Andijonda Nexia haydovchisi velosipedchini urib yubordi. Jabrlanuvchi voqea joyida vafot etdi

Andijonda Nexia haydovchisi velosipedchini urib yubordi. Jabrlanuvchi voqea joyida vafot etdi

Andijon viloyatining Shahrixon tumanida 67 yoshli velosiped haydovchisi Nexia-2 avtomobili urib yuborishi natijasida vafot etdi, deya xabar berdi «Daryo» muxbiri Umidjon Mamarasulov.

Andijon viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot guruhi inspektori Doniyor Aliyevning ma’lum qilishicha, 2021 yil 13 fevral kuni soat 15:40 da Shahrixon tumani «Saroy» mahallasi hududidan o‘tuvchi davlat ahamiyatiga ega A-373 «Toshkent—O‘sh» avtomobil yo‘lining 403-kilometrida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Andijon—Bo‘ston yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan Nexia-2 rusumli avtomobil haydovchisi tezlikni me’yordan oshirishi va boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida velosiped boshqarib kelayotgan 67 yoshli fuqaroni urib yuborgan hamda yo‘l chetida to‘xtab turgan «Moskvich» avtomashinasi va Munis motorolleriga borib urilgan. Oqibatda velosiped haydovchisi olgan tan jarohatlari tufayli voqea joyida vafot etgan. Haydovchi esa bosh miya chayqalishi, chap oyoq boldir qismining yopiq sinishi tan jarohati bilan tuman shoshilinch tez tibbiy yordam shifoxonasiga joylashtirilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Qo‘shimcha qilinishicha, YTHdan keyin viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Saidolim Zingirov boshchiligida avtohalokat tafsilotlari o‘rganilib, hodisaning sabab va oqibatlari jamoatchilik vakillari bilan birgalikda muhokama qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda «prava»si yo‘q 17 yoshli Cobalt haydovchisi avtobus bekati va ikkita Cobalt’ga borib urilgani xabar qilingandi.

Manba:daryo.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!