Boysunda gazdan zaharlanish holatlari bormi?

Boysunda gazdan zaharlanish holatlari bormi?

Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib, ba’zan shov-shuvga moyilligimiz andakkina oshib ketmayaptimi, degan o‘y o‘tadi xayolimdan. Gohida yuz berayotgan voqea-hodisalarni bo‘rttirib aytish xalqimizga xos bo‘lmagan udumga aylanmayaptimi, degan fikr ham paydo bo‘ladi.

Ikkinchidan, ijtimoiy tarmoqlarda ana shunday shov-shuv ko‘tarilishiga, sodir bo‘lgan voqea va uning asoratlari bo‘rttirib ko‘rsatilishiga soha mutasaddilari ham o‘z vaqtida aniq ma’lumotga asoslangan munosabat bildirmayotgani, mavzu bo‘yicha uzoq vaqt sukut saqlab qolayotgani sabab bo‘layotgandek tuyuladi. Masalan, joriy yilning 1 sentyabr kuni Surxondaryo viloyati Boysun tumani Ko‘lqamish mahallasi hududidagi "Mustaqillikning 25 yilligi" koniga qarashli 604-quduqda burg‘ulash ishlarini olib borish vaqtida texnologik jarayon buzilib, oltingugurt (vodorod sulfid) gazi chiqishi kuzatilgani haqida xabarlar paydo bo‘lgach, bu voqea yuz bergani ma’lum qilinib, hech kim jabrlanmagani, hududda aholi xavfsizligini ta’minlash uchun tezkor shtab tashkil etilib, kon yaqinida yashovchi fuqarolar xavfsiz hududga evakuasiya qilingani to‘g‘risida xabar berilgan edi.

Oradan o‘n kun o‘tgan bo‘lsa-da, bu haqda boshqa rasmiy xabar e’lon qilinmadi. Ko‘pchilik ayniqsa, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tezkor shtab faoliyati, gaz chiqishini to‘xtatish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot kutdi. Bunday sukunat esa turli voqealarni kondagi buzilish oqibatida chiqib turgan gazga bog‘lab, shov-shuv tarqatilishi uchun qulay imkoniyat yaratdi. Bitta misol: ijtimoiy tarmoqda tuman obodonlashtirish bo‘limining bir guruh ishchi ayollpri kon hududiga ishga yuborilgani va ularning o‘nga yaqini shifoxonada kislorodli ballonga ulangani, ayrimlarining ahvoli og‘irligi to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘ldi.

Aslida ular gaz koniga yaqin hududda mehnat qilganmi? Bu savolga mahalliy mutasaddilar shu kuni 40 nafarga yaqin ayol kondan 18 chaqirim uzoqdagi Boshrabot mahallasi hududidagi yo‘l bo‘yida obodonlashtirish ishlarini olib borganini ma’lum qildi. Ulardan 9 nafari sog‘ligidan shikoyat qilib, kasalxonaga kelgan.

¬Bu ayollarning birontasida zaharlanish bilan bog‘liq holat kuzatilmadi,¬deydi bosh shifokor B. Normamatov.¬To‘g‘ri, ular Boshrobotning boshida yo‘l bo‘yida yantoq chopgan. Changni tozalagan. Lekin oltingugurt gazidan zaharlanmagan. Tekshiruvdan o‘tkazdik. Zaharlanishning hech qanaqa alomati aniqlanmadi. Uyiga javob berdik. Gaz sizib chiqqan dastlabki uch kunda zaharlanishdan shikoyat qilib kelganlar bo‘ldi. Ular yotqizilib, tegishli muolaja olishgach, bir soatda uyiga javob berib yuborganmiz. Zaharlanishning juda yengil formasi qayd etilgan. Undan keyin zaharlanish bilan bog‘liq holda davolanayotgan bemorlar qayd etilmadi.

Hududda vodorod sulfid gazi tarqalishining ta’sirini yanada kamaytirish uchun quduqdan sizib chiqayotgan gaz yoqib qo‘yilgan. Oltingugurt zahari tarqalishining oldini olish uchun yonayotgan gazga suv ham purkalayotgan ekan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligining poytaxtda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ham Boysunda ommaviy zaharlanishlar yo‘qligi, lekin aholining ayrim vakillarida yengil zaharlanish holatlari kuzatilayotgani va yaqin kunlarda kon jilovlanishi haqidagi xabar qayta to‘lqinlanayotgan shov-shuvni ancha bostirishga, odamlar xotirjamligini ta’minlashga xizmat qiladi. Bu ma’lumot ham anjumanda ishtirokchilar so‘roviga javob sifatida aytilgan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, aholi yashash joylarida bir metr-kub havo tarkibida 00,8 milligramm vodorod sulfid gazi bo‘lishi tabiiy hol sanaladi. Ayni paytda Boysun tumanidagi hududlarda olib borilayotgan tahlillarga ko‘ra, shamol yo‘nalishi to‘g‘ri kelib qolganida mahallalarda 0,2-0,5, yaqin qishloqlarda 0,6 milligrammgacha vodorod sulfid gazi mavjudligi qayd etilmoqda.

Xullas, bu hodisani tezroq bartaraf etish uchun Boysunda jiddiy chora-tadbirlar olib borilmoqda. Afsuski, konni jilovlash murakkabroq jarayon bo‘lgani uchun ma’lum muddat talab etishi mumkin. Qanday bo‘lmasin, uni tezroq jilovlash choralari ko‘rilmoqda. Mutasaddilarning aytishicha, bu masalada ortiqcha xavotir va vahimaga o‘rin yo‘q.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!