Burqami yoki bikini? Yoxud amerikalik professorning iqrorlari

Burqami yoki bikini? Yoxud amerikalik professorning iqrorlari

Xonamda bir musulmon ayolning burqa o‘rab turgan suratini ilib qo‘yganman. Uning yonida esa amerikalik qizning go‘zallik bellashuvida BIKINI (ya’ni ruschasiga «kupalnik») kiyib tushgan surati turadi.

Bittasida ayol boshqalardan butkul yashiringan; boshqasi esa butunlay ochiq-sochiq holda. Bu ikki qarama-qarshilik «sivilizasiyalar urushi» deb yuritiladigan iboraga yaqqol misol bo‘la oladi mening nazarimda.

Ayolning jamiyatda tutgan o‘rni har bir madaniyatni belgilab beradigan asosiy omildir. Yaqin Sharqda boshlanayotgan urush nafaqat arablarning neftini o‘g‘irlash uchun, balki ularni dinidan va madaniyatidan ham mahrum qilish uchun olib borilmoqda, deb ko‘p yozildi. Menimcha eng yomoni - ulardagi BURQA o‘rniga BIKINI tiqishtirila boshlangani.

Men musulmon ayollarining holati bo‘yicha mutaxassis emasman va men ayollarning latofatiga hurmatim baland bo‘lganidan hamma mamlakatlarda BURQA kiyilishini targ‘ib ham qilmoqchi emasman. Biroq men BURQA mujassam etgan qadriyatlarni himoya qilmoqchiman, xolos.

Men uchun BURQA ayolning eriga va oilasiga o‘zini to‘la bag‘ishlaganini namoyon etadi. Faqat ulargina o‘sha ayolni ko‘rishi mumkin, boshqalar uchun u berkitilgan, boshqalardan himoya qilingan.

BURQA oila muhitining bezovta etilishi mumkin emasligini, faqatgina ma’lum kishilar uchungina ochiqligini va muhimligini ta’kidlaydi go‘yo.

Musulmon ayolning asosiy e’tibori o‘z uyiga, ya’ni farzandlari tug‘ilgan va o‘stiriladigan «in»ga qaratilgan. U oila bekasi, oilaning ruhiy dunyosini sug‘orib turuvchi asosiy ildizdir. U bolalarining tarbiyasi va ta’limi bilan shug‘ullanishdan tashqari o‘z eri uchun rohat va madad manbai hamdir.

Bunga tamoman teskari holda, BIKINI kiyib olgan amerikalik go‘zal malika esa o‘zini millionlab teletomoshabinlar oldida ko‘z-ko‘z qilmoqda. U feminist, shuning uchun o‘ziga o‘zi hokimlik qiladi. Lekin, aslida, kulgilisi, u ommaviy bir buyum kabidir. Unga hech kim va har kim egalik qiladi. U o‘z badanini eng katta pul to‘lagan odamga sotadi. U tinmasdan o‘zini bozorga soladi.

Amerikada ayolning madaniy o‘lchovi uning tashqi ko‘rinishiga aylanib ulgurdi. Ayolning bu sifati tez fursatda yo‘qolib borar ekan, u bechoraning jinni bo‘lguday o‘z afti va vazni haqida qayg‘urish bilan ovora bo‘lib qolishi ham shuning isboti.

O‘smirlik paytida uning vazifasi Britni Spirs kabi ommaviy joylarda yechinishdir. U Britnidan agar jinsiy xohishlarni qondirsagina sevilishga loyiq bo‘lishini o‘rganadi. Buning natijasida u chin sevgi va go‘zal xulq izlash o‘rniga, boshqalarni «ilashtirish» harakatida bo‘ladi. Shu asnoda kuyov boladan avval o‘nlab yigitlar u bilan yaqindan tanishadi. U jozibadorligining asosiy qismini tashkil etuvchi ibosini yo‘qotadi. U sovuqqon va tulkisifat bo‘lib o‘sadi. Sevishni uddalay olmasligi tufayli kelajakda o‘z eriga otalik baxtini berishga ham tayyor bo‘lmaydi.

Ayollik ona va bola o‘rtasidagi nozik rishtalarga asoslangandir. U tarbiya va o‘zini qurbon qilishga tayyor bo‘lish bilan kuchayadi. Erkaklik esa ovchi va o‘lja o‘rtasidagi muomalaga asoslangan. Uning tayanchi quvvat va aqldir.

Feminizm ta’limotiga ko‘ra, ayollarga xos yashash ayollarni «zulm» ko‘rishiga olib kelgan, feminizm ayollarni erkakcha xulqqa o‘tishga chaqiradi. Natija: adashgan va agressiv (g‘azablangan) ayol, bir yelkasida ulkan xoda. U na xotin va na ona bo‘lishga qodir.

 

Bu albatta, «Yangi dunyoviy tartib» o‘rnatishga kirishgan ijtimoiy muhandislarning asl maqsadidir: jinsiy shaxsiyatlarni barbod yetish va oilani parchalash, ijtimoiy va shaxsiy tanazzulni keltirib chiqarish va aholini kamaytirish. Yangi «dadil yangi dunyo»da ayollar uy sohibasi yoki naslning davomchisi bo‘lishlari ko‘zda tutilmaydi. Ular sevgi va nasl qoldirish uchun emas, balki ko‘ngil ochish uchun jinsiy aloqa qilishga o‘rgatilgan sovuqqon o‘zboshimcha maxluqlarga aylantiriladi.
 
Yaqinda o‘tkazilgan ommaviy axborot vositalari vakillari bilan suhbatda Ronald Ramsfeld (Amerikaning sobiq Qurolli Kuchlar Vaziri) eronlik ayollar va yoshlar mullalar hokimligi ostida siqilib ketganini aytdi. U yaqin orada Amerika ularni ozod qilishini tiqishtirib o‘tdi. Ularni ham Britni Spirslarga aylantirish uchunmi? Yoki ularni ham beli ko‘rinib turadigan tarang jinsi shimlar kiyishga o‘rgatish uchunmi? Amerikaliklarga o‘xshab hammaning ko‘zi oldida bir-birlarini silab-siypashlari uchunmi?

Ota-onalik insoniy taraqqiyotning eng oliy nuqtasidir. Bu bosqichda o‘zimiz bilan ovora bo‘lishdan to‘xtab, xudoning haqiqiy bandalariga aylanamiz: yangi hayotning yaratilishida va tarbiyalanishida ishtirok eta boshlaymiz. «Yangi dunyoviy tartib» bizning shu darajaga yetishimizni xohlamaydi. Pornografiya nikohning o‘rnini bosish uchun taqdim etiladi. Ularning nazdida biz o‘sishdan to‘xtab, umrbod bo‘ydoq yashab, shahvatlarga g‘arq bo‘lib va faqat o‘z rohatimizni ko‘zlab yashab o‘tishga mahkummiz.

Yo‘q, biz umrbod mustaqil yashashga emas, balki yolg‘izlikka, asirlikka mahkummiz, o‘zligimizni ifoda etish uchun qandaydir buyumlarga, yaltiroq narsalarga muhtoj o‘tishimiz va o‘lguncha kimlargadir «ilashib» va kimlarnidir «ilashtirib» yashashimiz ko‘zda tutiladi.

Bu narsalar, ayniqsa ayollarni parchalab tashlaydi. Uning go‘zalligi yoshligiga va jinsiy sifatlariga, qaddi-qomatiga bog‘lab qo‘yilgandan keyin, ayolning yoshi ulg‘aygan sari jozibasi kamayib boradi. Agar ayol o‘zining eng jo‘shqin davrini «mustaqil» bo‘lishga bag‘ishlar ekan, o‘zi uchun munosib umrbod turmush o‘rtog‘i topishining ehtimoli juda kam qoladi.

Hayotda ayol o‘z o‘rnini topishining va baxtga erishishining kaliti nikoh va oilaning o‘zi uchun birlamchi maqsad qilishidadir.

Feminizm «Yangi dunyoviy tartib» tarafdorlari tuzib chiqqan bo‘hton bo‘lib, u amerikalik ayollarni tanazzulga uchratdi va G‘arb sivilizasiyasini barbod qilib tashladi. U millionlab insonlar hayotini ostin-ustun qilib, islomga qarshi dahshatli xavfni o‘zida mujassam etadi.

Men BURQAni tashviq qilmoqchi emasman, balki BURQAda mujassam bo‘lgan ba’zi qadriyatlarni, xususan ayolning o‘z-o‘zini bo‘lajak eriga va oilasiga bag‘ishlashini, hayo va nomusini saqlashligini to‘g‘ri deb bilaman.

BURQA va BIKINI ikkita dunyoqarashni o‘zida aks ettiradi. Eng to‘g‘ri javobni esa shularning o‘rtasidan izlash kerak.

Henri Makou
professor (AQSh)

Henri Makou «Uchrashuvgacha hali ancha bor» (A Long Way to go for a Date) nomli kitob muallifidir. U Kanadaning Toronto Universitetida ingliz adabiyoti bo‘yicha professorlik unvonini olgan. Unga quyidagi elektron manzil bo‘yicha xat yozishingiz mumkin:

Inglizchadan M. Rahimov tarjimasi

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!