O‘zbekiston va Yevropa davlatlari o‘rtasida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari muhokama qilindi

A A A
O‘zbekiston va Yevropa davlatlari o‘rtasida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari muhokama qilindi

Evropa – O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik assosiasiyasi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti hamda Progressiv islohotlar markazi hamkorligida davra suhbati o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston va Yevropa davlatlari o‘rtasida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi masalalar muhokama qilindi, deyiladi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ma’lumotida.

Tadbirda shuningdek, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘rganish, o‘zaro ta’lim dasturlarini o‘tkazish va ekologik barqarorlikni ta’minlash sohasida hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida tajriba almashish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surildi.

Xususan, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov barqaror rivojlanish yo‘lida eng asosiy tahdidga aylangan global ekologik muammolarga to‘xtalib o‘tdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, mintaqamizda havo haroratining oshishi jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘p. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ekologik vaziyatni tubdan yaxshilash, atrof-muhit muammolarini bartaraf etish, iqlim o‘zgarishining salbiy ta’siri oldini olish kabi maqsadlarga alohida e’tibor qaratilgan.

– Ushbu yo‘nalishda “Yashil iqtisodiyot”ga o‘tish, uning asosi bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish ko‘rsatkichlarini keskin oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini 25 ming MVt hamda jami iste’moldagi ulushini 40 foizga yetkazish mo‘ljallangan. Shuningdek, sanoatda “yashil sertifikat”lar bozorini rivojlantirish va “ekologik markirovkalash” amaliyotini joriy qilish, shaharlarda jamoat transportini ekologik toza yoqilg‘iga o‘tkazish rejalashtirilgan, – dedi Eldor Tulyakov.

Inson hayotiga ta’sir o‘tkazuvchi ekologik muammolarni bartaraf etish, shaharlar bosh rejasini tuzishda hududining kamida 30 foizini yashil maydonlar tashkil etishi, turar joy binolarini qurishda “yashil maydon”lar aholining soniga mutanosib bo‘lishini ta’minlash dolzarb masalalardan biri ekanligi alohida qayd etildi.

Muloqot jarayonida mazkur yo‘nalishda ekologik ta’lim yaxshilash va aholining xabardorligini oshirish, yashil infratuzilma va mahalliy barqaror tashabbuslarga investisiyalar jalb qilish kabi qator masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Yakunda Yevropa ishbilarmon doiralari bilan 2024 yil va undan keyingi yillarga mo‘ljallangan hamkorlik, batafsil harakatlar rejasi, normativ-huquqiy bazani takomillashtirish yo‘lida tavsiyalar ishlab chiqishga kelishib olindi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!