Dunyoning eng xatarli hasharoti

Dunyoning eng xatarli hasharoti

O‘tkazilgan so‘nggi tadqiqotlar orqali dunyoda eng xatarli sanalgan hasharotning ahamiyati oshkor bo‘ldi. Ehtimol siz dunyoning eng xatarli hasharoti shu mittigina jonzot — chivin ekaniga hayron bo‘layotgandirsiz. Ha, chivin millionlab insonlarning yostig‘i qurishiga sabab bo‘ladi. Chivinning ba’zi turlari borki, ular bezgak kasalligining tarqalishiga sabab bo‘ladi. Dunyoda chivinning 2000 dan ortiq turi bor. Ularning tuzilishi juda murakkab bo‘lib, olimlar kundan-kunga u haqida ma’lumotlarni kashf etmoqdalar.

Alloh taolo chivinga terini oson teshadigan o‘tkir, ichi teshik ignani qo‘shib yaratgan. Teshilgan joydagi qon quyilib qolmasligi uchun chivin o‘sha joydagi qonga maxsus so‘lak yuboradi, bu so‘lak qonni suyuq holda turishiga, chivin uni oson so‘rib olishiga sabab bo‘ladi. Chivin ana shu so‘lagini tanaga yuborayotgan paytda so‘lak bilan birga plasmodiy deb ataladigan bezgak paraziti ham o‘tadi. Plasmodiyning hajmi shu qadar kichikki, uning ellik mingtasi nuqtadek joyni to‘ldiradi. Inson kasallikka chalinishi uchun uning tanasiga ko‘p plasmodiy kirishi shartmas, bir dona kirsa yetadi. Bu parazit bir necha daqiqa ichida jigarga yetib boradi va uning hujayralaridan biri ichiga kirib oladi. Inson bir yoki ikki hafta mobaynida kasallik alomatlarini sezmaydi. Keyin kasallik bo‘y ko‘rsata boshlaydi.

Ushbu parazit qizil qon tanachalarini vayron qiladi. Har bir parazit 4 mingta parazitlarga ko‘payishi mumkin. Bu jarayon sekinlik bilan, jigar yoki insonning immun tizimida muammo qilmasdan yuz beradi.

Bu parazit hujayraning ichidagi moddalar bilan oziqlanib, undagi narsalarni yeb bo‘lgach, hujayraning kattalashib, parchalanishiga sabab bo‘ladi. Parazit qon orqali tarqaladi. Tarqalish paytida qizil qon tanachalari ichiga kirib, uning hujayrasini yeb, o‘sha yerda ko‘payib, keyin hujayra parchalanganda ichidan ko‘plab parazitlar chiqadi. Ana shu parchalanish paytida insonda kasallik alomatlari ko‘rina boshlaydi. Bunda tana harorati ko‘tarilib, muskullarda beixtiyor qaltirash, jigar kattalashishi va kamqonlik yuz beradi. Lekin parazitlar o‘z ishida to‘xtab qolmay, bemorning hujayralarini birma-bir parchalab, oxiri miyaga yetib boradi va bemorda falajlik kuzatiladi. Bu hol halokatning boshlanishidir. Qon tanaga kislorod yetkazib berolmay qoladi. O‘pka kislorod yetishmovchiligidan sust ishlaydi. yurak qonni otishga kuchi yetmay qoladi. Miya hujayralari ham parchalanishni boshlaydi va natija o‘lim bilan yakunlanadi. Ko‘pincha bemor kasallikning so‘nggi bosqichlarida koma holatiga o‘tadi va bu hol o‘lim bilan tugaydi.

Bezgak kasalligi dunyo aholisining yarmiga tahdid qilishi mumkin.

Plasmodiy, Allohning izni bilan antibiotiklardan o‘zini himoya qila oladi. Ya’ni, hali bu plasmodiyga qarshi vaksina topilmadi.

Bezgak kasalligi sababli har yili bir millionga yaqin odam o‘ladi. Bularning ko‘pi Afrika qit’asida yashaydigan bolalardir.

2018 yilda dunyo bo‘yicha 228 million odam bezgak kasalligiga chalingan. Shu yilning o‘zida ushbu kasallikdan taxminan 405 ming kishi vafot etgan.

5 yoshgacha bo‘lgan bolalar bezgak kasalligiga moyil bo‘lib, 2018 yilda ular dunyo bo‘yicha bezgakdan vafot etganlarning 67 foizini tashkil etgan. Vafot etgan bolalarning adadi 272 mingtani tashkil etgan.

2018 yilda bezgakni nazorat qilish va yo‘q qilish uchun sarflangan mablag‘ 2,7 milliard dollarga yetgan.

Bezgak chivini daryo sohillari, botqoqlashgan suv havzasi, sholipoyalar, axlat chiqindilari to‘lib ketgan, turg‘un suvli yoki oqimi sekin ariqlar, suv quvurlarining ishdan chiqishi natijasida vaqtincha vujudga keladigan suv havzalarida ko‘payadi.

Tuxumchalarining rivojlanishi uchun unga inson qoni zarur. Alloh taolo uni ana shu qonga yetish uchun kerakli jihozlar bilan ta’minlab qo‘ygan. Alloh taolo chivinga hidlarni sezish, haroratni his etish, ko‘rinmas nurlarni ko‘rish, uzoq masofadan nishonni aniqlash, unga osonlik bilan qo‘nish kabi imkoniyatlarni ato qilgan. Olimlar bu murakkab jonzotni o‘rganganlari sayin lol qolyaptilar.

Bu ma’lumotlardan keyin chivin naqadar xatarli hasharot ekanini tasavvur qila olamiz. Shunday jonzotni ko‘pchilik arzimas, qiymati yo‘q deb o‘ylaydi. Buyuk Xoliqning amriga itoat qiluvchi ushbu mitti hasharot Qur’oni Karimda zikr etilishga haqli emasmi? Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deb marhamat qilgan:

إِنَّ اللَّهَ لاَ يَسْتَحْيِي أَن يَضْرِبَ مَثَلاً مَّا بَعُوضَةً فَمَا فَوْقَهَا فَأَمَّا الَّذِينَ آمَنُواْ فَيَعْلَمُونَ أَنَّهُ الْحَقُّ مِن رَّبِّهِمْ وَأَمَّا الَّذِينَ كَفَرُواْ فَيَقُولُونَ مَاذَا أَرَادَ اللَّهُ بِهَذَا مَثَلاً يُضِلُّ بِهِ كَثِيراً وَيَهْدِي بِهِ كَثِيراً وَمَا يُضِلُّ بِهِ إِلاَّ الْفَاسِقِينَ۝

«Albatta, Alloh chivin va undan ustunroq narsalarni misol qilib keltirishdan uyalmas. Bas, iymon keltirganlar, albatta, u Robblaridan kelgan haqligini bilurlar. Ammo kufr keltirganlar: «Alloh bu misoldan nimani iroda qildi?» – derlar. U Zot o‘sha bilan ko‘pchilikni zalolatga ketkazar va ko‘pchilikni hidoyatga solar va u bilan faqat fosiqlarnigina zalolatga ketkazar». (Baqara surasi, 26-oyat)

Olimlar urg‘ochi chivinni ko‘proq o‘rganish kerak deyishadi. Yuqoridagi oyatda chivin so‘zi بَعُوضَةً  bo‘lib muannas shaklda kelgan. Ammo chivinning ustida yashaydigan hasharotga kelsak, olimlar uni rasmga olishga muvaffaq bo‘lishgan. Shuningdek, chivinning tanasi ko‘plab bakteriyalar bilan qoplangan. Oyatdagi «chivin va undan ustunroq narsalarni» jumlasini ba’zi mufassirlar kattalikda undan ustunroq narsalar deb tafsir qilgan bo‘lsalar, ba’zilari kichiklikda undan ustunroq deb tafsir qilishgan.

Ikkinchi tafsirga binoan oyatda chivinning ustida yashaydigan mayda hasharotlarga, u tanasida ko‘tarib yuradigan bezgak tarqalishiga sabab bo‘luvchi plazmodiylarga ishora qilingandir. Vallohu a’lam.

Alloh taolo yana bir oyatda bunday deb marhamat qilgan:

وَلِيَقُولَ الَّذِينَ فِي قُلُوبِهِم مَّرَضٌ وَالْكَافِرُونَ مَاذَا أَرَادَ اللَّهُ بِهَذَا مَثَلًا كَذَلِكَ يُضِلُّ اللَّهُ مَن يَشَاء وَيَهْدِي مَن يَشَاء وَمَا يَعْلَمُ جُنُودَ رَبِّكَ إِلَّا هُوَ وَمَا هِيَ إِلَّا ذِكْرَى لِلْبَشَرِ۝

«Va qalblarida kasali borlar va kofirlar «Alloh bu bilan nima misolni iroda qilmoqchi?» deyishlari uchun. Alloh ana shunday qilib, xohlaganini adashtirur va xohlaganini hidoyatga solur. Robbingning lashkarlarini O‘zidan boshqa hech kim bilmas. Va u (do‘zax) bashar uchun eslatmadan o‘zga hech narsa emas» (Muddassir surasi, 31-oyat).

Chivin ham Alloh taoloning lashkarlaridan biridir. Shuningdek, u ko‘tarib yuradigan mayda jonzotlar va bakteriyalar ham Alloh taoloning lashkarlari bo‘lib, Uning amri bilan harakatlanadi va U Zot ularni O‘zi istagan bandalariga yuboradi. Alloh taolodan turli kasalliklardan ofiyat berishini so‘raymiz.

Abduddoim Kahel maqolasi asosida

Nozimjon Hoshimjon tayyorladi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!