Batafsil: Farg‘onada jurnalistga kimlar hujum qilgani ma’lum bo‘ldi

Batafsil: Farg‘onada jurnalistga kimlar hujum qilgani ma’lum bo‘ldi

Bosh prokuratura matbuot xizmati ​EFFECT.UZ xodimi G‘iyosiddin Eshov bilan 13 may kuni sodir bo‘lgan noxush hodisa yuzasidan ma’lumot berdi. Prokuratura ma’lumotida sayt operatoriga nisbatan qilingan hujumda kimlar qatnashgani va hodisa qanday sodir bo‘lgani haqida to‘liq tafsilotlar qayd etilgan.

Eslatma: birozdan so‘ng hujumga uchragan EFFECT.UZ operatori bilan intevyu taqdim etiladi.

TO‘LIQ TAFSILOTLAR

Joriy yilning 13 may kuni soat 18:30larda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi “Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi”ga qarashli EFFECT.UZ axborot agentligi operatori Eshev G‘iyosiddin Mamatg‘aniyevich xizmat yuzasidan o‘z boshqaruvidagi “Matiz” rusumli, 40G504AA davlat belgili avtomashinasida Quva tumanidan Farg‘ona shahriga ketayotib, Andijon-Farg‘ona va Qo‘shkechik-Begat yo‘llari kesishgan chorrahaga yetib keladi va svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtagan.

Xodim svetoforga to‘xtagan vaqtida, avtomashinasi yon tomoniga fuqaro Ismoilov Umidjon Ibrohimovich boshqaruvidagi “Matiz” rusumli, 40N488 MA davlat belgili avtomashinada keyinchalik shaxsi aniqlangan tanishlari Azaliyev Otabek Ravshanovich, Husanov Muhammadali Abobakirovich va Raimjonov Salohiddin Sodiqjon o‘g‘lilari bilan kelib to‘xtab, G‘.Eshevning ko‘ziga noma’lum moslama bilan ko‘zni yoshlantiruvchi suyuqlik sepib, G‘.Eshevga tegishli, narxi 20 000 000 mln so‘m bo‘lgan “Canon 6D” rusumli videokamerasini qo‘lga kiritgan.

Shundan so‘ng G‘.Eshev videokamerasini qaytarib olish maqsadida avtomashinasida ularni ortidan quvib, Quva-Marg‘ilon va Qo‘shkechik-Begat chorrahasida joylashgan svetafordan Quva tumaniga qarab burilgan vaqtida ularga yetib olgan hamda ular joylashgan mashinaning orqa qismiga urilishi natijasida, avtomashina yo‘l chetida joylashgan E.Ro‘ziyevga tegishli 155-uyga borib urilib to‘xtab qolgan.

Shu vaziyatda U.Ismoilov, O.Azaliyev, M.Husanov va S.Raimjonovlar videokamerani o‘zlari bilan olgan holda avtomashinadan tushib, hodisa joyidan yashiringan, yashirinish jarayonida O.Azaliyev G‘.Eshev boshqaruvidagi “Matiz” rusumli avtomashinani orqa oynasini tosh bilan urib sindirib, mulkiy zarar yetkazgan.

Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida G‘.Eshevga tegishli bo‘lgan “Canon 6D” rusumli videokamera O.Azaliyevdan daliliy ashyo tariqasida olingan, daliliy ashyo ko‘zdan kechirilganida unga hech qanday shikast yetkazilmaganligi hamda xotira kartasi yo‘qotilmay saqlanib turganligi aniqlangan. (ammo ma’lumotlar bor yoki o‘chirilgani sayt xodimlariga aytilmayapti. Videokamera flesh kartasida Quva hokimligidagi lavhalar bo‘lgan.).

Mazkur holat bo‘yicha U.Ismoilov, O.Azaliyev, M.Husanov va S.Raimjonovlarning harakatlarida talonchilik, ya’ni bir guruh shaxslar tomonidan oldidan til biriktirib, o‘zganing mulkini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilish jinoyat alomatlari mavjudligi sababli ularga nisbatan 14 may kuni IIB huzuridagi TB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 166-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, O.Azaliyev, M.Xusanov va S.Raimjonovlar JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.

166-MODDA. TALONCHILIK

Talonchilik, ya’ni o‘zganing mulkini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilish — uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Talonchilik:

a) hayot va sog‘liq uchun xavfli bo‘lmagan zo‘rlik ishlatib yoxud shunday zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitib;

b) ancha miqdorda;

v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, — uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. (JKning166-moddasi 2-qismi “v” bandi).

Talonchilik:

a) takroran yoki xavfli residivist tomonidan;

b) uy-joyga, omborxona yoki boshqa xonaga g‘ayriqonuniy ravishda kirib;

v) ko‘p miqdorda sodir etilgan bo‘lsa, — besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Talonchilik:

a) juda ko‘p miqdorda;

b) o‘ta xavfli residivist tomonidan;

v) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, —

221-MODDA. USHLAB TURISh ASOSLARI:

Jinoyatni sodir etishda gumon qilingan shaxs quyidagi asoslar mavjud bo‘lganda ushlab turilishi mumkin:

1) shaxs jinoyat ustida yoki bevosita uni sodir etganidan keyin qo‘lga tushsa;

2) jinoyat shohidlari, shu jumladan jabrlanuvchilar uni jinoyat sodir etgan shaxs tariqasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatsalar;

3) uning o‘zida yoki kiyimida, yonida yoki uyida sodir etilgan jinoyatning yaqqol izlari topilsa;

4) shaxsni jinoyat sodir etishda gumon qilish uchun asos bo‘ladigan ma’lumotlar mavjud bo‘lib, u qochmoqchi bo‘lsa yoki doimiy yashaydigan joyi yo‘q yoxud shaxsi aniqlanmagan bo‘lsa.

Gumon qilinuvchilar haqida ma’lumot:

Ismoilov Umidjon Ibroximovich, 10.05.1982 yilda Quva tumanida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti o‘rta, oilali, mavsumiy ishchi, muqaddam sudlangan, Quva tumani Quva m.f.y. Xuvaydo ko‘chasi 29-uyda yashaydi.

Azaliyev Otabek Ravshanovich,28.04.1987 yilda Quva tumanida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti o‘rta-maxsus, oilali, muqaddam sudlanmagan, vaqtincha ishsiz, Quva MFY, Bo‘ston ko‘chasi 60-uyda yashaydi.

Husanov Muxammadali Abobakirovich, 08.04.1996 yilda Asaka tumanida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti o‘rta-maxsus, bo‘ydoq, muqaddam sudlanmagan, vaqtincha ishsiz, Asaka tumani, Niyozbotir MFY, Farg‘ona ko‘chasi 151-uyda yashaydi.

Raimjonov Salohiddin Sodiqjon o‘g‘li, 25.08.1999 yilda Asaka tumanida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti o‘rta-maxsus, bo‘ydoq, muqaddam sudlanmagan, vaqtincha ishsiz, Asaka tumani, Niyozbotir MFY, M.Qodirov ko‘chasi 64-uyda yashaydi.

Jabrlanuvchi haqida ma’lumot:

Eshev G‘iyesiddin Mamatg‘aniyevich, 05.09.1989 yilda Farg‘ona shahrida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti o‘rta-maxsus, oilali, muqaddam sudlanmagan, EFFECT.UZ axborot agentligi operatori, Farg‘ona shahar, Humo ko‘chasi 17-uyda yashaydi. Hozirda holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, uning borishi va natijalari haqida qo‘shimcha axborot beriladi.

Tahririyatdan qo‘shimcha va eslatma: 13 may kuni Effect.uz xodimi mashinasiga Quva tumanida noma’lum shaxslar hujum qildi. Oqibatda operator G‘iyosbek Eshovga tegishli bo‘lgan mashinaning oynalarini sindirilgan va uning ko‘ziga noma’lum suyuqlik moddasi (gaz) sepilgan hamda turli tan jarohatlari yetkazilgan.

E’tiborlisi, noma’lum shaxslar mashina ichida bo‘lgan tahririyat mulki videokamerani olib qochgan. Effect.uz muxbiri Elyor Tojiboyev ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhada ushbu hodisa Quva hokimligi tomonidan uyushtirilganini aytgan edi.

Ammo Effect.uz tahririyati ushbu iddao tasdiqlanmagani va qizishuv yoki sarosima oqibatida aytilganini eslatib o‘tadi. Bundan tashqari, Effect.uz holat bo‘yicha tegishli tashkilotlar tomonidan tekshiruvlar natijasiga to‘liq tayanishini ma’lum qiladi.

Ma’lumot uchun, ushbu hodisa muxbir Elyor Tojiboyev va operator G‘iyosbek Eshov Quva tumani hokimligi binosida murojaatchining murojaatini o‘rganish uchun izoh olingandan so‘ng, 1 soat ham o‘tmasdan sodir bo‘lgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!