Andijonda turli yoshdagi 450 bola haligacha tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma olmagani aniqlandi

Andijonda turli yoshdagi 450 bola haligacha tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma olmagani aniqlandi

Andijon viloyatida turli yoshdagi 450 bolaga shu paytgacha tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma berilmagani aniqlandi. Shundan 21 nafariga guvohnoma topshirildi. Bu haqda Davlat xizmatlari agentligi Andijon viloyati boshqarmasi bosh maslahatchisi Mansur Boboxonovga tayanib, Turon24 xabar bermoqda.

Bundan tashqari, shar’iy nikoh asosida yashab kelayotgan 4 ta oilaning nikohi rasmiylashtirilgan.

«Ayni paytda Davlat xizmatlari agentligi guvohnomasi bo‘lmagan bolalarni aniqlash maqsadida respublika bo‘yicha umummilliy bepul ijtimoiy aksiya o‘tkazmoqda, – deydi Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Jamshid Rahmonov. – Qayd etilmagan tug‘ilish va qonuniy rasmiylashtirilmagan nikoh bo‘yicha bugungi kunga qadar 900 dan ortiq murojaat kelib tushdi. Ularning 400 ga yaqini ko‘rib chiqilib, guvohnomalar topshirildi. Aksiya 2019 yilning 1 iyuliga qadar davom etadi".

Boshqarmaning ma’lum qilishicha, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarini tizimli tekshirish natijasida chekka hududlardagi ayrim ota-onalar turli sabablarga ko‘ra farzandlari uchun tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma olmagani aniqlangan. Mazkur muammoni bartaraf etish maqsadida 2018 yilning 12 iyunida prezident qarori qabul qilingan.

Qarorga binoan hokimlik, xotin-qizlar qo‘mitasi, FHDYO, xalq ta’limi va maktabgacha ta’lim bo‘limlari, tibbiyot birlashmalari hamda boshqa manfaatdor tashkilotlarning vakillaridan iborat maxsus guruhlar tuzilgan. Ular xonadonma-xonadon yurib fuqarolik holati dalolatnomalari qayd etilgan-etilmaganini o‘rganadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!