Millat uchun qayg‘urgan farzand — ozodlik kuychisi Shavkat Rahmon 74 yoshda

Millat uchun qayg‘urgan farzand — ozodlik kuychisi Shavkat Rahmon 74 yoshda

Bugun millat uchun qayg‘urgan farzand — ozodlik kuychisi Shavkat Rahmon tavallud topganiga 74 yil bo‘ldi.

XX asr o‘zbek she’riyatining o‘ziga xos vakili, millatparvar shoir - Shavkat Rahmon (Rahmonov Shavkat) 1950 yilning 12 sentyabr kuni O‘sh viloyatidagi Qorasuv tumaniga qarashli Pomir mahallasida xizmatchi oilasida tug‘ilgan.

1966 yilda o‘rta maktabni tugatgach, qurilishlarda, viloyat bosmaxonasi va gazetasida ishlaydi. 1973 yilda Moskvadagi M. Gorkiy nomidagi Adabiyot institutini bitirgach, Toshkentga kelib, G‘afur G‘ulom nomli adabiyot va san’at nashriyotida muharrir va bo‘lim boshlig‘i (1975-82; 1985-90), O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida mas’ul xodim bo‘lib ishlaydi (1982-84).

U shoir sifatida o‘zining takrorlanmas ovozi bilan tengdoshlaridan ajralib turardi.

Uning «Rangin lahzalar» (1978), «Yurak qirralari» (1981), «Ochiq kunlar» (1983), «Gullayotgan tosh» (1984), «Uyg‘oq tog‘lar» (1986), «Hulvo» (1988) kabi she’riy to‘plamlari nashr qilingan. Shoirning o‘zi tayyorlagan «Saylanma» to‘plami vafotidan so‘ng 1997 yili nashr etilgan.

Shavkat Rahmon so‘zning badiiy imkoniyatlarini kengaytirish, fikr va tuyg‘uning botiniy harakatini ifodalash usul va vositalarini topish maqsadida kutilmagan majoziy obrazlardan, qiyoslardan samarali foydalangan, barmoq vaznining an’anaviy o‘lchovlarini buzib, ritm va ohangga erkin munosabatda bo‘lgan, she’riyatda badiiy falsafiy tasvirga urg‘u bergan. Shoir she’riyati o‘tgan asrning 80-yillarida o‘zbek adabiyotida kuchli oqimni tashkil etgan lirik-falsafiy, isyonkorlik ruhidagi asarlar sirasiga kiradi.

Shavkat Rahmon ispan shoirlari F. G. Lorka, X. R. Ximenas, R. Alberti she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

Shavkat Rahmon 1996 yilda vafot etgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!