Chilimkashlar davrasidan reportaj

Chilimkashlar davrasidan reportaj

G‘afur G‘ulomning “Shum bola” qissasida ajoyib bir lavha bor. Unda Qoravoy o‘zi bilmasdan chilimkashlarning go‘shasiga borib qoladi. Bu yerga doimiy mijozlardan tashqari hunarmandlar, kosiblar, boyvachchalarning bolalari, shaharning yarmini qarzdor qilib qo‘ygan sudxo‘rlar kelishadi. Qoravoy ularga chilimning sarxonasiga tamaki bosib, suvini yangilab bergani uchun xo‘jayinidan har kuni bir miridan choychaqa oladi. Boshida bir-biriga to‘ng‘iz qarash qilib o‘tirgan, ziqna, bitta mayizning yarimini birovga ravo ko‘rmaydigan bu mahluqlar chilim tortgandan keyin shunday muloyim bo‘lib qoladiki, bir pastda bir-biriga choy uzatgan, non surib qo‘ygan, bir-birini uyiga taklif qilgan, xullas, bo‘lar-bo‘lmas gaplar bilan xo‘roz qichqirguncha chilim chekib o‘tirishadi. Bu Qoravoyning joniga tegib, oxiri nosdan bo‘shagan shishaga suv solib, og‘zini mahkam yopadi-da, manqaldon cho‘g‘iga ko‘mib qo‘yadi. Shishadagi suv kutilmaganda portlaydi. Bu dahshatdan o‘ziga zo‘rg‘a kelgan Hoji bobo usta Mirsalimga “o‘ling, hamma ish sizdan bo‘ldi, hukumatning ishiga aralashmang, demaganmidim”, desa, Sulton puchuq ham “to‘p shu yerda otildi. Mana shu otdi”, deb Qoravoyni ko‘rsatadi. Shundan keyin tekshiruv boshlanishi, bunga mirshablar ham aralashishi, chilimxo‘rlarni mahkamaga sudrashi, bundan qutulish uchun Hoji bobo ularga bir hovuch tanga uzatishi va mirshablar bir-biriga ko‘z urishtirib, bu galcha siyladik, deb chiqib ketishlarini maroq bilan o‘qiganmiz.

Yozuvchi qattiq tanqid ostiga olgan qaymoq bozorining burilishida, mahkamaning boshidagi Ilhom samovarchining kattakon choyxonasidagi hangomalar bugun hayotimizga dahshatli tarzda ko‘chib o‘tganiga ishongingiz kelmaydi. Garchand, “Shum bola”dagi choyxonalar zamon o‘zgarishi bilan kafe, bar, restoranlarga aylangan bo‘lsa-da, lekin ko‘pchilik hali ham bu yerga ichish, chekish, maishat va o‘yin-kulgu uchun kelishi o‘zini sog‘lom deb bilgan har qanday odamni o‘ylantiradi. Bunday tungi go‘shalarni istagan joydan topa olasiz. Deylik, qaysidir hududda kutubxona yoki xiyobon bo‘lmasligi mumkin, ammo, tungi klub albatta, topiladi.

To‘g‘ri aytasiz, bunday joylarga ko‘proq erkaklar kelishadi. Biroq tong otargacha mijozlarning ko‘nglini “ov”laydigan kafe, barlar endilikda ayollarning ham ko‘ngilxushlik qiladigan joyiga aylangani va ular bir lahzalik hoyu-havasni deb butun hayotini qo‘ldan boy berayotgani, Ayollik sha’niga dog‘ tushirayotgani achinarli.

Bu muammo bizni Qoravoy kezgan eski shahardagi ayrim go‘shalarga borishga, iskabtoparlar ham topolmaydigan “podval”lardagi xufiyona ishlarni kuzatishga va mulohaza yuritishga undadi.

Chegirma va “tegirmon”

Kechasi soat o‘n birlarda chilimkashlarning “hordiq” oladigan eng tinch joyi – aeroport yo‘lidagi kafe, barlarning biriga bordik. Dastavval, tamaddixona peshtoqida “ayollar uchun 20% chegirma”, degan reklama e’tiborimizni tortdi. Bu odamlarni rom qilish uchun o‘ylab topilgan puxta reja ekanini sezish qiyin emas. Kirish joyini qattiq nazoratga olgan barzangilarni ko‘rib, “Shum bola” asaridagi uch zarbli pahlavonlarning to‘qson olti ming botmonlik gurzigaroni yodimizga tushdi. O‘zimizni ko‘chada ko‘rmaslik uchun bir chetda turib, vaziyatni kuzata boshladik. Soat o‘n ikkilarga borib, bu go‘sha gavjumlashdi. Mijozlarning yoshi turlicha. Kafening tepasi choyxona, podvali navqironlarning “ishtaha”sini ochadigan joy. Tashqaridagilarga xizmat qilib yurgan ofisiantlardan biri bizni podvalga taklif qildi. Bir qaraganda, bu yerdan tinchroq, holiroq joy yo‘qdek. Istagan joyingizga o‘tkazishadi. Lekin chilimning achchiq tutuni ko‘zni achishtiradi. Ahvol yana o‘sha... Chilimxo‘rlikka berilib, hayotini halokat yoqasiga olib borayotganlar, mijozlarga epchillik bilan xizmat qilayotgan ofisiantlar, davrani qizitgan yallachilar va o‘zlarini Farang malikalaridek his qilib, ming xil nozu karashmalar bilan xirom aylayotgan raqqosalar.

Odatda kashanda deganda ko‘pincha erkaklar ko‘z oldimizga kelardi... Falakning gardishini qarangki, bugun kashandachilik ayollarning ham tark etib bo‘lmaydigan odatiga aylanib ulgurgan. Buning oqibatida qancha nogiron bolalar dunyoga kelyapti. Bu yerda ham xotin-qizlar chilim chekib, otamlashib o‘tiribdi. Qiziq: o‘z oilasi bag‘rida bo‘lish o‘rniga, bu oyimchalarni tungi klublarda tongni qarshi olishiga sabab nima? Ularni hech kim uddalay olmaydigan – ayollik, onalik, kelinlik vazifasini kim bajaradi? Keyingi taqdiri nima kechadi?..

“Shum bola” qissasida Hoji bobo yetimlik azobini tortib, hardamxayol bo‘lib qolgan Qoravoyni yoniga chaqirib, mehribonlik bilan so‘raydi:

– Bolam, bu gap ikkovimizning o‘rtamizda qoladi. Tag‘in, Xudo urib, anovi qurg‘urdan totinib-potinib yurganing yo‘qmi?

 O‘zim chilimxo‘rlarning ahvolini ko‘rib yuribman. Men bu zaharni og‘zimga olmayman. Tepamda Xudo bor.

- Barakalla, bolam, ha, shunaqa bo‘lsin,  deb Hoji bobo Qoravoyning yelkasini qoqib qo‘yadi.

- Keling, akalar, opalar. Mijozga qara, choy, chilim olib kel,  ishboshilardan biri ofisiant o‘spiringa tayinladi. U-bu narsa buyurgan bo‘ldik. Tamaddidan keyin u bizdan so‘radi:

Bu yerdagi shum bolalar esa Qoravoydan ham quvroq. Mijozlarga chilimni bir-ikki quldiratib, obdon tortib, pishitib beradi. Yaxshi gaplar bilan ruhiga ta’sir ko‘rsatib, chilimga o‘rgatib oladi. Bizni tong qoldirgan narsa: bular ham kimnidir yaxshi niyatlar bilan dunyoga keltirgan bolalari. Bir gul o‘stirsangiz, shu gulning biror yaprog‘iga shikast yetsa, qanchalar achinasiz. Ayni kuchga to‘lgan paytda biror kasb-hunarning boshini tutish o‘rniga, ular bu yerlarda nima qilib yuribdi? Nahotki, tirikchilik shu go‘daklarning gardaniga tushgan bo‘lsa?.. Sho‘xlik, beboshlik ortidan boshi berk ko‘chalarga kirib qolganlar kammi? Bular hayotda hali nimani ko‘ribdi?

 Chilim olib kelaymi?

– Rahmat, biz dam olgani kelganmiz.

– Bu yerga ko‘pchilik chilim chekish, o‘yin-kulgu uchun keladi. Shunchaki hordiq bo‘lsa, tepada ham joy bor.

– Odam unchalik ko‘p emas-ku!

– Yozda bu yerdan joy topolmaysiz.

– Boshqa yerda ham shunaqa joylar bordir.

– Bu yer tungi klublarning amrikoni bo‘ladi. Buyurtmaga qarab, istagancha chilim tayyorlab beramiz.

 Chilimning kukunidan tortib, ko‘mirigacha chetdan kirib keladi. Biz faqat mijozlarning xohish-istagiga qarab, tayyorlaymiz. Shu xolos.

U bizga nimani tavsiya etayotganini o‘zi bilarmikan? Chilimga qo‘shilgan mahsulotlar tarkibida qanday moddalar bor? Uni inson salomatligiga zarar keltirmasligiga kim kafolat beradi?

Lug‘atlarda chilim so‘zi tortish ya’ni, tutunni tortish, kayf qiluvchi narsalardan foydalanish ma’nosini anglatadi. Chunki chilim tamakisi yopishqoq massa ko‘rinishida bo‘lib, unga mevali hidga ega asal yoki qiyom ko‘rinishidagi qo‘shimcha moddalar qo‘shiladi. Qadimda O‘rta Osiyoda, shuningdek, Turkiya, Eron, Hindiston, Xitoy, Afg‘onistonda keng tarqalgan. Tarixiy manbalarda chilim chekish inson sog‘lig‘i uchun o‘ta zararli ekani qayd etilgan. Shifokorlarning ta’kidlashicha, yurak-qon, tomir va nafas olish tizimi xastaliklarini keltirib chiqararkan. Hatto saraton kasalliklariga chalinish xavfini oshirarkan. Haftasiga uch-to‘rt marta chilim chekadigan odam unga tobe bo‘lib, ruhiyati, tafakkuri, idroki va xotirasi pasayib ketarkan. Ayniqsa, homilador ayol chilim cheksa, farzandi ona sutini emmay qo‘yarkan.

Qo‘shni davlatlarda ham bir necha yildan beri chilim chekishga qarshi kurash olib boriladi. Masalan, Qozog‘istonda chilimga qarshi qarorni mamlakatning bosh sanitar shifokori Jandarbe Bekshin imzoladi. Hujjatga ko‘ra, barcha jamoat joylarida chilim chekish man qilinadi. Bizda ham shu paytgacha chilim (kolyan) chekish odati bo‘lmagan. Umuman, ruhiyatimizga begona bu narsa hozirgi kunda respublikamizning barcha hududlarida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan kafe, restoranlarda umumiy tarzda g‘ovlab ketishiga sabab nima? Buni g‘ovlatib yuborayotganlar esa qarshimizda turibdi.

– Undan xushbo‘y mevalarning hidi keladi. Ozgina tortib ko‘rasizmi? Ayollar uchun yigirma foiz chegirmasi bor,  deydi ofisiant yigit.

Gapini qarang,bir chilim tortish qirq besh mingdan, ikki yuz mingacha emish. Ustiga-ustak quruq mevaning hidi kelarmish. Ol-a, beli og‘rimaganning non yeyishini ko‘r, deb shuni aytsalar kerak-da. Ikki yuz mingga qancha meva beradi. Hatto Afrika kokos-yu, Eron xurmasidan ham sotib olish mumkin. Bir chilim, yarim chilim chekaman, deb shuncha pulni behuda sarflab, evaziga salomatlikka zarar yetkazguncha, mevalarning o‘zini iste’mol qilgan ming chandon foydali emasmi?! Nazarimizda, buning tagida boshqa gap bor. Ayrim ustasi farang tadbirkorlar chilimga tamaki bargidan tashqari giyoh moddalar ham qo‘shadi. Ba’zilarni ko‘ziga chilimdan boshqa narsa ko‘rinmay qolganining sababi shunda. Nimani chekayotganini payqamaydi.

– Rahmat, o‘zingiz chekavering. Baribir chilimni zararsizligiga ishongimiz kelmaydi, – deymiz biz.

 O‘zim o‘n yildan beri chekaman. Kechagina shifokorga borgandim, o‘pkam toza chiqdi...

Ofisiant yigit Aldar ko‘sa yanglig‘ chilimni qancha zararsiz deb lof urmasin, choynak tutishga qaltiragan qo‘llari-yu, rangining dokaligi bor haqiqatni aytib turardi. Chilimga mubtalo bo‘lganlar chilimni “xurr-xurr”latib o‘zini yettinchi falakda sezar, chiqqan tutunidan havoda turli halqachalar yasab, zavq olardi.

“Shum bola”da Qoravoy Hoji bobodan o‘zi qayerga kelib qolganini so‘raganda, bu yerga keluvchilarning kimligi uni umuman qiziqtirmasligini aytadi. Bu kafening xo‘jayini ham mijozlarning katta-kichikligiga qaramasdan, hamyonini qoqib olayotgani sezilib turibdi. Buni ortidan qancha insonlarning yostig‘i quriyotgani bilan ishi yo‘q. Foyda degan joyda “Shum bola”dagi Hoji boboga o‘xshab, hatto nosni ham “ishtaha ochadi” deb zar qog‘ozga o‘rab sotishdan qaytmaydi.

Durbindagi hurliqolar

“Shum bola”da yana bir ajoyib manzara bor. Ilhom samovarchining ukasi Ibroy durbindan har xil ayollarning suratini ko‘rsatib, shuni orqasidan tirikchilik qiladi.Qoravoy durbinning ichida nima borligini qiziqib ko‘radi. O‘rtog‘i Ubayni ham holi-joniga qo‘ymay, shunga o‘xshash tomoshalarga yetaklab boradi.

 Birinchidan qimmat. Ikkinchidan, Mayramxon degan yarim-yalang‘och kiyimda chiqarmish. Men yalang‘och xotinlardan qo‘rqaman,  deb bormaydi Ubay.

Kechasi soat ikkilardan keyin tungi klubda boshlangan “tomosha” bizni ham qo‘rqitib yubordi. Ovropacha musiqiy jazavalar, yarim-yalang‘och kiyimlardagi raqqosalarning behayo raqsga tushishlari, erkaklar ularni yoniga chaqirib, istagan “maqom”ga solishlari, istagancha xiralik qilishlari kurakda turmaydi. To‘g‘ri, bunday harom-xarish ishlar botqog‘iga botish-botmaslik har kimning o‘ziga bog‘liq. Lekin bu raqqosalar xuddi guldan-gulga qo‘nib yurgan kapalaklardek goh uning, goh buning bo‘yniga osilib farangcha, hindcha, arabcha raqslarga tushishlari Ayollik sha’niga isnod. Eng achinarlisi, erkaklar bu yerga shunchaki pivoxo‘rlik yoki chilimxo‘rlik qilish uchungina emas, ayollarning ko‘nglini “ov”lash, o‘z navbatida, ayollar ham profilaktika inspektorlari tomonidan qattiq nazoratga olingan joylarda qilolmagan fahsh ishlarini yashirin joylarda amalga oshirish uchun kelgandek taassurot qoldiradi. Qo‘shmachi ham, axloqsiz ham, maishatxo‘r ham, aroqxo‘r ham, chilimxo‘r ham shu yerda. Bularning fikrida, ko‘nglida nima borligi bilan hech kimning ishi yo‘q. Bu yerdan chiqib, qayerga borishi va nimalar qilishi o‘zingizga havola. Yana bir mulohaza.

Kafedagi mijozlarning aksariyati 20 dan 35-40 yoshgacha. Biz haftaning muhim ish kunlari bu yerga kelgan bo‘lsak-da, ular hech g‘ami, tashvishi yo‘q insondek chilimxo‘rlik qilib o‘tiribdi. Nima, ular o‘qish yoki ishga bormaydimi?! Nahotki, ularni so‘raydigan “ega”si bo‘lmasa? Yoki hamma shunchalik bekorchi bo‘lib ketganmi? Balki bunday xulosaga kelish biroz noo‘rindir. Chunki bekorchi odamda buncha pul qayerdan bo‘ladi? Agar karmon baquvvat bo‘lmasa, bunday tungi klublarning yoniga ham yaqinlashib bo‘lmasligi kundek ravshan.

Jurnalistik kuzatuv jarayonida bir-ikki kafeda tamaddi qilishga to‘g‘ri keldi. Shunga salkam bir oylik maoshimiz ketdi. O‘zimizga qolsa, bu yerga hech qachon qaytib kelmaymiz. Lekin chilimxo‘rlarning hammasi po‘rim kiyingan, stol usti sarxil mevalar, qimmat ovqatlar va salqin ichimliklarga to‘la. Bir o‘tirganda, qancha mablag‘ni sarflab yuboradi. Ular shuncha pulni qayerdan olayapti?! Faqat oylikka ishlaydiganlar bunday joylarga kela olmaydi-ku! Og‘ir mehnat bilan topilgan pulni hech kim bema’nigarchiliklarga sarflashga ko‘zi qiymaydi. Kimdandir nuqson axtarib, kamchilik topish niyatimiz yo‘q, lekin bu yerda oshkor qilish mumkin bo‘lgan shunday nozik muammolar borki, tegishli mutasaddilarning e’tiboridan chetda qolmasligi kerak.

Keyingi paytda insonning qadr-qimmati tushib ketyapti, degan gaplar rost. Bunga o‘zimiz sababchi. Mana bu manzaraga e’tibor bering: tamaddixonada chilimdan miyasini peshlab olgan bittasi oyoqlar tagida uzala yotibdi. Qancha tirmashmasin, turishga majoli etmaydi. Barzangilardan ikkitasi kelib, ko‘chaga shunday uloqtirdiki, o‘sha odamning biror joyi sinib ketmadimikan, deb siqilib o‘tirdik. Bu hech kimsaning parvoyiga kelmadi. Qarang-a, birgina chilimxo‘rlik qancha odamlarning hayoti izdan chiqarayapti. Mehnat qobiliyatini yo‘qotayapti. Beobro‘, qashshoq, tilanchi-gadoga aylantirayapti. E’tiqodini susaytirib, irodasini bo‘shatayapti. Millat genofondini buzayapti. Xo‘sh, ayting-chi, bizga buni nima keragi bor?

Bu yerga kashandalar o‘z-o‘zidan kelib qolayotgani yo‘q. Kafe, restoranlarning reklama va chegirmalari ortidagi qallobliklar, “Haydar ota”, “Afg‘oncha osh”, “Cho‘pli kavob”, “Parovoz” singari ko‘pchilikni e’tiborini tortadigan sirli nomlar – lekin buning zamiridagi g‘araz niyatlar atrofiga xira pashshadek odamlarni yig‘ib olyapti.Biz ham shu yerga kelib, “Haydar ota”ga ishqibozlarni sherga aylangani, “Afg‘oncha osh”idan tatib, xo‘rozdek qichqirganlarni, “Cho‘pli kavob”ning “lazzat”idan o‘ziga-o‘zi tashvish orttirayotganlarni ko‘rdik. Istarasi issiq, qosh-ko‘zlari qop-qora, sochlari uzun gulday bir narsani “parovoz” ilinjida o‘rgimchak to‘riga ilinib qolganidan afsus chekdik. Nega mijozlarni boshqacha bilan kutib olishining sabablarini angladik. Shirin so‘zlar bilan ichimizga og‘u solib, keyin o‘zlarining yo‘rig‘iga solishidan hushyor tortdik. Chunki bularning bir marta yo‘rig‘iga tushsangiz, o‘lib qutulasiz. Mana, bunga bir misol.

Allamahalda endi kafedan ketamiz, deb turganimizda qo‘shni stolga o‘tirgan o‘rta yashar bir ayol kelib, bizga hamroh bo‘lishini aytib qoldi. Gap-gapga qovushib, qalbimizni ko‘pdan beri iztirobga solayotgan, lekin birovdan so‘rashga xijolat tortayotgan savollarimizga oydinlik kiritdi. 

- Qanday qilib?

- Xorijda bo‘lganmisiz,  deb so‘rab qoldi asli namanganlik (ismini keltirishimizni istamagan) nozik oyimlardan biri.

-Yo‘g‘-e. Siz-chi?

- Jin chalib, o‘sha yoqlarda ketib qolganman. Ularda hamma narsa ochiq va oydin. Tamakimi, chilimmi, istagancha, chekish mumkin. Ilk bor kafe-barlarga kirganimda, yarim-yalang‘och kiyinganlarni ko‘rib, noqulay avholga tushganman. O‘zim chet ellarda yurgan bo‘lsam-da, xuddi ota-onam ko‘rib qoladigandek, ular bilan bir joyda o‘tirsam, sha’nimga dog‘ tushirib qo‘yayotgandek qo‘rquv bosgan. Uzoq vaqt o‘zimni shunday joylardan olib qochib yurdim. Keyin bularning hammasi ko‘zimga oddiy ko‘rina boshladi. Erkaklar qatori ayollar ham “dam” olishga haqli. Chilim chekishni o‘sha yerda o‘rgandim. Dugonam shu yerning chilimining tutuni ko‘proq, deganiga kelgandim. U yoqlarda chilimga ko‘zingizning oldida tamaki kukuni yoki har qanday charchoqni oladigan (...) dori solib berishadi. Esimda, bir marta kafeda o‘tirganimizda, hamrohlarimizdan birini chilimxo‘rlikdan tutqanog‘i tutib qolgan. Shunda o‘rtaga pul tashlab, zo‘rg‘a o‘limdan qutqarib qolganmiz...

Mana, sizga hangoma-yu, mana  fojia. Chilim shunday bir illatki, buni qurboniga aylaganini ro‘paramizdagi oyimchaning o‘zi ham hali tushunib yetganicha yo‘q. Balki tushunganda, kech bo‘lar.

Bizda ham Oliy Majlis Senati tomonidan “Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan. Unda “chilim”, “chilim uchun tamakisiz chekish aralashmasi”, “chilim chekish uchun damlama”, “chilim uchun chekish toshi”, “elektron sigareta”larni tekshirish va aholi xavfsizligini ta’minlash yuzasidan amalga oshirish uchun bir qancha chora-tadbirlar nazarda tutilgan. Chilim va elektron sigaretalarni chekish mumkin bo‘lmagan jamoat joylarini nazorat qilib borish ham qonundagi tegishli moddalarda belgilangan.Agar qonun ijrosi hayotda kuchga kirsa, biz muhokama qiladigan illatlar o‘z-o‘zidan bartaraf bo‘ladi. Tirnoq ostidan kir qidirish niyatimiz yo‘q. Nomus o‘limdan qattiq. Odamlar chilimxo‘rlikka o‘rganib qolmasliklari uchun hozirdan ehtiyot choralarini ko‘rsak,chilimxo‘rlikdan bo‘shamay “ko‘cha”da yurgan yoshlarimiz Shum bola kabi oilasiga qaytadi.

Adiba UMIROVA,

(“Xalq so‘zi”)


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!