Andijonda ombor mudiri o‘z joniga qasd qildi

Andijonda ombor mudiri o‘z joniga qasd qildi

Bosh prokuratura Andijondagi "Uz Dong Yang Ko" MCHJ shaklidagi qo‘shma korxona ombor mudiri o‘z joniga qasd qilgani haqidagi xabarni tasdiqladi.

Xabarda ta’kidlanishicha, hodisa 29 may kuni Andijon viloyati Buloqboshi tumanida sodir bo‘lgan. O‘z joniga qasd qilgan ombor mudiri 34 yoshda bo‘lgan.

Jasad ekspert ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, bo‘yin a’zolarining sirtmoq bilan qisilishi natijasida yuzaga kelgan mexanik asfiksiya, bo‘yin sohasida bir izli tipik strangulyasion egat, ichki a’zolarini to‘laqonligi, o‘pka va yurak epikardlarida nuqtasimon kardio dog‘lari aniqlangan.

Bosh prokuratura mas’uli I.X. qo‘shma korxonada prokuratura tekshiruv boshlagani ortidan o‘z joniga qasd qilganiga oid gaplarni inkor etdi.

Unga ko‘ra, "Uz Dong Yang Ko" qo‘shma korxonasida 2018-2019 yillar davomida xom ashyo va materiallarini saqlanishi, tarqatilishi va butligi yuzasidan tekshirish o‘tkazilganligi rost.

Tekshiruvlar bir yoki ikki oy avval emas, o‘tgan 2019 yilning boshida o‘tkazilgan. O‘shanda I.X. moddiy javobgarligida bo‘lgan 168 mln. so‘mlik xom ashyo va materiallaridan kamomad aniqlangan (marhum 2013 yildan beri ombor mudiri bo‘lib ishlab kelgan) va o‘z vaqtida (I.X. tomonidan) bartaraf etilgan.

Qo‘shma korxonadagi ayni kunlardagi tekshiruv esa ichki audit xodimlari tomonidan amalga oshirilgan bo‘lgan. Joriy yil 21 may kuni korxona rahbari vazifasini vaqtincha bajaruvchisining buyrug‘iga asosan I.X. javobgarligidagi tovar moddiy boyliklarini boshqalar zimmasiga yuklash hamda 20 may holatigacha taftish o‘tkazish uchun ishchi guruh tuzilgan bo‘lgan.

Mazkur buyruqqa bilan inventarizasiyadan o‘tkazish uchun tekshirish boshlangan.

"Tergovga qadar tekshirish harakatlari davomida I.X korxonada ichki audit va inventrizasiya boshlangani ortidan bir necha kun ishga kelmay qo‘yganligi aniqlandi. Biroq uning o‘z joniga qasd qilgani sabablari haqida xulosa qilishga hali erta. Negaki, ayni paytda holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda", – deyiladi xabarda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!