Amir Temur g‘origa eltuvchi yo‘l nega ayanchli holda qolmoqda? Mutasaddilarning aniq rejasi bormi?

Amir Temur g‘origa eltuvchi yo‘l nega ayanchli holda qolmoqda? Mutasaddilarning aniq rejasi bormi?

Jamiyatdagi muammolar o‘z vaqtida aniqlanmasa, uni bartaraf etish chora-tadbirlari tezkorlik bilan amalga oshirilmasa, vaqt o‘tishi bilan u muammo tuzalmas dardga aylanadi. Buning ortidan esa, avvalo, xalq qiynaladi. Ortiqcha vaqt, mablag‘ va salomatlik ketadi. «KUN.UZ» tahririyatiga kelib tushgan murojaatlardan biri Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanidan yo‘llangan. Unda ko‘plab qishloqlarni tuman markazi bilan bog‘lab turuvchi yo‘l juda ayanchli holatga kelib qolgani, avtomobil egalariga moddiy zarar yetkazayotgani va eng muhimi, sayyohlarni qiziqtirib kelgan Amir Temur g‘origa mana shu yo‘l orqali borilishi kuyunib yozilgan.

Maktubda shunday deyiladi: «Assalomu alaykum. Men Qashqadaryo viloyati, Yakkabog‘ tumani, Kaltako‘l qishlog‘ida tug‘ilganman. Mavzu ham aynan shu tuman haqida. Men ishim tufayli 22 yildan buyon Toshkent shahrida yashayman. Har safar qishlog‘imga borganimda, tuman markazidan toki qishlog‘imizgacha bo‘lgan yo‘lning ahvolini ko‘rib, shu yo‘l bo‘ylab joylashgan qishloqlarda yashayotgan odamlarga ich-ichimdan rahmim kelib, achinib qaytaman.

Ushbu yo‘l ta’mirlanib holatda, yo‘l bo‘ylab yetarli infratuzilma tashkil qilinsa, birinchi navbatda, shu yerda yashayotgan aholining yashash sharoiti bir qadar yengillashardi. Ikkinchidan, daryo bo‘ylab toqqa yaqin joylarda dam olish zonalari tashkil qilinsa, u yerga qancha odam kelib hordiq chiqarishi, qancha odam ish bilan ta’minlanishi mumkin. Uchinchi jihati, hududda ekoturizm rivojlanadi. Hisor tog‘ tizmasida juda ajoyib tabiat go‘zalliklari, sharsharlar mavjud».

"Kun" nashri holat bilan yaqindan tanishishga qaror qildi.

Yakkabog‘ tuman markazidan xuddi shu yo‘ldan yurib, Toshqo‘rg‘on qishlog‘i, undan keyin Amir Temur g‘origa boriladi. Tuman markazidan murojaatchi yashayotgan Kaltako‘l qishlog‘igacha 30 kilometrlik yo‘l bo‘lib, shu masofada 10dan ortiq qishloq joylashgan. Yo‘lning 26-27-kilometrlaridan boshlab, Hisor tog‘ tizmasi etaklari boshlanadi. Ana shu yo‘ldagi o‘nqir-cho‘nqirlar, vahimali jarliklar kishini taajjubga soladi, beixtiyor hayratlantiradi. Eski asfalt u yoqda tursin, hatto u «yo‘l» ko‘rinishini ham yo‘qotgan. "Kun" nashri muxbiri mazkur yo‘lda harakatlanayotgan avtoulov egalarini so‘zga tortdi. Suratga olmaslikni va ismini sir saqlashni iltimos qilgan haydovchilar o‘z dardlarini to‘kib solishdi.

- Tasavvur qiling, 30 kilometrli yo‘lni «Neksiya» mashinasida 1 soatu 20 daqiqada, kezi kelganida bir yarim soatda bosib o‘tamiz. Bu kulgili emasmi? Bu haydovchilarning ham vaqti, ham moddiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydimi? Qilingan murojaatlar besamar ketyapti, chet hudud bo‘lgani uchunmi, hech kim bu yerga e’tibor qaratmaydi, - dedi haydovchilardan biri.

- O‘zimiz qum-shag‘al to‘kib tekislashga harakat qilamiz, ammo yog‘ingarchilik vaqti bari yana rasvo bo‘ladi. Tog‘dan keladigan, ba’zida rostmanasiga selga aylanib ketadigan suv oqimi yo‘llarni battar rasvo qilib tashlaydi. Bizning hech kimga yomonligimiz yoki ichiqoralik joyimiz yo‘q, ammo hokimiyatning bu borada qandaydir rejalari, dasturlari bo‘lsa, oddiy xalqni yig‘ib tushuntirsin, bildirsin, - deydi ulardan yana biri.

Bu muammoga mutasaddilarning munosabati qanday? Ulardan izoh olish uchun sayt Yakkabog‘ tuman hokimiyatiga tashrif buyurdi. Ularni hokimning qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Abdurasul Safarov qarshi oldi. Muammoni tinglagach, bu haqda quyidagicha ma’lumot berdi.

- «Tatar» mahalla fuqarolar yig‘ini, Toshqo‘rg‘on qishlog‘idagi Amir Temur g‘origacha boradigan ichki xo‘jalik yo‘llarini ta’mirlash tegishli mutaxassislar tomonidan o‘rganib chiqilgan. Buning natijasida aniq xulosaga kelingan. Ya’ni, ushbu yo‘lni ta’mirlash uchun O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 14 fevraldagi «Mintaqaviy avtomobil yo‘llarini rivojlantirishning 2017-2019 yillarga mo‘ljallangan dasturi to‘g‘risida»gi PQ-2775-sonli qaroriga asosan mazkur yo‘l manzilli dasturga kiritilgan. Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsam, aynan mana shu yo‘l 2019 yildan boshlab ta’mirlanadi. Chunki bu bilan mahalliy aholining muammosi bartaraf etilishiga erishilsa, boshqa tomondan hududda ekoturizmni rivojlantirishga ham turtki bo‘ladi, - dedi A.Safarov.

Murojaatda aytilganidek, bu yerning tabiati juda chiroyli, havosi tiniq. Hisor tog‘ tizmasi boshlanadigan joyda, tog‘ darasidan Qizilsuv daryosi oqib keladi. Biz tilga olayotgan yo‘lga qariyb yondosh oqadi. Haqiqatan ham bu yerning tabiati manzarasi sayyohlar hayratiga sabab bo‘ladi. Necha yillardan buyon borish qiyin bo‘lgan, taqiqlangan Amir Temur g‘origa sayohat ham nafaqat turistlar uchun, balki o‘zbekistonliklar uchun ham qiziq.

Lekin quruq gap bilan muammolar yechilmaydi. Hech bir maqsad, loyiha yoki reja amalda o‘z isbotini topmas ekan, u quruq gapligicha qolib ketaveradi. O‘ylaymizki, tuman mutasaddilari bu masalaga jiddiy e’tibor qaratishadi va davlat rahbari olib borayotgan siyosatga hamohang harakatlanishadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!