Eron YEOIIda kuzatuvchi davlat maqomini so‘radi

Eron YEOIIda kuzatuvchi davlat maqomini so‘radi

Eron Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi davlat maqomini olish uchun so‘rov yubordi, deb xabar beradi Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi matbuot xizmati.

“Eron Islom Respublikasining Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi davlat maqomini olish haqidagi so‘rovi Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi shtab-kvartirasida ko‘rib chiqildi”, — deyiladi YEIK bayonotida.

Ushbu masala bo‘yicha maslahatlashuvlar 19 avgust kuni YEIK Integrasiya va makroiqtisodiyot vaziri Sergey Glazev raisligida videokonferensiya formatida bo‘lib o‘tdi.

EOIIga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari darajasida vakillik qildilar. Eron delegasiyasiga tashqi ishlar vazirligining Ko‘p tomonlama iqtisodiy hamkorlik departamenti bosh direktori Jaloliddin Alaviy Sabzevariy boshchilik qildi.

“Maslahatlashuvlar ishtirokchilari YEOIIga a’zo davlatlar va Eron Islom Respublikasi o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik izchil rivojlanayotganini qayd etdilar va YEOIIda kuzatuvchi davlat maqomi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq mamlakatning YEOIIga kuzatuvchi davlat maqomini olish tartibini boshlash niyatini olqishladilar”, — deyiladi xabarda.

Eronga bunday maqom berish to‘g‘risidagi qaror Ittifoqqa a’zo davlatlar rahbarlari tomonidan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishida qabul qilinadi.

EOIIga a’zo mamlakatlarning davlat yoki hukumat rahbarlarini o‘z ichiga olgan Kengash yiliga kamida bir marta yig‘iladi, qarorlar konsensus asosida qabul qilinadi. Oxirgi uchrashuv 2024 yil 8 mayda bo‘lib o‘tgan.

Eron 85 milliondan ortiq aholiga ega bo‘lgan yirik va istiqbolli bozor bo‘lib, Fors ko‘rfazida rivojlangan infratuzilmaga ega muhim tranzit salohiyatiga ega.

Moldova (2018 yil 14 may), O‘zbekiston va Kuba (2020 yil 11 dekabr) YEOIIda kuzatuvchi davlat maqomiga ega.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!