Farg‘ona vodiysida eng yirik farmasevtika korxonasi ish boshladi

Farg‘ona vodiysida eng yirik farmasevtika korxonasi ish boshladi

Namangan tumanidagi “Merrymed Farm” mas’uliyati cheklangan jamiyatining navbatdagi ishlab chiqarish majmuasi ish boshladi.

 

2010 yilda 30 ishchi bilan faoliyat boshlagan “Merrymed Farm” korxonasida bugungi kunda 700 dan ziyod kishi – oliy va o‘rta maxsus ma’lumotli mutaxassislar, ishchi-xizmatchilar mehnat qilmoqda. Yiliga 120 millionga yaqin o‘ram dori vositalari ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona Farg‘ona vodiysidagi eng yirik farmasevtik korxonasidir. Viloyatda ishlab chiqarilayotgan dori vositalarining 97 foizi “Merrymed Farm” hissasiga to‘g‘ri keladi. Korxonada tabletka, kapsula, in’eksion va infuzion eritmalar, maz, sirop, suspenziya, kukun ko‘rinishidagi antibiotiklar ishlab chiqarilmoqda.

 

Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, 2016 yilda korxonada 275 kishi mehnat qilgan va 59 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2017 yilda ishchi-xodimlar soni 360 nafarga va ishlab chiqarilgan mahsulot qiymati 105 milliard so‘mga yetgan. 2018 yilda esa “Merrymed Farm”da yaratilgan ish o‘rinlari soni 650 ta, yillik mahsulot qiymati 202 milliard so‘mdan ortgani qayd etildi.

O‘tgan yili Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Afg‘oniston davlatlariga 700 ming dollarlik mahsulot eksport qilindi. Joriy yilda esa bu ko‘rsatkichni 1,5 million dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan.

 

Infuzion eritmalar, ko‘z tomchilari, plastik hamda shisha ampulalarda in’eksion eritmalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi sex loyihasi Prezidentimizning 2017 yil iyul oyida viloyatga tashrifi chog‘ida taqdim etilgan edi.

 

– O‘tgan ikki yilda bu yerda qiymati 25 million dollarga teng loyiha hayotga tatbiq etilib, 7 yo‘nalishda 120 turdagi dori-darmon ishlab chiqarishga mo‘ljallangan yangi sex qurib bitkazildi, – deydi “Merrymed Farm” korxonasi rahbari N.Azizov. – Yiliga 15 million 600 ming flakon glyukoza, natriy xlorid, ringer, metronidazol, siprofloksasin va boshqa dori vositalari ishlab chiqarish quvvati ishga tushirildi.

 

Korxonaning ochilish marosimida Namangan viloyati hokimi X.Bozorov so‘zga chiqdi.

Manba: uza. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!