri ishonchni suiiste’mol qilsa, nafsiga berilib sherigiga xiyonat qilsa, bu biznesning oxiri voy bo‘lishi turgan gap.

Farg‘ona viloyatining Quva tumanida shunday holat kuzatildi. Bu haqda "Postda" nashri yozmoqda.

Joriy yilning 5 may kuni K. L. ismli ayol tuman markazida joylashgan buyum bozorida savdo faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan tanishi R.A.ga birgalikda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish taklifini bildiradi. R.A ham uning taklifiga rozi bo‘ladi. Hamkorlar Toshkent shahridan metall mahsulotlarini olib kelib, Qo‘qon shahrida sotishni va foydani o‘zaro teng taqsimlashni reja qiladi.

Ammo K.L.ning niyati boshqacha ekani keyinroq ma’lum bo‘ldi. Tanishidan 25 ming AQSh dollari miqdoridagi pulni olgach, u butunlay o‘zgardi. Boshida “ana bo‘ladi-mana bo‘ladi” bilan sherigini aldab yurdi. Bora-bora kamnamo bo‘lib qolgan K. L. telefon qo‘ng‘iroqlariga ham javob bermay qo‘ydi.

Pulidan ayrilib, aldanganini bilgan fuqaro oxir-oqibat ichki ishlar organlariga yordam so‘rab murojaat qilishdan boshqa yo‘li qolmadi.

Farg‘ona viloyati IIB Axborot xizmatining xabar qilishicha, mazkur holat yuzasidan Qo‘qon shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga nisbatan sud tomonidan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Hamkorining katta miqdordagi pulini o‘z ehtiyojiga sarflab yuborgan “uddaburon” endi o‘zini qanday oqlaydi ekan?


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!